FIFA xodimlari: "Poraxo‘rlik bizda oddiy tajriba"

Image copyright PA
Image caption FIFAning sobiq vitse-prezidenti Jeffri Uebb

Amerikadagi sud FIFAning korruptsiyada ayblanib tergov qilinayotgan uch sobiq mulozimlarining ko‘rsatmalarini chop qildi.

Uchovlon o‘z ayblariga to‘la iqror bo‘lganlar va 37,5 million dollar miqdorida tovon to‘lashga rozi bo‘lganlar.

Shubhalanuvchilar, xususan FIFAning sobiq vitse-prezidenti Jeffri Uebb, pora olish bu tashkilotda qabul qilingan oddiy tajriba deb o‘ylaganlarini aytganlar.

Uebb janoblari o‘z manfaatlari yo‘lida pora olish uchun o‘z lavozimini suiste‘mol qilganini tan olgan.

Uning aytishicha, 2012 yilda bir necha kompaniyalar unga futbol matchlarini namoyish qilish uchun eksklyuziv huquqni qo‘lga kiritish yo‘lida pul taklif qilishlari haqida ogohlantirilgan va u bu oddiy biznes tajribasi ekan, degan xulosaga kelgan.

Uebb 2012 va 2014 yillar orasida noqonuniy yo‘l bilan boyish aybiga iqror bo‘ldi.

Iqrornomaga ko‘ra, u matchlar translyatsiyasiga beriladigan eksklyuziv huquqlar, xususan 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlarining saralash tsikli matchlari uchun poralar olgan.

Undan tashqari, Uebb o‘z qo‘li ostidagi xodimlarni aldash va noqonuniy pullarni AQShdagi bank hisob raqamidan Panama va Kayman orollariga o‘tkazib qonuniylashtirish harakati ayblarini o‘z bo‘yniga oldi.

Uebbdan tashqari bu ish bo‘yicha pastroq darajali yana ikki mulozim - argentinalik Alexandro Bursako va braziliyalik Joze Margileshlar iqrornoma ko‘rsatmalarini berishgan.

Uchovlon uy hibsida qolishmoqda, sud ishi ko‘rib chiqilishi esa iyunga mo‘ljallangan.

Mazkur ish bo‘yicha umumiy hisobda 40 mansabdor shaxs va ularga pora berishda ayblangan kompaniyalarning rahbarlari tergov etilmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq