Rossiya O‘zbekiston qarzlaridan voz kechdi

Image copyright AFP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonning deyarli barcha qarzlaridan kechish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan.

6 aprelda Putin O‘zbekiston qarzlarining qariyb 97 foizini bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qilgan.

Tasdiqlangan hujjat O‘zbekistonni 890 dollar qarz to‘lashdan qutqaradi. Biroq, Toshkent qolgan 25 mln dollarni bir oy ichida to‘lash majburiyatiga ega.

Qonun loyihasida ko‘rsatilishicha, Rossiya tomoni hisobi bilan O‘zbekiston qarzi 890 mln dollarni tashkil qiladi, undan 390 mln dollari foizlardir.

O‘zbekiston hukumati esa faqat 43 mln qarzini tan olgan, bundan tashqari, sobiq Ittifoqning olmos fondidagi ulushga da‘vogarlik qilishi aytilgan.

Qarzlardan kechish bo‘yicha kelishuv Toshkentning sobiq Ittifoq tuzilmalariga barcha da‘volaridan voz kechishni ko‘zda tutadi.

"Muhlati o‘tgan qarzlar"

25 martda Rossiya O‘zbekistonning 865 million dollarlik qarzidan voz kechgani haqida kelishuv kuchga kirgandi.

25 mart kuni Rossiya parlamenti O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi kelishuvni ratifikatsiya qilganidan keyin O‘zbekistonning Rossiyaga bir martada 25 million dollar qarzni uzish haqidagi bitim ham kuchga kirgan.

2014 yili 10 dekabrida PrezidentVladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston qarzidan voz kechish maqsadidagi kelishuv imzolangan edi.

Rossiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, Davlat Dumasi ratifikatsiya qilgan kelishuvga binoan, Rossiya O‘zbekistonning qariyb 865 million dollarlik qarzidan kechadi, O‘zbekiston 25 million dollar to‘lash bilan birga SSSR Olmos jamg‘armasi bo‘lib yuborilgan paytdagi o‘z ulushini berish talabidan voz kechadi.

Rossiya hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning qarzi 2014 yilning 1 noyabrida 889 million 300 ming AQSh dollarini tashkil etgan.

Shundan 500 million 600 ming dollar asosiy qarz, 388 million 700 ming dollar yig‘ilib qolgan foizlari bo‘lgan.

Qarzlarning hammasining muhlati allaqachon o‘tib ketganini aytgan Rossiya rasmiylari.

Lekin O‘zbekiston qarzning asosiy qismi - faqat 43 million 100 ming dollarni to‘lashga rozi bo‘lgan va Rossiya tarafidan SSSR Olmos jamg‘armasidagi 1-2 milliard dollarga baholanadigan ulushini qaytarib berishni talab qilgan.

2014 yil noyabridagi Toshkentdagi muzokaralarda Prezident Putin va Prezident Karimov bir-biriga ilgari surayotgan barcha da‘volaridan voz kechishga kelishganlar.

O‘zbekistonga Rossiya bu qarzini 1992-1993 yillarda bergani ta‘kidlangan.

2014 yil kelishuvi kuchga kirgan kundan keyingi 30 kun ichida O‘zbekiston Rossiyaga 25 million dollar to‘lash majburiyatini olgan.

O‘sha kelishuvda agar to‘lov to‘lanmasa, qarz muddati o‘tkazib yuborilgan deb hisoblanib yillik 3 foizlik Libor stavkasi bo‘yicha jarima qo‘shilib borilishi haqidagi ogohlantirish ham qistirib o‘tilgan.

Rossiyalik siyosatchilar ushbu kelishuv Rossiya bilan O‘zbekiston munosabatlari uchun katta ahamiyatga ega ekanligini urg‘ulaganlar.

Rossiya bundan oldin boshqa davlatlarning sobiq Ittifoq oldidagi qarzlaridan voz kechganini bildirgan. Jumladan, Shimoliy Koreyaning 11 mlrd dollar, Kubaning 31 mlrd dollar qarzi bekor qilingan edi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq