O‘zbek militsiyasi yiqilgan ayolni tepkiladi

Image caption O‘zbekiston militsiya xodimi yerda yotgan ayolni tepmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda jahl otiga mingan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimining yerda yotgan ayolni tepkilagani tasvirlangan video tarqaldi.

Videoda militsiya xodimi ayolga qarata, “O‘chir ovozingni!” deb baqirgani eshitiladi, ayolning yuziga, boshiga tepgani ko‘rinadi.

Yosh ayol qo‘llari bilan yuzini yopib oladi va bir ovozda baqirib yig‘laydi.

Ayrim tarmoqlarda, jumladan, mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning blogida yozilishicha, bu ayol o‘zini mashina ustiga tashlashga harakat qilgan va aftidan ruhiy xasta bo‘lishi mumkin.

Ammo himoyasiz va yerda yotgan ayolni bu tepkilash va tahqirlashning asl sabablari ayon emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda videodagi militsionerning ayni “qahramonligi” keskin qoralanmoqda.

Ichki ishlar vazirligi hozircha jim

Image copyright youtube
Image caption Yana bir tepag‘on militsioner

Aleksey Volosevichning yozishicha, O‘zbekiston militsiyasining bu kabi boshboshdoqligi, zo‘ravonligi haqidagi videolar birinchi bor paydo bo‘layotgani yo‘q.

Ayrim holatlarda ana shunday videolarga “tushib” qolgan militsionerlar ustidan Vazirlik xizmat tekshiruvi o‘tkazgani haqida xabarlar bor.

Avvalroq, militsiya xodimlari aftidan transvestit yoshlarning xonadoniga uyushtirilgan reyd davomida ulardan birini tepkilagani akslangan video paydo bo‘lgandi.

O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida aksariyat militsiya xodimlarining tarafini olgan bo‘lsa ham, Toshkent shahar Ichki ishlar bo‘limi “tepag‘on” xodimi ustidan xizmat surishtiruvini o‘tkazgani aytilgandi.

Jurnalistlarga ko‘ra, O‘zbekiston huquq-tartibot xodimlarining zo‘ravonligi hech kimga sir emas.

Ammo bu zo‘ravonliklar ustidan oddiy xalqning arzu shikoyatlari ko‘pincha javobsiz qoladi.

Mamlakat qamoqxonalarida esa xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, qiynoq qo‘llash va zo‘ravonlik muntazam ro‘y beradi.

Militsiya haqida qonun yo‘q

Image caption O‘zbekistonda hanuzgacha militsiya haqida maxsus qonun qabul qilinmagan.

O‘zbekistonda hanuzgacha militsiya haqida maxsus qonun qabul qilinmagan.

Inson huquqlari faoli Surat Ikromovning aytishicha, qonun loyihasi 2001 yildayoq tayyor bo‘lgan va Oliy Majlisga qabul qilish uchun berilgandi.

Biroq mamlakat parlamenti noma‘lum sabablarga ko‘ra, hozirgacha qonunni deputatlar muhokamasiga qo‘ymagan.

“Militsiya xodimlari bugungi kunda buyruqbozlik xizmatini o‘tashmoqda”, - deydi huquq faoli.

Ba‘zi kuzatuvchilar jamiyat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan ushbu qonunning yo‘qligi ichki ziddiyatga olib kelishi mumkin, degan fikr bildirganlar.

Huquq-tartibot idoralarining burch va vakolatlari hanuzgacha belgilanmagan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq