Panama Hujjatlari: Qozoq Prezidentining mulkdor nabirasi

Image copyright occrp
Image caption Nurlan Aliyev Qozog‘istonning eng boy odamlaridan hisoblanadi

Panamadagi Mossack Fonseca yuridik kompaniyasidan sizib chiqqan ma‘lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning oila a‘zolari soliq panohlarida pullarini yashirib keladilar. Bu haqda Uyushgan jinoyat va korruptsiya haqida xabar tarqatish loyihasi (OCCRP) o‘zining "Qozog‘iston: Prezident nabirasi o‘zining mulkini ofshorda yashirgan" degan maqolasida yozadi. Quyida Bi-bi-si maqolaning qisqacha mazmuni bilan tanishtiradi.

Uyushgan jinoyat va korruptsiya haqida xabar tarqatish loyihasi (OCCRP) qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Prezident Nazarboyevning nevarasi Nurali Aliyev Qozog‘istonda iqtisodiy inqiroz hukm surgan davrda o‘z pullarini va hashamatli mol-mulkini ofshor hisoblarida ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Prezidentning qizi Darig‘a Nazarboyevaning o‘g‘li bo‘lmish Nurali Aliyev Britaniya Virgin orollarida ikki shirkatga egalik qilgan, hamda o‘z bank hisobi va yaxtasini boshqarish uchun ofshor hisoblarni yuritgan.

Aliyev janoblari OCCRP va ICIJ ushbu mulk haqidagi savollarini javobsiz qoldirdi.

Oilaviy "biznes"

Nurali Aliyev o‘z avtobiografiyasida yozishicha, 19 yoshida Qozog‘istondagi eng yirik shakar ishlab chiqaruvchi "Saxarnыy tsentr" shirkatiga prezident etib tayinlangan. Shirkatga uning otasi Rohat Aliyev egalik qilgani xabar qilingan.

Prezidentning sobiq kuyovi Rohat Aliyev bir vaqtlar Qozog‘iston siyosatidagi eng yetakchi arboblardan biri edi. U qator yuqori darajali mansablarga tayinlangan, jumladan soliq politsiyasi rahbari, milliy xavfsizlik xizmati rahbari muovini, tashqi ishlar vaziri muovini va elchi vazifalarini bajargan. Ayni damda u matbuot, bank va qishloq xo‘jalik sohalarida ko‘plab shirkatlarning bilvosita egasi bo‘lgan.

2007 yilda Rohat Aliyev prezident bilan kelisholmay qolishi ortidan mamlakatni tark etgan. Qotillikda ayblangan Aliyev o‘tgan yil fevralida Avstriyadagi qamoqxonada qo‘lbola dordan osilgan holda topilgan.

Ammo, Nurali Aliyev o‘z bobosi bilan hech qachon urushmagan, hamda o‘z otasining boyliklari va mavqeini meros qilib olgan. 2006 yilda u Qozog‘istonda eng yiriklardan hisoblangan Nurbank rahbari muovini bo‘ldi, 2007 yilda esa o‘zi va onasi hissador bo‘lishlari ortidan Nurali Aliyev Nurbankning direktoriga aylandi.

2013 yilda Forbs Nurali Aliyevning boyligini 200 million dollar deya qayd qilgan va mamlakatdagi 32-eng boy shaxs deya xabar qilgan edi.

2014 yil dekabrida u 29 yoshida poytaxt Astana hokimining muovini etib tayinlangan. Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan oy u ushbu lavozimni tark etgan.

Ofshor hisoblar

"Panama hujjatlari"ga ko‘ra, 2014 yil 15 sentyabrida Britaniya Virgin orollarida qayd qilingan "Alba International Holdings" shirkati yangi ega qo‘liga o‘tgan.

"Alba International" tokcha shirkati (shelf company) bo‘lgan, ya‘ni u hech qanday biznes olib bormagan va kerak bo‘lib qolguncha, "tokchada turgan".

Tokcha shirkatlari odatda mijozlar bir necha shirkatlar orasida pulni tezroq o‘tkazish zaruratini ko‘rganida, yoki kredit olish uchun ariza topshirayotganida, yoki sarmoyadorlarni qidirganida tuziladi.

Alba egasi deya Britaniya Virgin orollarida qayd etilgan yana bir shirkat - "Invigorate Group" ko‘rsatilgan, biroq bu shirkat haqida hech qanday ma‘lumot yo‘q. Ammo "Alba International"ning hujjatlarida shirkatga aslida kim egalik qilishi va foyda ko‘rishi haqida ma‘lumot bor. Hujjatlardagi foto, tug‘ilgan sana va yil, hamda ismga qaralsa, bu Nazarboyevning nevarasi ekani kundek ravshan, deb yozadi Uyushgan jinoyat va korruptsiya haqida xabar tarqatish loyihasi (OCCRP) o‘zining "Qozog‘iston: Prezident nabirasi o‘zining mulkini ofshorda yashirgan" degan maqolasida.

Maqolaga ko‘ra, qog‘ozda "Alba International"ga Dubayda yashashi aytilgan 33 yoshli Asqar Tarabayev egalik qiladi. U Qozog‘iston davlatiga tegishli Agrar kredit korporatsiyasi raisining sobiq muovini Baltash Tarabayevning o‘g‘lidir. Baltash Tarabayev 2011 yilda qalloblik va mansabini suiste‘mol qilishda aybdor deb topilgan, ammo jazosi bekor qilingan.

Ko‘chmanchi yaxta

Hujjatlarga binoan, prezidentning nevarasi o‘zining yaxta xaridini yashirishga uringan.

2008 yil aprelida Britaniya Virgin orollarida uch oydirki qayd qilingan "Baltimore Alliance Inc." qarz orqali 23 metrli yaxtani sotib olgan.

Hujjatlarda uning narxi qayd qilinmagan, ammo yap-yangi ekani haqida ma‘lumot bor. Xuddi shunday yaxta bozorda 1,8 million dollar turgan.

Mossack Fonseca hujjatlarida aytilishicha, Aliyev yaxtaga o‘zi nom bergan - "Nomad" - ya‘ni "Ko‘chmanchi".

Ammo, tergovchi jurnalistlarga ko‘ra, Nurali Aliyev o‘zining yangi o‘yinchog‘i bilan o‘ynash baxtiga muyassar bo‘lmadi.

2008 yil noyabrida Italiyaning Genoa portidan Birlashgan Arab Amirliklaridagi Jibal Ali portiga ko‘chirilayotganda "Ko‘chmanchi"ning arqoni uzilib, qattiq shikast yegan.

Jahon bo‘ylab kemalar harakatini boshqaruvchi "Worldwide Shipping" ko‘chmanchi yaxtani Rim yaqinidagi portda saqlab turish bilan 355,000 dollar sarflashi ortidan Aliyevning "Baltimore Alliance" shirkatini sudga bergan.

Sud ishi davom etayotgan vaqtda Aliyev janoblari o‘z hissalarini ko‘chirishga qaror qilgan. 2009 yil fevralida u o‘zining 1 mingta hissasini Britaniya Virgin orollarida qayd qilingan yana bir shirkati - "Schneider System Ltd."ga o‘tkazgan deb yozadi Uyushgan jinoyat va korruptsiya haqida xabar tarqatish loyihasi (OCCRP) o‘zining maqolasida.

Maqolaga ko‘ra, ayni kunda qolgan aktsiyalar, ya‘ni 10,111ta aktsiya boshqa shirkat - "Greatex Trade and Invest Corp"ga o‘tkazilgan.

2011 yilda Aliyev janoblari siniq yaxtani sotishga qaror qilgan.

2011 yil iyulida "Greatex Trade and Invest Corp." ko‘chmanchi kemani uni ishlab chiqargan "Astilleros Astondoa S.A" shirkatiga "qarzlar, to‘lovlar, ipotekadan holi tarzda" qayta sotgan.

"Global Vitness" tashkilotining "Beyker stritdagi sir" nomli hisobotiga ko‘ra, Nurali Aliyevga aloqador "Greatex Trade and Invest Corp." shirkati Londonda umumiy qiymati 212 million dollarga teng ko‘chmas mulkka egalik qilgan deb yozadi Uyushgan jinoyat va korruptsiya haqida xabar tarqatish loyihasi (OCCRP) o‘zining "Qozog‘iston: Prezident nabirasi o‘zining mulkini ofshorda yashirgan" degan maqolasida.

Bi-bi-si bu maqola va unda keltirilgan faktlar yuzasidan Qozog‘iston Tashqi Ishlar vazirligiga murojaat qildi. Rasman olingan javobga ko‘ra: "Qozog‘iston Tashqi Ishlar Vazirligining Matbuot xizmati bu masala bo‘yicha sharhga ega emas".

"Panama hujjatlari" deya nom olgan qog‘ozlar Germaniyaning Süddeutsche Zeitung, so‘ngra esa Jurnalist-tergovchilarning xalqaro konsortsiumi (ICIJ) va Uyushgan jinoyat va korruptsiya haqida xabar tarqatish loyihasi (OCCRP) tashkilotlariga uzatilgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEKOdnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.