Medvedev: Rossiya Yerevan va Bokuga qurol yetkazishi mumkin

Image copyright Reuters
Image caption Rossiya qurol yetkazmasa, bu joy bo‘sh qolmaydi, boshqa davlatlar uning o‘rnini egallaydi, deydi Medvedev.

Agar Rossiya Armaniston va Ozarbayjonga qurol yetkazib berishni to‘xtatsa, uning o‘rnini boshqa davlatlar egallaydi, deb aytgan Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev.

"Agar biz bir daqiqa Rossiya bu rolidan voz kechganini tasavvur qilsak, bu joy bo‘sh qolmasligini juda yaxshi tushunamiz. Ular boshqa davlatlardan qurol sotib oladi, bu bilan qurolning o‘ldirish quvvati pasaymaydi", degan janob Medvedev Rossiya1 telekanaliga bergan intevьyusida.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, "bu bozorga boshqa davlatlardan qurol yetkazib beruvchilarning kirib kelishi vaziyatni yumshatmaydi". Uning fikricha, aksincha vaziyat yanada murakkab tus oladi.

"Men o‘ylaymanki, qurolni qachondir ishlatish uchun emas, balki barqarorlikni ushlab turuvchi shart bo‘lishi uchun olish kerak. Mana shuni mojaroning barcha tomonlari baholashlari lozim", deydi Medvedev.

Oldinroq ikkala davlatga ham belgilangan shartnoma asosida strategik hamkor sifatida qurol yetkazib berilishini Bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Rogozin aytgandi.

Ozarbayjon Rossiya qurolining yirik importchisi sanaladi.

2010-2014 yillarda Moskva va Boku tikuchar, zenit-raketa tizimlari, tank va artilleriya vositalari bo‘yicha 4 mlrd ga teng qator shartnomalarni imzolagan.

Armaniston ham 2013 yilda Rossiyadan og‘ir qurollar doxil 16 mln dollar bahoda harbiy texnika va vositalarni sotib olgan.

Rossiya bosh vazirining bayonoti Ozarbayjon va Armaniston uch kunlik qurolli to‘qnashuvdan so‘ng, 5 aprelda imzolangan otashkesim shartlari buzilishida bir-birini ayblayotgan manzarada yangramoqda.

Ozarbayjon va Qorabog‘ harbiylari 5 aprelda harbiy harakatlarni to‘xtatgan bo‘lsalarda, ko‘p o‘tmay tomonlar bir-birini kelishuvni buzganlikda ayblay boshladilar.

Tog‘li Qorabog‘dagi qarama-qarshiliklar 2 aprelga o‘tar kechasi qo‘zg‘alib, qaqshatqich to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Vaziyat tarang bo‘lgan mintaqada boshlanib ketgan janglar oxirgi 22 yilda eng jiddiysi bo‘lgan.

Qurollanish

Tog‘li Qorabog‘da 1994 urush tugaganidan beri ziddiyatning kuchayishi aksariyatni kelajakda ikki mamlakat hamda Qorabog‘dagi kuchlar o‘rtasida janglarning boshlanib ketishidan xavotirga solmoqda.

Qorabog‘dagi harbiylar ortida esa Armaniston armiyasi turadi.

O‘tgan yillar davomida Boku o‘z armiyasini doim Yerevandan ko‘ra faolroq qurollantirgan.

Natijada esa, Ozarbayjon armiyasi Armanistonnikidan ko‘ra sezilarli darajada yaxshi qurollanishga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo mutaxassislarga ko‘ra, Armaniston katta bo‘lmasa ham, anchayin epchilroq armiya tuzgan.

Rossiyadan olgan aslahalari evaziga havo mudofaa tizimini takomillashtirgan.

Stokgolmda joylashgan Tinchlik masalalarini o‘rganuvchi institut tadqiqotlariga ko‘ra, Ozarbayjon o‘tgan besh yil ichida Rossiya qurol eksportining 5 foiziga egalik qilgan. Undan avvalgi 10 yil ichida esa bu ko‘rsatkich 0,7 foizdan ortmagan.

Armanistonda S-300 harbiy komplekslari ham bor.

Xuddi shunday harbiy aslaha Ozarbayjonda ham mavjud.

Yigirma yildan ortiqroq davr mobaynida Tog‘li Qorabog‘da mudofaa tizimi yaratilgan, qurol-yaroq omborxonalari qurilgan va harbiy texnika qarorgohlari yaratilgan. Ular favqulodda holat yuzaga kelsa, ishga tushirilishi mumkin.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq