Qiynoq dasturi mualliflari sudga berildi

Image copyright AFP
Image caption Ruhshunoslar ishlab chiqqan dasturga binoan mahbuslarni ochlik, kaltaklash, ustidan sovuq suv quyish, uyqusizlik bilan qiynash usullaridan foydalanilgan.

AQSh Federal mahkamasi kichik Jorj Bush prezidentligi paytida Markaziy Josuslik Boshqarmasi uchun so‘roq tizimni ishlab chiqqan ikki sobiq harbiy ruhshunosga qarshi ishni ko‘rib chiqishni boshlagan.

Ish Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi notijorat tashkiloti tomonidan berilgan da‘vo arizasiga asosan ochilgan.

Tashkilot ma‘lumotlariga ko‘ra, arizada ko‘rsatilgan uch inson maxsus xizmatlar tomonidan qiynoqlarga solingan. Ular orasida MJX tomonidan 2000 yillarda hibsga olingan Somali, Liviya va Afg‘oniston fuqarolari bor.

Aytilishicha, ulardan biri qiynoq asoratlari orqasidan Afg‘onistonda vafot etgan.

Biroq rasman hech kimga ayblov e‘lon qilinmagan.

AQSh Federal mahkamasidagi ish AQShda MJX qiynoqlariga ta‘luqli ko‘rib chiqilayotgan birinchi holat hisoblanadi. Ittifoqning ma‘lumotlariga qaraganda, bundan oldin bu mazmundagi arizalar AQSh manfaatlari va xavfsizlik yuzasidan mahkama tomonidan qabul qilinmagan.

Ayni ish maxfiy ma‘lumotlardan foydalanishni taqozo qiladi. Mahkama jarayonida bu ma‘lumotlar bilan qanday yo‘l tutish to‘g‘risida tomonlar kelishib olishlari lozim bo‘ladi.

Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi arizasiga ko‘ra, ruhshunoslar Jeyms Mitchell va Bryus Jessen Markaziy Josuslik xizmatini qiynoqlarni "rasmiy siyosat sifatida" qabul qilishga ishontirganlar.

Ular ishlab chiqqan dasturga binoan, ochlik, kaltaklash, ustidan sovuq suv quyish, uyqusizlik bilan qiynash usullaridan foydalanilgan. Bu usullar mahkumlarning irodasini sindirishga mo‘ljallangan.

Ruhshunoslar tadqiqotlari 1960 yillarda itlarga qo‘llanilgan eksprimentlarga asoslangan, deb xabar beradi Assoshieyted Press.

Mitchell va Jessen himoyachilari mahkamadan da‘vo arizasini ko‘rib chiqmaslikni so‘raganlar. Himoyaga ko‘ra, mijozlari o‘sha paytda davlat xizmatchisi bo‘lganlar va shartnoma asosida ishlaganlar.

Ruhshunoslar dasturni ishglab chiqqanlar, lekin uning qanday bajarilishi bo‘yicha mas‘uliyatni zimmalariga olmaganlar. Himoya tomoniga ko‘ra, barcha mas‘uliyat hukumat zimmasidadir.

AQSh Senati 2014 yil MJX terrorizmga qarshi kurashda so‘roq tizimini ishlab chiqish uchun ruhshunoslar idorasiga 80 million dollar to‘lagani haqida hisobotni e‘lon qilgan. Keyinchalik bu idoraning nomi Mitchell Jessen & Associates of Spokane bo‘lib, Mitchell va Jessen tomonidan boshqarilgani aniqlangan. Ruhshunoslarning o‘zlarida bu kabi ishda oldindan tajribalari bo‘lmagani qayd etiladi.

Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqidagi ma‘lumotlar ko‘rsatishicha, 2002-2008 yillarda 119 kishi qiynoqlarga duchor etilgan. Ruhshunoslar tomonidan tayyorlangan ushbu dastur hozir qo‘llanilmaydi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq