Tojikistonlik armiyaga bormaslik uchun o‘zini o‘ldirdi

Tojikistonlik o‘smir armiyaga majburan olib ketishlariga qarshi o‘zini Vaxsh daryosiga tashlab, cho‘kib o‘lgan.

Hodisa 19 aprel kechqurun Rog‘un shahrining Norobod tuman Hakim posyolkasi yashovchisi bilan yuz bergan.

Halok bo‘lgan o‘smirning jasadi hali topilmagan.

Respublikada qurolli kuchlar safini to‘ldirish uchun yigitlarni armiyaga majburan jalb qilish usullari mavjudligi aytib kelinadi.

Xabarlarga ko‘ra, o‘smir yigit armiyaga olib ketilishidan qo‘rqib qochgan.

Oxirgi paytlarda tojikistonlik yigitlar orasida armiyaga borishdan ko‘ra, o‘limni afzal biladiganlar soni sezilarli oshgan.

Bunga sabab armiyadagi murakkab sharoit, "dedovshchina", yangi borganlarni avval kelganlar tomonidan turli usullar bilan qiynash holatlari ekani aytiladi.

Prezident Imomali Rahmon bundan avval bir necha marta yigitlarni armiyaga olib ketishda noqonuniy usullardan foydalanmaslikka chaqirgandi.

Biroq tojikistonlik tahlilchilarga ko‘ra, Tojikistonda majburiy usulsiz Qurolli kuchlar safini to‘ldirish rejasini bajarish mumkin emas. Shuning uchun, bu usuldan hamon voz kechilmaydi.

Tojikistonlik huquqshunos Oynixol Bobonazarovaning aytishicha, prezident o‘zining gapi bilan mamlakatda noqonuniy yo‘llar bilan armiyaga olib ketilishini juda yaxshi bilishini ko‘rsatdi. Lekin u majburan usul mas‘ullari qattiq jazolanmas ekanlar, bu ish qonunan bajarilmasligini ham nazarda tutishi kerak edi.

Ma‘lumotlar bo‘yicha, Tojikiston Qurolli kuchlari har yili 10-15 ming kishiga to‘ldiriladi. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, mamlakatda armiyaga chaqirilish yoshidagi 600 ming fuqaro bor, 150 mingi xizmatdan ozod qilinish huquqiga ega. Yana 100 mingga yaqini esa mamlakatdan tashqarida mehnat muhojirligida, deb ishoniladi.

Tojikistonliklarga ko‘ra, yoshlarni armiyaga chaqirish uchun ularda motivatsiya bo‘lish kerak. Harbiy xizmatdan kaltakdan boshqa narsa ko‘rmasa, yigitlar hech qachon armiyaga ixtiyoriy bormaydi. Hech bo‘lmaganda davlat o‘qishga kirish uchun imtiyoz berishi kerak ularga, deb yozishadi ijtimoiy tarmoq faollari.

Oxirgi xabarlarga qaraganda, Yaxchipun chegara harbiy otryadida xizmatda bo‘lgan askar sherigi bilan otishmada halok bo‘lgan. Ikkinchi askar og‘ir jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq