Xalqaro Amnistiya: "Rossiya o‘zbekistonlik qochqinlarni majburan vataniga qaytarmoqda"

Amnesty International inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, yuzlab o‘zbekistonlik boshpana izlovchi qochqinlar va muhojirlar majburan Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilmoqda.

O‘zbekistonda esa ular qiynoqqa solinadilar, deyiladi tashkilot nomasida.

"Qiynoqlar tomon yo‘l: Rossiyada muhojirlarni o‘g‘irlash va O‘zbekistonga majburan qaytarish" deb nomlangan bu hujjatda Rossiya mulozimlari O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlikda yuzlab boshpana izlovchilarni vatanga qaytargani borasida so‘z ketadi.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda bu qochqinlarni qiynoqlar kutayotgani aniq.

Ayrim alohida va juda kam holatlarda Rossiya O‘zbekistonning ekstraditsiya talablarini qondirmagan.

Ammo O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari xodimlariga Rossiyadagi muhojirlarni o‘g‘irlab ketishga ruxsat berilgan, deyiladi tashkilotning matbuot bayonnomasida.

"Rossiya mulozimlari O‘zbekistondagi qiynoqlar va adolatsizliklarga ko‘z yumibgina qolmay, ularga (O‘zbekistonga hukumatiga – tah.) yordam bermoqda", deydi tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori Jon Dalhizen.

Jon Dalhizenga ko‘ra, Rossiya bu kabi qochqinlarni o‘g‘irlab ketish va deportatsiya qilish amallariga chek qo‘yishi, o‘zining inson huquqlari borasida olgan majburiyatlarini bajarishi kerak.

"Rossiya O‘zbekistonga qiynoq qo‘llamaslik, barcha mahkamalar adolatli va xalqaro me‘yorlarga muvofiq o‘tishi uchun bosim qo‘llashi kerak".

O‘zbekistonda qiynoq qo‘llash to‘xtagani yo‘q

O‘zbekistonday yopiq bir mamlakatda inson huquqlari faollarining arzlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar va diplomatlarning hikoyalariga asoslansa, qiynoqlarni bartaraf etish uchun hukumat deyarli hech qanday amaliy choralarga qo‘l urgani yo‘q.

Xalqaro Amnistiya ham O‘zbekiston hukumatining vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan "terrorizmga qarshi kurash", "davlatga qarshi faoliyat" kabi kampaniyalarini tilga oladi.

Bu kabi kampaniyalar hukumatning o‘z muxoliflari, tanqidchilari va noqonuniy diniy oqimlarga hayrihohlarni jazolash uchun oqlov bo‘ladi, deyiladi bayonotda.

Tashkilotning ishonishicha, hibsga olinganlarning bari qiynoqqa solinadi.

2013 yilda Rossiya mulozimlari o‘zbekistonlik rejissyor Mirsobir Xamidxo‘jayevni ekstraditsiya qilish haqida O‘zbekiston talabini qondirishmaydi.

U ayollarning ro‘mol o‘rashi ularning huquqidir deganini kimdir eshitib qolgani uchun "noqonuniy diniy guruh" tuzishda ayblangan edi.

Ammo inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, 2014 yilning iyun oyiga kelib uni o‘g‘irlab ketishadi.

Rossiya Federal xavfsizlik kuchlari Hamidxo‘jayevni O‘zbekiston xavfsizlik xodimlariga topshirishadi.

Uni majburan O‘zbekistonga qaytarishadi.

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda Mirsobirni kaltaklashadi va u "aybiga iqror" bo‘ladi.

"Tishlarini qoqib olishadi, ikki qobirg‘asini sindirishadi va qamoqxonalarning jazo hujralarida bir necha hafta o‘tirib chiqadi".

Qiynoqlar oqibatida olingan iqrornomadan keyin uni sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilishadi.

Oilalar ham tahdid ostida

Image caption Aramais mahkamaga o‘zining go‘yo "IShID hayrihohi" ekaniga qiynoqlar ostida iqror bo‘lganini aytadi

O‘zbekiston mulozimlari uchun "shubha ostida bo‘lgan" shaxslarning qayerdaligini bilish uchun ularning oila a‘zolarini tahqirlash odatiy holga aylangan.

2016 yilda O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari Artur Avakiyanni hibsga olishadi.

Qiynoqqa solishadi va nihoyat, Artur o‘z akasi, baliqchi Aramaisni "terrorchi faoliyatiga iqror bo‘ladi"

Amnestiga ko‘ra, Arturni militsiya xodimlari elektr toki bilan to tili tanglayiga yopishib qolganiga qadar qiynashadi.

Aramaisning do‘stlari va oila a‘zolariga ko‘ra, uning qamoqqa tashlanishiga baliqchilik fermasiga ayrim mahalliy mulozimlarning ko‘z olaytirishi sabab bo‘lgan.

Qariyb besh oy hibsda ushlab turilgach, uni mahkamaga tibbiy zambirda olib kelishadi.

"Terrorchilikda" ayblangan Aramais, Amnestiga ko‘ra, Jizzax viloyati mahkamasi tomonidan yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Aramais mahkamaga o‘zining go‘yo "IShID hayrihohi" ekaniga qiynoqlar ostida iqror bo‘lganini aytadi.

O‘zbekistonda qamoqqa tashlangan shaxslarning yaqinlari qiynoqlar haqida arz qilishga qo‘rqishadi, deyiladi bayonotda.

Bunga sabab, Amnestiga ko‘ra, aksariyat holatlarda mahbus va mahkumlarning oila a‘zolariga ularning holi battar bo‘lishi borasida tahdid qilinadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/1Si6GlC
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/1WCQHUC)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq