Leyla va Orif Yunus Ozarbayjonni tark etishdi

Image copyright none

Ozarbayjonlik taniqli huquq faollari Leyla va Orif Yunus vatanni tark etib, Hollandiyaga hijrat qilganlar.

Ular o‘tirgan uchoq seshanba kuni Amsterdamning Sxipol aeroportiga borib qo‘ngani xabar qilinadi.

2014 yilda er-xotin faollar Frantsiya va AQSh diplomatlari hamrohligida mamlakatni tark etishga harakat qilishgan, biroq Boku aeroportida ushlangan edilar.

O‘tgan yil yozda Leyla Yunus moliyaviy jinoyatlarda, soliq to‘lamaslik va soxtakorlikda ayblanib, 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, uning eriga 7 yillik muhlat tayinlangandi.

Huquq faollariga davlatga xiyonat ayblovi ham ilgari surilgan. Ular Ozarbayjon hukumatining ashaddiy tanqidchilari hisoblanishadi.

Xalqaro tashkilot bosimlari va Leyla Yunus sog‘ligi yomonlashgani bois, Bakudagi mahkama uning ishini qayta ko‘rib chiqqan va jazo muddatini qariyb 3 yilga qisqartirib, shartli qamoq jazosiga almashtirgan. Orif Yunusga shartli jazo muddati berilgan.

G‘arb inson haqlari faollari bildirishicha, Leyla Yunusga qarshi ayblov uning fuqarolik erkinligini himoya qilish faoliyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. Leyla Yunus boshqargan nodavlat tashkilot Ovro‘po Kengashi va boshqa xalqaro institutlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelgan. Tabiiyki, ularni Ozarbayjondagi inson haqlari buzilishiga doir holatlardan xabardor qilib borgan.

Orif va Leyla Yunus sog‘ligi bilan jiddiy muammolar borligi aytilgan bundan oldin. Leyla Yunus qand va jigar xastaligiga chalingan, ko‘rish qobiliyati yaxshi emas. Orif Yunus o‘tkir yurak yetishmovchiligidan azob chekadi. Hibsdaligida u ikki bora yurak xurujini boshidan kechirgan.

Xabar qilinishicha, er-xotin huquqbonlar Hollandiyada avvalo tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Ozarbayjonlik faollar ushbu mamlakatdan siyosiy boshpana so‘rashlari mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq