Jalolobodda turkiyalik "kuyov" qo‘lga olindi

Image caption Mahmud Mutlu, do‘sti Sayfuddin Abdulla bilan xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.

Internet oraqali tanishib, oila qurishga ahdu-paymon qilgan yoshlar to‘yi kuni bir zumda "jihodchilarga" aylandilar.

Joriy yilning mart oyida Istanbuldan Jalolobodga sevgan qiziga uylanish maqsadida kelgan Turkiya fuqarosi Mahmud Mutlu, do‘sti Sayfuddin Abdulla bilan xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.

Ularning qo‘lga olingani haqida, Mahmud Mutluning Istanbuldagi do‘sti, Abdukarim Bi-bi-siga qo‘yidagilarni aytib berdi.

"Nikoh o‘qilayotganida, militsiyalar kirib, to‘ydagi hamma odamlarni ushlab chiqib ketishibdi. Hozir Mahmud va Sayfuddinni Suriyaga odam yollaganlikda ayblashayapti ekan. Jalolobodga atigi ikki kunga kelgan, u yerda uylanib, keyin kelinni Istanbulga olib ketgani borgandi" – deydi Abdukarim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, na Mahmud va na Sayfuddin Suriyaga odamlarni yollash bilan shug‘ullangan.

"Mahmud asli o‘zbekistonlik. 2000 yillarda Istanbulga kelib, shu yerda qolib ketgan. Men uni yaxshi bilaman. Suriya u yoqda tursin, birovga ozor bermagan mo‘min bola. Do‘sti Sayfuddin dog‘istonlik, u ham yaxshi bola” – deb ularni ta‘riflaydi suhbatdosh.

Jalolobod shahar ichki ishlar bo‘limining rahbari Jenishbek Jorobekovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar vaqtinchalik saqlash joyida ham birga o‘tirgan insonlarni yollashga harakat qilganlar.

"Biz ularga nisbatan alohida tushuntirish ishlari olib borishga harakat qilayapmiz. Bu ishlarni diniy ta‘limga ega insonlar o‘tkazayaptilar. Ular shunchaki diniy tushunchaga ega emas, balki islom dinini mukammal o‘zlashtirgan insonlardir” – deydi Jenishbek Jorobekov.

Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi o‘z fuqarosining qo‘lga olinishi yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Suriyada davom etayotgan urushga Qirg‘izistondan 500dan ortiq inson ketgan. Ulardan yarmini ayollar va yosh bolalar ekani aytiladi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq