Tojikistonlik sobiq jangari: ‘Biz IShID uchun qurbonlik edik’

Agar, rasmiy raqamlarga tayanilsa, bugun Suriyada IShID saflarida jang qilayotgan tojikistonliklarning soni mingdan ortadi.

Yaqin Sharqda o‘z islomiy xalifatiga asos solgan bu guruhning faoliyati Tojikistondan tashqari dunyoning qator davlatlarida, jumladan, Britaniya va Rossiyada ham taqiqlangan.

Tojikistonlik mas‘ullarning aytishlaricha, jihodchilar safida bo‘lgan 300 ga yaqin fuqarolari allaqachon janglarda halok ham bo‘lishgan.

Tojikistondan Suriyaga asosan 19 dan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ketishmoqda.

Ustiga ustak, bu kabi xatarli sayohatga butunboshli oila bo‘lib yo‘l solayotganlari ham oz emas.

IShID, bundan tashqari, Rossiyada mehnat muhojirligida band tojikistonliklar hisobidan ham o‘ziga yangi a‘zolar yollashga urinmoqda.

O‘tgan yili Tojikiston Jinoyat Kodeksiga tuzatish kiritilgan, unga muvofiq, jihodchilar safini o‘z ixtiyori bilan tark etib, ortga qaytishga qaror qilgan mamlakat fuqarolarining avf etilishlari aytilgandi.

Ammo, mavjud tartib-qoidaga muvofiq, bu kabi shaxslar Tojikistonga qaytgach, bir necha oy SIZO da saqlanadi.

Mamlakat Ichki ishlari vazirligi, Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi va Bosh prokuratura vakillari tomonidan so‘roq qilinadi.

Orada kechgan vaqt davomida esa, bu kabi tojikistonliklarning soni qariyb 200 kishini tashkil etgan.

Poytaxt Dushanbedan uncha uzoq bo‘lmagan Vahdat shahrilik 30 yashar Bobojon Qoraboyev ana shunday insonlardan biri.

Moskvada taksi haydovchiligi bilan shug‘ullangan.

Ammo yo‘lovchilaridan biri IShID yollovchisi bo‘lib chiqadi va u alal-oqibat Turkiya orqali Suriyaga ketadi.

Bobojon Tojikistonda to‘liq o‘rta maktabni tugatgan.

Maktabni bitirib, harbiy institutga o‘qishga kirgan.

Oilaviy sharoiti tufayli, tahsilini tashlab, to‘rt tanga ilinjida Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketishga majbur bo‘lgan. U yerda qariyb 10 yil yashagan.

Suriyada esa, hammasi bo‘lib to‘rt oycha bo‘lgan. Avvaliga qadimiy Palьmira shahriga kelib joylashgan.

Bobojon Qoraboyev bilan Bi-bi-si Rus Xizmati muxbiri Anora Sarkorova suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan:

Image copyright AFP

Bobojon Qoraboyev: 2015 yilning yozida men va IShID saflariga yangi yollangan yana 150 kishini uchta avtobusga solib, Palьmira shahriga keltirishdi. Palьmira o‘sha paytda IShIDning qo‘lida edi. Jangarilarning harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazuvchi jamlog‘i shaharning tarixiy qismidan uch chaqirimcha uzoqlikda joylashgandi. Jamloqni IShIDning maxsus bo‘linmasi yuritardi. Rostini aytsam, Palьmiraning qadim tarixi haqida ko‘p narsa bilmasdim. Ammo, shaharni ko‘rgach, uning go‘zalligidan hayratga tushdim. Hashamatli ustunlar, arklar, palьmalar...Shaharning qandaydir xos fazosi bor edi. Ammo shaharning har ikki: ham tarixiy va ham zamonaviy qismi janglardan nihoyatda katta zarar ko‘rganligi shundoqqina kaftdek ko‘zga tashlanib turardi. Palьmira ko‘chalarida chilparchin bo‘lgan ustunlarning bo‘laklari sochilib yotar, atrofdagi hamma narsa xarobaga aylangandek ko‘rinardi. Men bu yerning qayerligini arab yo‘riqchimizdan so‘radim. U menga bu joyning Palьmira shahri ekani, yaqinda o‘zlari bosib olib, buzib-vayron qilishganini aytdi. Shundayin qadimiy obidalarni vayron qilishning nima keragi bor edi, desam, dinimizga to‘g‘ri kelmaydi, shu bois ham, neki kufr bo‘lsa, yakson etilishi kerak, dedi. Ammo keyinchalik faqat pullab bo‘lmaydigan narsalarninggina vayron qilingani, qimmati bor neki bo‘lsa, allaqachon sotib yuborilganini sezdim. Bu ishga qo‘l urganlarni esa, muzey osori-atiqalarining qanchalik dinga muvofiq kelishi yoki yo‘qligi zarracha ham qiziqtirib o‘tirmaganligi ayon edi. Diniy qarashlarini bir chetga yig‘ishtirib, imkoni bo‘lgan hamma narsadan pul qilishga intilishgan. Buni yana anglab turib, o‘zlarining qanchalik shafqatsiz ekanliklarini namoyish etish, o‘z kuchlarini ko‘rsatib qo‘yish va odamlarning ko‘ngillariga qo‘rquv solish uchun qilishgan. Ular o‘zlarini go‘yoki Islomning nomidan ish tutayotgandek qilib ko‘rsatishadi. Ammo IShID jangarilari Suriyada qilgan ishlarni aytsam, ularning hech biri nafaqat Islom, balki biror bir dinga to‘g‘ri kelmaydi. Men Palьmirada uncha ko‘p bo‘lmadim. Ammo bizni tutib turgan shart-sharoitlarga chidab bo‘lmasdi. Issiq, ochlik, tashnalik...Alal-oqibat men chidab turolmadim. Noroziligimni izhor eta boshladim. Hech qancha vaqt o‘tmay, qilgan ishim uchun meni qamoqxonalariga tashlashdi. Qamoqxona ham shundoqqina yonginamizda joylashgan va menga o‘xshagan norozilar uchun mo‘ljallangandi.

Bi-bi-si: Endi, tayyorgarlik jamlog‘ida sizlarga nimalarni o‘rgatishdi?

Bobojon Qoraboyev: Tayinli hech bir narsani. Bu tayyorgarlikdan ko‘ra ko‘proq o‘ziga xos bir sinov muddatiga o‘xshab ketardi. Menimcha, ular bizning qanchalik urush og‘irliklariga dosh bera olishimiz, o‘zlariga ma‘qul odammi, yo‘qligimizni bilishni istashardi. Men bilan birga kelgan 150 odam orasidan faqat uch nafarimiz tojikistonlik edik. Qolgan barchalari arablardan iborat, keyin bir nafar yamanlik tarjimon ham bor edi. Hammamiz tengdosh – 25 va 30 yoshlar oralig‘ida edik. Bizga kuniga bir shisha suv va yetti dona anjir berishardi. Goh-gohida maxsus sovutgich o‘rnatilgan juda qimmatbaho mashinada qo‘mondonning o‘zi kelib, ahvoldan boxabar bo‘lib ketardi. Menga o‘xshab Suriyaga kelib qolgan yigitlar aksariyatining muammomiz shunda ediki, biz ularning yaxshi ish, adolatli davlatga oid gaplariga uchganmiz. Ammo o‘zimiz bu yerga kelib guvoh bo‘lgan holat butkul boshqacha bo‘lib chiqdi.

“Ish muammosi. Inqiroz”

Bi-bi-si: Siz IShIDning yollovchisi bilan qanday qilib tanishib qoldingiz?

Bobojon Qoraboyev: Men 10 yilcha Rossiyada ishladim. Avvaliga Samaradagi restoranlarning birida oshpazga yordamchilik qildim. Keyin Moskvada o‘zimga mashina sotib oldim. Shaxsiy yo‘lda kirakashlik qilib, pul ishlay boshladim. Keyin Peterburgga ketdim. Menga sayohat qilish yoqardi. Odamlarni Suriyaga yuborish bilan shug‘ullanuvchi yollovchi bilan tasodifan tanishib qolganman. Bir necha marta mashinamga chiqqan. Asli tojikistonlik. Ismini menga Abdurahmon, deb tanishtirgan. Doimiy mijozimga ham aylanib qolganidan, tez-tez gaplashib turardik. U menga Suriya haqida gapirib berardi. Doimo Tojikistondagi adolatsizliklardan so‘z yuritar, Rossiyada har xil videolarni qo‘yib berardi.

O‘sha paytda men ham puldan ancha qiynalib qolgandim. Rossiyadagi inqiroz bizning ishimizga ham ta‘sir qilgandi. Shunda boyagi odam menga Suriyaga borishni taklif qilib qoldi. Borasan, ko‘rasan, balki, ko‘proq pul ishlab olarsan, yoqmasa, qaytib kelaverasan, hech bir muammo bo‘lmaydi, dedi. O‘sha paytda men Suriya bilan umuman qiziqmasdim. Bu mamlakat haqida eshitgan-bilganlarim faqat televizor orqali berilayotgan xabarlardan iborat edi, xolos. IShID haqida ham xuddi shunday. Berilayotgan yangiliklardan boshqa bu guruh haqida hech narsa bilmasdim. Ularning yollovchisi esa, Suriya anchayin tinchib qolgani, IShID nazorati ostidagi hududlarda turli fabrika va korxonalar ishlab yotgani, shunday ekan, borib, bemalol pul ishlab, qaytishim mumkinligini aytdi. Yollovchilar(keyinchalik men ulardan yana biri bilan tanishgandim. Unisining ismi Xalil edi) juda usta psixolog bo‘lishadi. Ular og‘ir ahvolda qolgan odamlarni o‘zlarining o‘ljalari sifatida tanlashadi. Ishsizlik, mavqeingizning noqonuniyligi, mahalliy huquq-tartibot xodimlarining tahqirlari, taqirboshlar, adolatsizlik esa, yollovchilar uchun yaxshigina manba vazifasini bajaradi. Ular sizni shunday zombiga aylantirib tashlashadiki, ortiq nima rost, nima yolg‘on ekanini farqlay olmaslik darajasiga borasiz. Yollovchilarning har bir so‘ziga ishonib qolasiz. Aqlingiz esa, ancha kech, ortiq hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydigan bir paytda kiradi. Yollovchi uchun esa, odamlarni yollash – ish. U ana shu faoliyati orqasidan pul topadi. Meni IShID saflariga yollagan odam Misrda tahsil olgan. O‘sha yerda qarashlari mutaassiblashgan. Uni yollovchilikka maxsus tayyorlashgan. Hamma ijtimoiy muloqot tarmoqlarida ularning o‘z sahifalari bor. Ular o‘z akkauntlariga kirgan va qiziqish bildirib qolgan barcha bilan muloqotga chiqishadi. Pulsiz, nochor ahvolda qolgan insonlar esa, birinchilardan bo‘lib ularning o‘ljasiga aylanishadi. Suriyada ekanman, bir kun nega meni bu kuylarga solding, deb, yollovchimga qo‘ng‘iroq qilishga ahd qildim. U bo‘lsa kulib, seni tez orada o‘ldirishadi, juda ishonuvchan, sodda odam ekansan, bu – mening ishim, men senga o‘xshaganlardan qanchasini Suriyaga yuborganman, deya javob berdi. Yana, menga o‘xshagan odamlarning hech kimga keragi yo‘q ekani, taqdirimizda bitilgani – nom-nishonsiz o‘lib ketish ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Bi-bi-si: Safar xarajatlarini kim ko‘tardi?

Bobojon Qoraboyev: Tabiiyki, menda unday pul yo‘q edi. Ammo bu muammo emas ekan. Menga chiptani o‘zlari olib berishdi, Turkiya-Suriya chegarasigacha bo‘lgan yo‘l xarajatlarini ham avvaldan to‘lab qo‘yishdi. Bizni Istambulda kutib olishdi. Keyin Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Gaziantep shahriga olib ketishdi. Taksida 18 soatlik yo‘l ekan. O‘tgan yilning aprel oylari oxirlari edi. Suriya tomonida bizni boshqa mashinalarga joylashtirishdi. Ruscha gapiruvchi bir dog‘istonlik yigit kutib oldi. Pasport va uyali telefonlarimizni olib qo‘ydi. Menga bu yer yoqmadi, ketaman, desam, birodar, bu yerdan ortga yo‘l yo‘q dedi, u xuddi mazax qilgandek. Shunda meni aldashgani va nimalarga aralashib qolganimni anglab yetdim. Biz bilan birga Turkiyadan Suriyaga kesib o‘tganlarning soni esa, bir necha yuzga yetardi.

“Ochiq tuynuk”

Bi-bi-si: Suriya-Turkiya chegarasini kesib o‘tish shunchalar osonmi? Qayerga ketayotganingizni bilib ham, sizlarni olib borib qo‘yishga rozi bo‘ladigan kirakashlarni topish qiyin emasmi?

Bobojon Qoraboyev: Biz Turkiya-Suriya chegarasini bemalol kesib o‘tdik. Ancha uzoqda turkiyalik chegarachilar va harbiylarning kazarmalari ko‘zga tashlanib turardi. Ammo o‘zaro chegaraning biz o‘tgan qismida hech kim yo‘q edi. Ustiga ustak, kattagina tuynuk ochilgan bo‘lib, odamlar xotirjam o‘tib-qaytishardi. Nega bundayligiga aqlim yetmadiyu, ammo mazkur holatning tasodifiy emasligiga ishonchim komil edi. Istambulda esa, yollovchilarning tanish taksichilari bor. O‘shalar sizni Suriya chegarasigacha eltib qo‘yishadi. Ular qilayotgan ishlarini, kimni, qayerga eltishayotganini yaxshi bilishadi. Chegaradan kesib o‘tayotganimizda esa, taksichim, hatto, meni va hujjatlarimni suratga olib, ko‘z oldimda yollovchimga jo‘natib yubordi. Menimcha, taksichi shu yo‘l bilan unga hisob beradi va xizmat haqqini oladi. Birlari bizni chegaragacha eltib qo‘yishgani, boshqalari esa, “xavfsiz tuynuk” ochib berishgani uchun pul ishlashadi. Chunki bu hudud qo‘riqlanuvchi va yopiq ekaniga qaramay, biz bamaylixotir chegarani kesib, Suriya tomoniga o‘tdik. Bizni chegaragacha ikkita taksida olib kelishdi. Ularning orasida erkaklardan tashqari, ayollar va bolalar ham bor edi. Men u yerda Qirg‘iziston fuqarolarini ham ko‘rdim.

Image copyright AP

Ertasi kuni bizni Raqqaga olib ketishdi. Yo‘lda oltita nazorat nuqtasiga ko‘zim tushdi. Ammo ulardan birortasida bizni to‘xtatishmadi: biz tushgan mashina ham, bizga hamkorlik qilayotgan dog‘istonlik ham ularga yaxshi tanish edi. Yarim oycha meni yerto‘lada saqlashdi. U yerda mendan tashqari yana ikki yuztacha odam bor edi. Hammasi menga o‘xshab yaqinda kelgan, yosh yigitlar edi. Oralarida frantsuzlar, ispanlar, arablar va ruslar ham bor edi. Yerto‘lada ulardan biri bilan tanishib qoldim. Kaliningraddan ekani, yaqinda Islom dinini qabul qilganini aytdi. Menga ruscha ismini aytmadi, o‘zini Abu Talxa, deb tanishtirdi. Bizga kuniga bir mahal guruchli bo‘tqa berishardi. Bir oycha har birimiz haqimizda ma‘lumot yig‘ishdi. Odam juda ko‘p edi. Chunki yerto‘lada qoplab pasportlar, uyali telefonlar va boshqa shaxsiy buyumlarga ko‘zim tushdi. Chunki bunga o‘xshash narsalarni yangi kelganlardan yig‘ishtirib olishadi, sizni tekshirib bo‘lishgach, shaxsiy ma‘lumotlaringiz bitilgan bitta qog‘oz berishadi. U sizning yangi hujjatingiz sanaladi.

Bi-bi-si: Tanishuv jarayonida shaharga chiqish, u yerdagi vaziyatni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish va mahalliy aholining hayot tarziga ham nazar tashlash imkoni bo‘ldimi?

Bobojon Qoraboyev: Yo‘q. Bizni yerto‘ladan tashqariga chiqarishmadi. U yerda tartib-intizom juda qat‘iy. Hech kim hech narsaning fahmiga borolmaydi. O‘sha yerda ilk bor bir tunislik yigitchani o‘ldirishganiga o‘z ko‘zlarim bilan guvoh bo‘lganman. U biz bilan birga kelganlardan edi. Josus ekan, deb aytishdi. Ammo kim noroziligini oshkora izhor etishni boshlasa, darhol qatl etishar yoki zudlik bilan qamoqxonaga tashlashardi. Hech bir tanqid va biror bir savolga o‘rin yo‘q edi.

Raqqadan bir guruh odamlarni Tabxaga olib ketishdi. Bu yer IShID saflariga yangi yollangan rusiyzabonlar uchun mo‘ljallangan ekan. Shu bois, men ham Tabxaga tushdim. Jamlog‘imiz ham o‘sha joyning o‘zida joylashgan ekan. U yerda bizga qurol-yarog‘ ishlatishni o‘rgatishdi, jismoniy mashqlar qilardik, keyin qisqa muddatli harbiy saboq ham oldik. Bizga pul to‘lashmasdi, kuniga bir mahal ovqat berishardi, xolos. Mashqlarimiz tugagach, bizni taqsimlashga kirishishdi. Ammo o‘sha paytga kelib, men bilan birga Tabxaga keltirilgan 20 nafar tojikistonlikdan to‘rttamiz omon qolgandik, xolos. Bizga aytishlaricha, ular yo otishma va yoki portlash ostida qolib, halok bo‘lishgan. Tabxada bizga o‘xshagan yangi yollanganlarni faqat ikki oygacha ushlashadi, xolos. Vatandoshlarimning aksariyati esa, menga o‘xshagan Rossiyadan yollangan mehnat muhojirlari edi. Ularning hammasi Suriyaga kelishganidan juda afsusda edilar. Barchalari ortga – vatanga qaytishni orzu qilishardi. Hech kimning jang qilgisi va o‘lgisi yo‘q edi. Chunki hech birimiz nima uchun jang qilayotganimizni bilmasdik. Men boshqa vatandoshlarimdan ham IShID saflariga qanday qilib tushib qolishgani haqida so‘raganman. Ulardan birining menga aytishicha, bankdan qarz olgan, ammo uni qaytarishning uddasidan chiqa olmagan. Yollovchi esa, Suriyaga borsang, qarzlaringni biz yopamiz, deb va‘da qilgan. Ammo, hech qancha vaqt o‘tmay, bechora o‘lib ketdi. Tojikistonda ikkita bolasi va to‘lanmagan qarzi qolib ketdi. Qarzidan ham qutulolmadi. Hamma qo‘rquv va vahima ichida edi. Nima uchun ham Suriyaga keldik, deyishardi. Ammo bir-birimiz bilan ko‘p muloqot qila olmasdik. Agar kimdir boshqa birovimizning keragidan ortiq siridan ogohligini bilib qolishsa, o‘ldirishardi. O‘limga yo‘llangan shaxsdan boshqa siz u yerda hech kim edingiz.

Bi-bi-si: IShID nazorati ostida bo‘lgan hududlardagi hayot qanday ekan? Tasvirlab bera olasizmi?

Bobojon Qoraboyev: Tabxada bir mash‘um voqeaning guvohi bo‘lganman. Bir mashina kelib to‘xtadi. Ichidan 25 yoshlar chamali bir yigitchani olib chiqishdi. Bitta qog‘ozga bitilgan hukmni o‘qishdi-da, boshini tanasidan judo qilishdi. Shundoqqina shaharning markazida. Meni hayratga solgani hech kimning pinagini buzmagani bo‘ldi. Hamma bu kabi yovuzliklar, qon va o‘limga ko‘nikib qolgan. Qayerdadir yon-atrofda janglar borar, bu yerda IShIDning nomidan odamlarning kallasini olishar, osishar ekan, odamlar bemalol o‘tib-qaytar va kundalik yumushlari bilan band bo‘lishardi. Xuddi hech kimga hech narsa ta‘sir qilmayotgandek taassurot paydo bo‘lardi. Eng hayratlanarlisi, hatto, qatl etilishga olib ketilayotgan odamlarning ham sassizligi edi. Ulardan birortasi baqirmas, yolvormas, qotillarini o‘z fikrlaridan qaytarishga harakat qilishmasdi. Buning foydasiz ekani, bu kabi odamlar bilan gaplashib ko‘rishning biror bir foydasi yo‘qligini anglab turishardi. Chunki ularning ko‘ngillarida rahm-shafqat uyg‘otishning o‘zi ilojsiz bir narsa edi. Ular uchun biz shunchaki insoniy mahsulot, qurbonlik, quldan o‘zga narsa emasdik. Mutlaq qonunsizlik muhiti hukmron edi. Tabassum qilish, kulish, uyali telefonda biror bir o‘yin o‘ynashingiz mumkin emasdi. Bir-biringiz bilan muloqot qilishingiz ham xushlanmasdi. Buning uchun sizni jazolashlari ham mumkin edi. Kitob va gazeta umuman ko‘zga tashlanmasdi. Odamlar dunyo bexabar yashashardi. Shahar aholisi esa, imkon qadar ko‘chaga chiqmaslikka harakat qilardi. Xotin-qizlar mutlaq o‘ranib olishgan. Erkaklar o‘z yumushlari bilan band edi. Bolalarni maxsus maktablarga olib ketishardi. Men bu harbiylashtirilgan maktablarda, hatto, ikki-uch yashar go‘daklarni ham ko‘rganman. Suriyaga oilasi bilan kelganlar uchun esa, ortga yo‘l butkul yopiq edi. Chunki bolalarini IShID jangarilari olib qo‘yishadi. Ularning nazdlarida bolalar – IShIDning mulkidir.

Jang uchun 50 dollar

Image copyright AP

Bi-bi-si: Siz qanday qilib qochishga muvaffaq bo‘ldingiz?

Bobojon Qoraboyev: Men Suriyada ja‘mi to‘rt oycha bo‘ldim. Ammo ilk kelgan kunimdan boshlaboq qochish rejasida bo‘lganman. Ammo hech kimga aytmaganman. Hatto, o‘z bo‘linmadagilarimga ham. Chunki hech kimga ishonib bo‘lmasdi. Agar, kimgadir o‘z rejang haqida aytib qo‘ysang va bu haqda bilib qolishsa, o‘sha odamni, u chaqib berishga ulgurgan bo‘lsa, seni o‘ldirishardi. Shu bois ham, hech kim hech kimga miq etmasdi. Bir-birimiz bilan faqat imo-ishora orqali muloqot qilardik. Mahalliy aholiga murojaat qilish ham foydasiz edi. Ularning IShIDni ko‘rarga ko‘zlari yo‘q. O‘zlarining ozod qilinishlarini kutib yotishibdi. Aslida ham, bu odamlarni nima uchun yaxshi ko‘rish kerak? Shaharlarni vayron qilib, yaqinlaringizni qatl etishgani uchunmi? IShID nazorati ostidagi hududlarda boshboshdoqlik hukmronlik qilgani bois, odamlarda qo‘rquv tuyg‘usi kuchli. Salgina xato uchun qatl etilishingiz mumkin. O‘zim tanishish va gaplashishga muvaffaq bo‘lgan aksariyat sobiq Sho‘ro davlatlari fuqarolari ham o‘zlarini aldangan his etishardi. IShID jangarilari sodir etayotgan vahshiyliklar ularni ruhan larzaga solgan. Ulardan ko‘pchiligi bu – musulmonlarning ishi emas, deb oshkora aytmoqchi ham bo‘lishgan. Qilgan jur‘atlari uchun ulardan ayrimlari qamoqxonaga tashlangan, boshqalari o‘ldirilgan. Jang qilishni istaysanmi-yo‘qmi, deb ham birov sendan so‘rab o‘tirmaydi. Shundoqqina urush jabhasiga olib borishadi, qo‘rol-yarog‘ berishadi. O‘ldir, deyishadi. Biz u yerda jonli nishon edik. Amirlarimiz(qo‘mondonlarimiz) asosan dog‘istonlik va chechenlar edi. Ular qaytib borsangiz, sizlarni jinoiy javobgarlikka tortishadi, deb bizni qo‘rqitishardi. Men faqat bir marta jangda ishtirok etganman. Shunda ham, qanday qilib omon qolganimni bilmayman. Bo‘linmamiz shiddatli otishma ostida qolgan. Hatto, boshimni yerdan ko‘tarib, yon-atrofimga ham qarolmaganman. O‘sha jangda o‘zim bilgan ko‘pchilik tanish-bilishlarim halok bo‘lishgan. Ularning bir marta qarshi o‘t ochishga ulgurishganiga ham ishonmayman. Bizni jonli qalqon sifatida jabhaning old saflariga tashlashar, yaqqol o‘limga yo‘llashardi. Jangdan omon qolganlarga esa, 50 dollar berib, sovun va kir yuvish kukuni olib, o‘zlaringni tartibga keltirib olinglar, deyishardi.

Bir kun kutilmaganda ko‘zim taksi haydovchisiga tushib qoldi. Shartta yoniga bordimu, meni chegaragacha eltib qo‘ya olmaysizmi, deb so‘radim. Pul berdim. Nazorat nuqtasida esa, islomiy xalifatda menga berishgan hujjatni ko‘rsatdim. O‘tkazib yuborishdi. Yangi yollanganlarni chegarada kutib oladi, deb o‘ylashdi shekilli. Yarim tunga yaqin chegarani kesib o‘tdim. Bu gal ham chegaraning narigi tomonida hech kim yo‘q edi. Hatto, simto‘siqning qorasi ham ko‘zga tashlanmasdi. Biydek yaydoq joy edi. Bir soatcha piyoda yo‘l bosib, odamlar yashaydigan qandaydir joyga yetib oldim. Odamlardan politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib berishlarini so‘radim. Kurdlar bo‘lsa-chi, deb juda qo‘rqdim. Chunki ular meni o‘ldirishlari mumkin edi. Turkiya politsiyasiga tojikistonlik ekanimni aytdim, ammo Suriyaga bormoqchi bo‘lganu, fikridan qaytgan odam sifatida tanishtirdim. Meni Tojikiston elchixonasiga topshirishdi. Elchixonadagilar hujjatlarimni to‘g‘rilab, ortga qaytarib yuborishdi. Tojikistonda esa, mas‘ullarga o‘z ixtiyorim bilan taslim bo‘ldim va hamma gapni aytib berdim. Tekshirishdi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari men bilan gaplashishdi, shaxsimni aniqlashgach, qo‘yib yuborishdi. Tojikistonlik mas‘ullar o‘z va‘dalarining ustidan chiqishdi. O‘z ixtiyori bilan ortga qaytganlarni jinoiy javobgarlikdan soqit etishdi.

Bi-bi-si: Suriyada ekaningizdan oilangizning xabari bormidi?

Bobojon Qoraboyev: Bu narsa ularning hatto xayollariga ham kelmagan. Faqat Tojikistonga qaytganimdan so‘nggina bu haqda xabar topishdi. Onam kasalxonaga tushib qoldilar. Moskvada ishlaydigan akamni esa, Olmoniyaga ketayapman, biznes bilan shug‘ullanmoqchiman, mashina olib kelaman, deb aldadim. Oilamga shuncha dardu alam yetkazgan bo‘lsam ham, ular meni qo‘llab-quvvatlashadi. Hayotimni yo‘lga qo‘yib olishim uchun qo‘llaridan kelgancha ko‘mak berishga urinishayapti. Men ham jamiyat, ham oilam va ham vatanim oldidagi aybimni his etib turibman. Qo‘shnimlarimning munosabati esa, turlicha bo‘ldi. O‘zimning Suriyaga borish qarorimdan ming marta pushaymon bo‘ldim.

Menga o‘xshaganga kim ham qiz berardi?

Bi-bi-si: Hozir hayotingiz qanday kechmoqda?

Bobojon Qoraboyev: Hayotimni yangitdan qurishni juda-juda istayman. Hamma narsani unutishni xohlayman. Bu – oson emas. Ortga qaytgim, hamma narsani o‘zgartirishni qanchalar istashimni bilsangiz edi...Ammo, bilaman, buning hech bir iloji yo‘q. Hayotimni shu o‘tmishim bilan davom etdirishim lozim bo‘ladi. Tojikistonda hamma do‘stlarim, sinfdoshlarim mendan yuz o‘girishdi. Ko‘cha-kuyda ham meni ko‘rib, o‘zlarini ko‘rmaganga solishadi. Ularni ham tushunaman. Hatto, o‘zim ham ko‘chaga chiqishga uyalaman. Xijolat va dardu alamdaman. Deyarli hech kim bilan gaplashmayman.

Judayam oila qurish istagim bor. Ammo uydagilarim og‘iz solgan hamma qizlar rad javobini berishdi. Mendek odamga kim ham qizini berardi?

Bundan tashqari, Tojikistonda, baribir, qora ro‘yxatda turaman. Menga qaytib ishonishlari uchun hali ko‘p ish qilishim kerak. Turli ig‘vo va shubhayu gumonlardan xavotirdaman. Yana mendan foydalanishmasin, deb qo‘rqaman.

Suriyadan kelayotgan xabarlarni izchillik bilan kuzatib boraman. IShID ustidan qozonilayotgan muvaffaqiyatlardan quvonchimning cheki yo‘q. Dunyoqarashimda ham ko‘p narsa o‘zgardi. Men bu odamlarning Islomdan qanchalik nafratlanishlarini tushunib yetdim. IShID jangarilari – urush uchun ataydan tayyorlangan odamlar. Islom, din esa – ular uchun bir niqob. Ularning ta‘siriga tushib, aldanib qolayotgan yosh yigitlarga rahmim keladi.

Bu – jihod emas. Suriya urushi bu – katta biznes, pul, kimlarningdir manfaatlari degani. Boshliqlari, qo‘mondonlari, yollovchilari o‘z vazifalarini bajarib berishadi va buning ortidan pul ishlashadi. Oddiy jangarilar, ya‘ni, ularning aldovlariga uchgan yosh-yosh yigitlar – qurbonlikka aylanishadi. IShID liderlari shafqat nimaligini bilishmaydi, ularda na-da insoniylik va na-da biror bir qadr-qimmat tushunchasi bor. Men qilgan xatoni boshqa hech bir kim takrorlamasligini istayman. Haliyam omadim kulib boqdi, omon qoldim. Ammo ko‘pchilik o‘z yaqinlarining ko‘ngillarini tilka-pora qilib, kim va nima uchun ekanligini bilmay, o‘lib ketishadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/1RWaATf
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/1TzgAUw)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq