Tojik muhojir: aybim mening millatim

Image caption Besh farzandning otasi Sulaymon Saidov to‘rt joyidan yaralangan. Ko‘ziga tekkan o‘q tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin.

Moskva metrosida 8 aprel kuni rus millatchisi tomonidan og‘ir yaralangan tojikistonlik 38 yashar Sulaymon Saidov Rossiyada yashagan 12 yil davomida o‘ziga ilgari ham hujum bo‘lganini aytadi.

Oxirgi hodisa 8 aprel kuni metroning Kalujskaya-Rijskaya yo‘nalishida ro‘y beradi. Tekshiruvchilarga ko‘ra, voqea ikki erkak o‘rtasida tortishuvdan kelib chiqadi va ulardan biri yonidan to‘pponcha chiqarib ikkinchisiga qarata bir necha marta o‘q uzadi.

Besh farzandning otasi bo‘lgan Sulaymon Saidov o‘q otar quroldan yaralanish natijasida miyasidan jarohatlanadi, bundan tashqari, shifokorlarga ko‘ra, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda.

Gumonlanuvchi hodisadan so‘ng zudlikda qo‘lga olinadi. Moskvaning Cheremushkina mahkamasi qarori bilan 59 yoshli Sergey Tsarev 9 iyungacha hibsda qoldiriladi.

Tsarevga nisbatan "qotillikka urinish" moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Tojikiston hukumati Rossiyadan yuz bergan hodisani xolis tekshirishni talab qilgan.

Bi-bi-si muxbiri Anora Sarkorova bilan telefon orqali muloqot qilgan Sulaymon Saidov Rossiyadagi hayoti va hodisa haqida gapirib bergan.

Image caption Hujumchi erkak "tojiklar soqol qo‘yib, hammani qo‘rqitishi"ni aytib qichqirgan.

"8 aprel kuni jiyanim Muhammadjon Hakimov bilan metroda ketayotgan edim. Bu "Profsoyuznaya" va "Kalujskaya" stantsiyalari o‘rtasida ro‘y berdi. Bir kishi jiyanimni itarib yuborgach, men unga e‘tibor qildim. U odam qattiq mast, o‘zini juda agressiv tutayotgan edi. Jiyanim janjalni boshlamaslik uchun, u odamga joy berib, undan chetlashishga har qancha harakat qilmasin foydasi bo‘lmadi. Hujumchi janjal boshlashni xohlar edi. Vagonda bizdan tashqari yana 25-30 yo‘lovchi bor edi.

Oldiniga u bizni so‘roqqa tutib, kimmiz, qayerdan kelganmiz, Rossiyaga nega kelganmiz, kim bo‘lib ishlashimizni surishtira boshladi. Men dastlab uncha e‘tibor qilmadim, ichib olgani uchun o‘zini shunday tutayapti, deb o‘yladim. Keyin jiyanim bizning Tojikistondan ekanligimizni aytganida, erkak birdan g‘azabga minib, bizni milliy tomondan kamsitib, qo‘pol shaklda haqorat qila boshladi.

Bu holat ikki stantsiyagacha davom etdi. Erkak tojiklar soqol qo‘yib, hammani qo‘rqitishini aytib qichqira boshladi. Men jiyanimga haqoratlarga e‘tibor bermay, chekkaroq ketishni va janjalni qo‘zg‘amaslik uchun unga qaramaslikni iltimos qildim.

Biroz vaqtdan keyin u erkak mening oldimga keldi va "uch daqiqadan so‘ng sen bilan hammasi tugaydi..." dedi. Men uning tahdidini jiddiy qabul qilmadim, chunki u ko‘rinishidan ozg‘inroq, bo‘yi ham baland emas jdi. Men esa har holda jismonan baquvvat, sport bilan shug‘ullanganman. Men birozdan so‘ng nima bo‘lishini tasavvur ham qilmagandim.

Hatto u mening boshimga to‘pponcha tirab, hozir otishini aytganida ham bu o‘yinchoq bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Men jim o‘tirdim. Unda qayerdan qurol bo‘lishi mumkin? U esa o‘q uzdi.

Ikkinchi marta u jiyanimga tashlandi, biroq u chap berishga ulgurdi. Shundan so‘ng u yana menga qarab o‘q uzdi. Men undan qurolni olish uchun o‘rnimdan turganimda u boshimga otdi. Undan so‘nggi voqelarni g‘ira-shira eslayman.

Mening yuzim qonga belangan, hech narsani ko‘rmas edim. Men uni baribir ushlab, to‘pponchani olishga harakat qildim. Bu vaqtda stantsiyaga yetib keldik, eshiklar ochildi va biz vagondan tashqariga yiqilib tushdik.

Kameraga bizning kurashimiz tushib qolgan, men undan qurolni olishga urinar edim. Shuning uchun politsiyachilar bizni janjallashyapti, deb o‘yladilar. Stantsiyada u to‘rtinchi marta o‘q uzdi va u qornimga tegdi. Men nihoyat to‘pponchani tortib oldim. U qochdi, men yiqildim.

Yugurib kelgan politsiya xodimlari qurolni meniki va janjalni men boshlagan, deb o‘ylashdi... Biroq voqeaga guvoh bo‘lgan bir qiz men hayotimni saqlash maqsadida qurolni olishga harakat qilganim va hujum qurboni bo‘lganimni aytib berdi", deb hikoya qiladi tojikistonlik muhojir.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq