Nazarboyev Toshkentga bordi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning taklifi bilan 14 aprelda Toshkentga xizmat safari bilan borgan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevni aeroportda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev kutib olgan.

15 aprelda Karimov va Nazarboyev uchrashib, muzokaralar o‘tkazganlar.

Oldinroq, ikki mamlakat rahbarlari turli sohalarda Qozoq-O‘zbek munosabatlarini rivojlantirish va istiqbollari, shuningdek, muhim mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama etishlari aytilgandi.

Bugun tarqalgan xabarlarga ko‘ra, prezidentlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, suv- energetika, transport- logistika va madaniy-insonparvarlik sohalarida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilganlar.

Prezidentlar mintaqadagi xavfsizlik masalasi va Toshkentda iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shanhay Hamkorlik Tashkilotining yig‘ilishiga doir masalalarni gaplashganlar.

Bundan oldin, Islom Karimov 13-14 aprel kunlari Toshkentda o‘tgan ShHT xavfsizlik kengashi rahbarlari yig‘ilishida Shanxay Hamkorlik tashkiloti oxirgi yillarda o‘zining ahamiyatini ko‘rsatganini aytgan.

Yig‘ilishda terrorizm, bo‘lginchilik va ekstremizm, qurol va narkotik savdosiga qarshi kurash, shuningdek, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat muhokama etilgan. Internet va zamonaviy aloqa vositalaridan terrorizm maqsadlarida foydalanishni bartaraf etish to‘g‘risida so‘z borgan.

Qozog‘iston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni alohida ta‘kidlagani aytilgan. "Mustaqillik yillarida biz nafaqat bu aloqalarni saqlab qoldik, balki davlatlarimizni ham yaqinlashtirdik. Bu nuqtai nazardan qaraganda, bizning ortiqcha rasmiyatlarsiz, qo‘shnilar sifatidagi uchrashuvlarimiz katta ahamiyat kasb etadi. Men siz bilan do‘stligimdan hamda qozoq va o‘zbek xalqlarining birodarligidan faxrlanaman. Bu munosabatlarni mustahkamlab, kelgusi avlodlarga yetkazish kerak", deb aytgan janob Nazarboyev.

"Hozir biz oson bo‘lmagan davrda yashayapmiz. Hozirgi holat yuzasidan birgalikda fikr almashish uchun Nursulton Nazarboyevning tashrifi zarur edi. Jahon iqtisodiyotida inqiroz davom etmoqda, biror davlat muammolardan xoli emas. Biz to‘g‘ri yo‘ldan borishni va doimiy tarzda "soatlarni solishtirib turishni" xohlaymiz", — degan Islom Karimov ham.

Nazarboyev kelishiga "tayyorlik"

Nazarboyevning Toshkentga safari oldidan poytaxtda boshlangan shoshilinch tadoriklar mustaqil nashrlar tomonidan xabar qilingandi.

Mustaqil AsiaTerra veb-saytiga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Toshkentga tashrifi arafasida poytaxt bilan Qozog‘iston chegarasini bog‘laydigan ko‘cha va yo‘llarda zudlik bilan ta‘mirlash ishlari amalga oshirilgan.

AsiaTerra sayti yozishicha, 13 aprel kuni Toshkentning Yunusobod tumaniga deyarli butun shahardan texnikalar, qurilish va ta‘mirlashga aloqador barcha xizmatlar xodimlari safarbar etilgan.

Bir kecha-kunduz davomida transport qatnovlari to‘xtatilgan.

Ta‘mirtalab bo‘lib qolgan ko‘chalarga asfalьt yotqizilib, yo‘l chetlariga gullar o‘tqazilgan.

Gullarning ko‘rinishidan "ular besh-olti kundan ortiq yashamaydilar".

AsiaTerra yozishicha, Prezident Nazarboyev Qozog‘iston hududidan Toshkentga kirib kelmoqchimi yoki Toshkentdagi oliymaqom uchrashuvlardan keyin Qozog‘iston hududiga o‘tib uyiga qaytmoqchimi, noma‘lum.

Mustaqil veb-sayt O‘zbekistonda xo‘jako‘rsinchilik oddiy holga aylanib ulgurganiga e‘tibor qaratgan.

"Oliy mehmon sharafiga yotqizilgan ideal tekis asfalьtga boqib, afsuski, Nazarboyev Toshkent chekkalarida sayr qilib, Chilonzor yoki Yunusobodga o‘xshagan aholi zich yoshaydigan mavzelari bilan tanishish istagini bildirmapti-da", degan fikr o‘tadi xayoldan, deb yozadi mustaqil veb-sayt.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq