Toshkentda "poygachilar" sabab yo‘l harakati hodisasi sodir bo‘lgan

Toshkentning Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasida yuz bergan yo‘l harakati hodisasida uch avtomashina to‘qnashgan.

Hodisaga guvoh bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, Lasetti markali ikki amtomobil haydovchilari yuqori tezlikda bir-biri bilan poyga qo‘yib haydagan. Bu orada o‘rtaga Damas avtomashinasi tushib qolgan. Natijada Oq ranli Lasetti yo‘l chetiga borib urilgan va ariqqa tushib ketgan.

Xabarlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, biroq avtomobillarga jiddiy shikast yetgan.

Voqea joyiga darhol militsiya va tez yordam mashinalari yetib kelgani aytiladi.

Guvohlar hodisa oqibatlari aks etgan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlar. Undan ko‘rinishicha, ikki Lasetti va bir Damas avtomobili shikastlangan.

Turli darajada tan jarohati olgan hodisa ishtirokchilari kasalxonaga olib ketilgan.

Ijtimoiy tarmoqda izoh qoldirganlar Toshkent ko‘chalarida ana shunday "poygachilar" tufayli mashina boshqarish juda xavfli bo‘lib qolganini yozganlar.

Ularning fikricha, mashinani haydashga ruxsat berish yoshini cho‘zish kerak. Yosh yigit-qizlar mashinasini ko‘z-ko‘z qilish uchun qoidalarga rioya qilmay haydaydi. Ularning ko‘pchiligida hatto haydovchilik guvohnomasi ham yo‘q.

Hodisaga munosabat bildirganlarning aytishicha, O‘zbekistonda poraxo‘rlik bor ekan, bunday yo‘l harakati sodir etilaveradi. Chunki qoidani buzgan, mashinasini oldirgan bunday poygachilar DAN xodimlariga pora berib qoida buzishda davom etaverishadi.

Shunday mashina haydovchilar bois yo‘l harakati hodisalari sodir etilmoqda, ba‘zida insonlar hayotdan bevaqt ketishiga olib kelmoqda, deb yozadi foydalanuvchilar.

"Voditeli Tashkenta" guruhi mart oyida Toshkentning Bodomzor mahallasida katta tezlikda ketayotgan Kaptiva mashinasi bir odamni urib ketgani haqida xabar bergandi.

Unda aytilishicha, yo‘l harakati qoidasini buzgan mashina ortidan militsiya quvayotgan bo‘lgan. Saptiva haydovchisi Cobalt va Spark avtomobillariga ham zarar yetkazgan, uch farzandning onasi hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda oxirgi paytlarda yo‘lda harakatlanishga doir yangi qoidalar kiritilgan. Jumladan, mobil telefonda gaplashib mashina haydaganlar, himoya kamarini taqmaganlar va mashinasida kechasi chiroq nurini qaytaradigan nimcha bo‘lmaganlar jarima tortilishi aytilgan.

Shuningdek, harakatni tartibga solish uchun Toshkent yo‘llaridagi chorrahalarga 1,5 ming atrofida videokameralar o‘rnatilishi rejalashtirilgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring