"O‘zbekistonliklar nima uchun Rossiyaga borishadi?"

Rossiyaning "Argumentы i faktы" gazetasi jurnalisti Georgiy Zotov O‘zbekistonga safari kuzatishlarini chop etgan.

Muxbir safari davomida inqirozga qaramasdan, mehnat muhojirlarini Rossiyaga yetaklovchi omil nima ekanligiga qiziqadi.

"Xrushchyov keyingi avlodning kommunizmda yashashiga va‘da bergandi. Aniq bo‘lishicha, bepul ta‘lim, tibbiyot, deyarli tekin gaz va chiroq bilan biz allaqachon kommunizmda yashagan ekanmiz. O‘zbeklar uchun Rossiya Sovet Ittifoqi haqidagi nostalьgiyaning davomidir", deb boshlanadi maqola.

Jurnalistni Chorsu bozoridagi milliy ovqatlarning hushbo‘y hidi, mazasi va narxi o‘ziga tortadi.

Bir kishilik osh 6000 so‘m (65 rubl.) uni bir martada yeyish ilojsiz, qo‘y go‘shtidan shashlik 32 rubl, somsa uch marta arzonligini misol keltirgan muxbir, odatda arzon narxlar aholining kambag‘alligi belgisi sanaladi. Lekin O‘zbekiston qashshoq davlat tasavvurini uyg‘otmaydi, deydi u. Kechga tomon restoranlar mijozlar bilan to‘la, bo‘sh stol topolmaysiz. Top-toza ko‘chalar, yangi qo‘p qavatli binolar, ko‘chalarda yelib yurgan Deu, Shevrole kabi mahalliy zavodda yig‘ilgan mashinalar.

Unda nega respublikaning millionlab fuqarolari Rossiyaga ishga yo‘l olmoqdalar?-deb savol beradi u.

Dollar hukmronligi

Ko‘rinishicha, eng asosiy minuslardan biri bu valyutaning "qora bozor"i gullab-yashnashidir, savoliga javob topgandek bo‘ladi muxbir.

"O‘zbekistonda dollar sotish mumkin, ammo dollar sotib olish bu katta muammo. Har bir bozorda "valyutchiklar" aylanib yurishadi. Sizni ko‘rib, sekingina "aka, almashtirish kerakmi?" deb so‘raydi. "Qora bozor"da dollar davlat narxidan ikki baravar qimmat- 6500 so‘m. Hammasi ham mayli, lekin aviachiptalar, avtomobil va kvartiralar faqat dollarda sotilib turganda uni qayerdan olish mumkin?"

"G‘alati ahvol, o‘zbekistonliklar ish haqlarini kardlarda olishadi. Biroq pulni bankomatlardan chiqarib olish yana muammo: bankomatlar juda kam va ular doim bo‘sh. Mish-mishlarga ko‘ra, naqd qilib olish uchun 20-30 foiz ustiga berish kerak. Kartochkalar faqat qimmat supermarketlarda o‘tadi, lekin mahsulotni arzon narxda sotib olish uchun bozorga nima bilan borish mumkin?" lol qoladi muxbir.

"Shuning uchun mening yurtdoshlarim Rossiyaga borishadi, dollar ishlash uchun, deydi u gaplashgan biznesmen G‘ulom Alisherov. O‘zbek so‘mi konvertatsiya qilinmaydi, u respublikadan tashqarida almashtirilmaydi. Chetga chiqqanlar u yerdan mahsulot olib kelishga harakat qiladi, bu arzonga tushadi. Hukumat hamma narxni nazorat qiladi. Benzin ko‘pincha yo‘q, qishloqlarda gaz, svet yo‘q. Qirq yoshdan oshganlardan so‘rang, ko‘pincha SSSRni qo‘msaganini guvohi bo‘lasiz", deydi o‘zbekistonlik suhbatdosh unga.

Rossiyaga muhojirlikning ikkinchi sababi, vizasiz tartib borligida, deb amin bo‘ladi muxbir. O‘zbekistonliklar chetga chiqish uchun viza olishlari kerak, Rossiyaga esa viza talab qilinmaydi.

Samarqandga sayohat qilgan jurnalist mahalliy odamlar bilan gaplashgan. O‘tgan oy Rossiyada og‘ir jinoyatni sodir etgan Gulchehra Boboqulova haqida odamlar gapirishni istashmaydi, deydi u. Ruhiy kasalxonada ishlovchi vrachning aytishicha, oxirgi yillarda iqtisodiy tejash maqsadida ko‘p ruhiy kasallar shifoxonalari yopilgan. Mehnat muhojirlarining orasida albatta ruhiy kasallari ham bo‘lishi tabiiy, mijozlarimdan biri hozir Yekaterinburgda taksichilik qilib yurganini bilaman, deydi samarqandlik kishi.

Jurnalist O‘zbekiston muhojirlik masalalari bo‘yicha agentlikka murojaat qilgan. Agentlikka ko‘ra, 2003 yildan beri Rossiyaga boruvchi muhojirlar tibbiy spravka olishlari majburiydir. Muhojirlarning sog‘ligini tekshirish rossiyalik ish beruvchilarga ham bog‘liq, lekin ularga arzon ishchi kuchi kerak va arzimagan pul to‘lashdan manfaatdorlar, deydi agentlik vakili.

Rossiyaga o‘zbek mehnat muhojirlarining borishi faqat kam ish haqi va ishsizlik tufayli emas, dollarning "qora bozori" va mahsulotlarning tanqisligi tufayli, deb xulosa qiladi ko‘rgan, eshitganlaridan kelib chiqib muallif.

Rossiyada ish topish tobora qiyinlashib borayotgan bo‘lsa ham, Markaziy Osiyodan borayotganlar soni shuning uchun kamayayotgani yo‘q, deyiladi maqolada.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring