Volgogradda tojik muhojir halok bo‘lgan

Image caption Ushbu voqea Rossiyada oxirgi paytda tojik muhojirlari bilan sodir bo‘lgan uchinchi hodisadir

Rossiyaning Volgograd shahrida ishlagan 22 yoshli tojikistonlik fuqarosi Usmonali Fayzialiyev 12 aprelda sheriklari tomonidan pichoqlangan.

Xabarlarga ko‘ra, jinoyatni sodir etganlar fojeaning izini yashirish uchun mehnat muhojirini tiriklayin ko‘mgan bo‘lishlari mumkin. Marhum o‘sha kuni gumondorlar bilan tug‘ilgan kunini nishonlagan.

Moskvadagi Tojikiston elchixonasi rasmiylari bildirishicha, sud-tibbiy ekspertiza 21 aprelda yakunlanishi kerak va Vaxdat shahrilik Usmonalining o‘limi sabablari aniq bo‘ladi.

Tojikiston elchixonasi vakillari Mehnat vazirligi, muhojirlik idoralari xodimlari bilan birgalikda jinoyat ishini o‘rganayotgantergov guruhi bilan uchrashganlar.

Volgograd viloyat Tergov qo‘mitasi tojikiston fuqarosining tug‘ilgan kunida o‘ldirilishi fakti bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Bundan oldin Rossiya ommaviy axborot vositalari tojik muhojirning o‘limi haqida xabar tarqatgan. Volgogradlik mahalliy kishi qotillikka guvoh bo‘lganini gapirib bergan. Politsiyaga qotillik haqida xabar bergan shaxsga ko‘ra, tojik muhojirining tug‘ilgan kunida u ham qatnashgan. Tunda o‘sha yerda uxlaganlarini aytgan u.

Guvohning aytishicha, ertalab turgach, muhojir va uy egasi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqanidan xabar topgan. Natijada uy egasi o‘zining qo‘shnisi bilan birga tojik muhojirni shu oradagi qurilayotgan uyga olib borib, chuqur qazishga majburlashgan va oqibatda muhojirning o‘zini o‘sha chuqurga tashlab tiriklayin ko‘mishgan.

Mahalliy fuqaroning xabaridan so‘ng, tezkor-qidiruv guruhi xodimlari zudlikda ko‘rsatilgan manzilga yetib borganlar. Tekshiruv natijasida yangi qurilayotgan binoning yerto‘lasida haqiqatdan yangi qazilgan xandaq topilgan. Betonda aftidan, muhojirning qon izlari qolgan.

Tekshiruvchilar taxmin qilishlaricha, marhumning jasadi chuqurga yashirilgan, so‘ngra shubha tug‘dirmaslik uchun uning ustiga axlat yoqib, qum sepib qo‘yishgan.

Qidiruv ishlaridan so‘ng muhojirning jasadi ko‘milgan joyidan chiqarib olinib, ekspertizaga topshirilgan.

Moskvadagi Tojikiston elchixonasi Rossiyada tojik mehnat muhojirining o‘limi bilan bog‘liq hodisa sinchiklab o‘rganilishi va aybdorlar topilib jazolanishiga umid qilayotganini aytadi.

Ushbu voqea Rossiyada oxirgi paytda tojik muhojirlari bilan sodir bo‘lgan uchinchi hodisadir. Oldinroq, ikki tojik muhojiri rus millatchisi va ish beruvchilar hujumiga uchragani, ulardan biri halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEKGoogle+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring