Sobiq Sho‘ro ‘diktaturalari’ga nima tahdid soladi?

Agar, Amerikaning ‘Freedom House’ nohukumat tashkilotining yangi yillik hisobotiga tayanilsa, so‘nggi paytlarda bo‘y ko‘rsatayotgan iqtisodiy muammolar.

Xuddi shu o‘rinda xalqaro tashkilotning ta‘kidlashicha, vaziyat, ayniqsa, kamida o‘n yildan buyon “diktatorlar” boshqarayotgan yetti sobiq Sho‘ro davlatida jiddiydir.

“Fridom Haus” mazkur davlatlar sirasida Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistonni tilga olib o‘tadi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, ayniqsa, so‘nggi ikki yil ichida jahon bozorida neft narxining keskin arzonlab ketishi, Ukraina inqirozi sabab, G‘arb tomonidan Rossiyaga ustma-ust kiritilgan ko‘plab sanktsiyalar va bunga javoban rasmiy Moskva tomonidan ko‘rilgan aksilchoralar mintaqa davlatlari iqtisodini mushkul ahvolga solib qo‘ygan.

Iqtisodiy mushkulotlar bois Rossiya iqtisodining tanazzulga uchrashi Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon doxil neft va gaz ishlab chiqaruvchi sobiq Sho‘ro davlatlari milliy pul birliklarining jiddiy qadrsizlanishi va buning ortidan byudjet taqchilliklariga sabab bo‘lgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, boshqa tomondan, mazkur holat iqtisodlari rasmiy Moskva berayotgan subsidiyalar va Rossiyada mehnat muhojirligida band fuqarolari yuborayotgan katta miqdordagi mablag‘larga qarab qolgan Qirg‘iziston, Belarus, O‘zbekiston va Tojikistonga ham ta‘sir etmay qolmaydi.

“Joriy 2016 yilda ular ham xuddi shunga o‘xshash retsessiyaga yuz tutishlari mumkin”, - deyiladi “Fridom Haus”ning yangi hisobotida.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, yillarki, o‘z iqtisodlarini turfalashtirish va boshqaruv tizimlarini shaffoflashtirish, hisobdor qilishning uddasidan chiqmagan mazkur davlatlar endi buning oqibatlariga yuz tutishlariga to‘g‘ri keladi.

Ularning nazdlarida mavjud vaziyat sabab, joriy yilda ijtimoiy noroziliklarning anchayin kuchayishi ehtimolini ham nazardan soqit etib bo‘lmaydi.

O‘z bashoratlari manzarasida hisobot mualliflari Rossiyadan ortga qaytishni ma‘qul ko‘rayotgan katta sondagi mehnat muhojirlari muammosiga alohida e‘tibor qaratishgan.

Ularning aytishlaricha, mavjud holat katta sondagi yosh ishsizlar sinfini paydo qiladi va aynan shu guruh odamlarning norozi qatlamga aylanishlari potentsiali kattadir.

Yangi hisobot mualliflariga ko‘ra, mintaqa davlatlari liderlari esa, bo‘y ko‘rsatayotgan bu kabi vaziyatga “o‘z nazoratlarini tutib qolishga qaratilgan” choralar bilan javob berishgan.

Deylik, Rossiyada prezident Vladimir Putin yana qudratga qaytgan o‘tgan uch yil ichida yakkahokimlik intilishlari anchayin kuchaygan, fuqarolik jamiyatlariga qarshi ta‘qiblar faollashgan. Siyosiy mitinglarga nisbatan toqatsizlik hissi ortgan.

“Fridom Haus” bu kabi xulosasiga o‘zining “O‘tish davridagi davlatlar”, deb nomlanuvchi yillik hisobotida kelgan.

Xalqaro tashkilot hisobotlarida sobiq Sho‘rolar Ittifoqi, Bolqon va Markaziy Ovro‘poning 29 davlatidagi demokratik holatni kuzatib, tahlil etib boradi.

So‘nggi hisoboti esa, 12 aprel kuni e‘lon qilingan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, agar, nomlari yuqorida zikr etilgan davlatlar lozim islohotlarga qo‘l urishmasa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy tanazzul ular hukumatlari o‘zlari uchun xavfga aylanishi mumkin.

Qator xalqaro tashkilotlarning iqtisodiy erkinliklarga oid so‘nggi hisobotlarida esa, O‘zbekiston eng quyi o‘rinlardan birini egallagandi.

Image copyright AFP

“Fridom Haus”ning yangi hisobotida, yana shuningdek, global qochqinlar muammosi Sharqiy Ovro‘poda xalqbozlik tuyg‘ularini kuchaytirayotgani va Bolqondagi islohotlar chippakka chiqib borayotgani haqida ham alohida so‘z boradi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг

Bu mavzuda batafsilroq