Qirg‘iziston Bosh vaziri iste‘fo berdi

Image caption Temir Sariev iste'fo berdi

Hukumatning navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan yig‘inida Bosh vazir Temir Sariyev iste‘foga chiqqanini ma‘lum qildi.

Tushdan keyin boshlangan hukumat yig‘ini qariyb bir soat davom etgan va unda Temir Sariyev so‘ngi kunlari o‘ziga nisbatan aytilayotgan ayblovlar bo‘yicha bayonot qilgan.

“Baliqchi – Qo‘rumdu va Bishkek – “Manas” aeroporti yo‘llari solinishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderga hech qanday aloqam yo‘q. Ba‘zi deputatlar o‘zlarining siyosiy va moddiy manfaatlaridan kelib chiqqan xolda xayqirishmoqda. Menga qo‘yilayotgan ayblovlar bo‘yicha haqqoniy tergov o‘tkazilishini talab qilaman”, deb aytgan Temir Sariyev.

Hukumat rahbari o‘z iste‘fosini e‘lon qilishdan avval, bungacha bajarilgan ishlariga urg‘u berib, “hukumat qator siyosiy qarorlarni qabul qildi, mas‘uliyatdan qochgani yo‘q. Masalan,O‘zbekistonning to‘rt oromgohini o‘z hisobimizga oldik. Rossiya bilan GESlarni qurish bitimini bekor qildik”, degan janob Sariyev.

“Biz bir yil ishladik. Bu orada Jo‘g‘o‘rqu Kengash ikki marotaba bizga ishonch ko‘rsatdi. Men prezident qo‘llovini his qildim. Barcha davlat tuzilmalari bilan ishlay oldik”, deya o‘z minnatdorchiligini bildirgan endilikda sobiq Bosh vazir Temir Sariyev.

“Men bugun iste‘foga chiqaman. Bu haqda prezidentga arizamni topshirganman. Sizlar bilan ishlaganimdan manmunman. Men uchun xalq manfaati barchasidan ustun turadi”, degan Temir Sariyev yig‘inlar zalini tark etar ekan.

Sal kam bir yil avval hukumat rahbari bo‘lib ishlagan Temir Sariyevni Qirg‘izistondagi yirik loyihalardan hisoblangan Baliqchi – Qo‘rumdu yo‘li solinishi va Bishkek shahridan “Manas” aeroportigacha bo‘lgan yo‘lni ta‘mirdan chiqarilishidagi qonunbuzarliklar tufayli o‘z lavozimidan ketishga majbur bo‘lgani aytiladi.

Mazkur qonunbuzarliklarni Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Kengashi deputatlari komissiyasi tekshirib chiqqan.

Tekshiruv hisobotida mazkur loyihalar uchun davlat byudjetidan qariyb 7 mlrd so‘m ajratilgani, biroq bu loyihalarni amalga oshirish uchun kompaniyalar orasida e‘lon qilingan tenderda yo‘l qurish uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan xitoylik “Long Xay” kompaniyasini g‘olib deb topilgani aytiladi.

Hisobotda shuningdek, davlat xazinasiga 1 mlrd so‘mdan ortiqroq ziyon yetkazilgani, buning uchun mas‘sul shaxslar javobgarlikka tortilishi kerakligi urg‘ulangan.

Yig‘inda qatnashgan Qirg‘iziston transport vaziri Arg‘inbek Malabayev, tender qonunubuzarliklarida Bosh vazir Temir Sariyevning shaxsiy manfaati bo‘lganini va bu ishlarni o‘zining muovini Ulan Uyezbayev bajarganini aytgan.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, hukumat rahbari o‘z lavozimidan chetlatilgan holda uning o‘rnini muovini vaqtinchalik egallab turadi. Bu orada esa Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputatlari qaytadan partiyalardan tashkil topgan yangi koalitsiya tuzib, yangi bosh vazirni tanlaydilar va prezidentga tavsiya qiladilar. Davlat rahbari tasdiqlaganidan so‘ng, hukumat rahbari ishga kirishadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq