Tojikiston: muxolifat ustidan hukmlar

Tojikistonda 2015 yil sentyabrda hokimiyatni ag‘darishga urinishda ayblanib qo‘lga olingan muxolifat a‘zolari ustidan ilk mahkama nihoyalanib, hukm o‘qilgan.

Dushanbe shahar mahkamasi sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzodaning jiyanini hokimiyatni ag‘darishga tayyorlanish to‘g‘risida xabar bermaganlikda aybdor deb topib, 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

"Abdurahim Nazarovning o‘g‘li va Abduhalim Nazarzodaning jiyani 28 yoshli Alisher Nazarov sentyabr voqealaridan oldin Dushanbe xalqaro aeroportida ishlagan. Biroq amakisi tomonidan qo‘zg‘olon qilish urinishidan so‘ng darhol Rossiyaga chiqib ketgan", deyiladi u haqdagi xabarda.

Alisherning otasi Abdurahim Nazarov 2015 yil 15 sentyabrdagi otishmada halok bo‘lgani aytilgan.

Tojikiston kuch ishlatar tizimlariga ko‘ra, Alisher Nazarov amakisiga sheriklik qilishda ayblanib, qidiruvga berilgan. To‘rt oydan so‘ng Rossiyada qo‘lga olinib, Dushanbega qaytarilgan va jinoyatni yashirganlik moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Dushanbe mahkamasi bundan tashqari Mukomilovlar oilasining uch a‘zosiga general Nazarzodaga tegishli qurolni yashirish bo‘yicha hukm chiqargan. Sadriddin, Najmiddin va Muborak Mukomilovlarga 1,5 yildan 6,5 yilgacha qamoq jazolariga mahkum etilganlar.

Hokimiyatni ag‘darishga urinish
Image copyright newsgid.net
Image caption Генерал Назарзода мамлакатдаги сиёсий ўйинлар қурбони бўлгани айтилади.

2015 yil 4 sentyabrda general Nazarzoda o‘zining guruhi bilan hokimiyatni ag‘darishga uringanligi haqida xabar tarqaldi.

Tojikiston ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, qurollangan guruh Dushanbe va poytaxtdan 20 chaqirim uzoqlikdagi militsiya postlariga hujum qilib, Romit darasiga yashiringan.

Hukumat kuchlari 12 kun davom etgan aksilterror amaliyotlar natijasida general va uning qurolli guruhi yakson qilingani, 14 hukumat askari ham halok bo‘lgani to‘g‘risida aytganlar.

Tojikiston Bosh Prokuraturasiga binoan, hokimiyatni ag‘darishga aloqador 199 kishiga jinoiy ish ochilgan, 40 tasi qidiruvga berilgan.

Biroq general Nazarzodaning o‘ldirilishidan so‘ng, bir qancha kuzatuvchilar bu voqeaga shubha bilan qaraganlar. Ular fikricha, bu amallar Abduhalim Nazarzoda tomonidan rejalanmagan, balki u qandaydir fitnalar qurboni bo‘lganini aytganlar. Nazarzoda 30 foizli kvota asosida hukumat tarkibiga kiritilgan muxolifat vakillaridan u yerda qolayotgan eng oxirgi shaxslardan biri bo‘lgan. Bu muxolifat vakillari hukumat doiralaridagi ba‘zilar uchun hanuz raqib sifatida ko‘rib kelinadi. Shuning uchun uning muxolifatga deyarli hech qanday aloqasi qolmagan bo‘lsa ham siyosiy o‘yinlarda biron shaxsdan xalos bo‘lish tanlovi unga tushgani haqida taxminlar ilgari surilgan.

Image copyright non
Image caption Муҳиддин Кабирий Тожикистон ҳукумати томонидан халқаро қидирувга берилган.

Muxolifatning "Islom Uyg‘onish partiyasi" esa hokimiyatni ag‘darishni amalga oshirishni moliyalashtirishda ayblanib, respublika oliy mahkamasi tomonidan terroristik tashkilotga chiqarilgan.

Ayni paytda "Islom Uyg‘onish partiyasi"ning 13 a‘zosi ustidan mahkama davom etmoqda. Ularning hammasi hokimiyatni ag‘darishga urinishda aloqadorlikda ayblanmoqdalar. Sudlanuvchilarning oila a‘zolari mahkama jarayoniga kiritilmagan.

Islom partiyasining rahbari Muhiddin Kabiriy o‘tgan yil mart oyida o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng o‘ziga nisbatan bosimlar ortidan mamlakatni tark etgan.

Tojikiston muxolifati mamlakatdagi hokimiyat bir inson va uning oila a‘zolari qo‘lida to‘plangani, Prezident Rahmonning o‘zi muxolifatga nisbatan butunlay toqatsizligini ta‘kidlab keladi. Muxolifat a‘zolarining aksariyati chetga chiqishga majbur bo‘lgan, ichkarida qolganlar turli ayblovlar bilan hisbga olingan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq