Obama: Rossiya jazo choralari kuchda qolishi kerak

Image copyright EPA
Image caption Obama Olmoniyada

Prezident Obamaga ko‘ra, Rossiyaga qarshi qaratilgan xalqaro jazo choralari to Moskva Minsk kelishuvini bajarmagunga qadar kuchda qolishi kerak.

Obama shuningdek, AQShning Suriyadagi harbiy hozirligini kengaytirish haqida gapirgan.

"Men Rossiya bilan yaxshi aloqalar o‘rnatilishi tarafdoriman, bu yo‘lda men ancha harakat qildim. Ammo biz jazo choralarini Rossiya Minsk kelishuvini bajarmagunicha kuchda qoldirishimiz lozim", deb aytgan Barak Obama Olmoniya biznes guruhlari qarshisida qilgan chiqishida.

Barak Obama xalqaro sanoatchilar yarmarkasi Hanover Messe ochilishida nutq so‘zlagan.

Minsk kelishuvi Ukraina sharqidagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan xalqaro murosasozlar tomonidan ishlab chiqilgandir.

Bu kelishuv tarkibida Donbassdan xorijiy va yollanma qo‘shinlarning chiqarilishi, asirlar va mahbuslarning ozod etilishi kabi shartlar bor.

Bundan tashqari Donetsk va Lugansk viloyatlarida o‘z-o‘zini boshqarishga doir xos qonunchilikni tiklash ham ko‘zda tutilgan.

Ovro‘po va Ukrainaga ko‘ra, Minsk kelishuvi ukrainalik uchuvchi, Rossiya tomonidan 22 yillik qamoq jazosiga loyiq ko‘rilgan Nadejda Savchenkoning ozod etilishini ham taqozo qiladi.

O‘z navbatida Rossiya Ukrainani Donbassning alohida mavqeiga doir shartlarni bajarmayotganlikda ayblaydi.

Ittifoqchilarga da‘vat

Image copyright AP
Image caption Ittifoqchilarga da‘vat

Barak Obamaning Hannoverga safaridan asosiy maqsad xalqaro savdo aloqalari bilan bog‘liqdir.

U yirik nemis shirkatlari rahbarlari bilan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi o‘rtasida erkin savdo va sarmoya yotqizishda hamkorlik masalalarini muhokama etgan.

Ayni hamkorlikning tanqidchilariga ko‘ra, bu kelishuvlar atrof-muhitni muhofaza etishga doir nazoratni kuchsizlantiradi va fuqarolarning mehnat huquqlariga salbiy ta‘sir qiladi.

U shuningdek, NATO davlatlarini xavfsizlik sohasiga ketadigan mablag‘lardan iqtisod qilmaslikka chaqirgan.

Qochqinlar muammosiga ham to‘xtalgan AQSh prezidenti Ovro‘poni eshiklarni yopmaslikka undagan, Olmoniyani Yaqin Sharqdan eng ko‘p qochqinlarni qabul qilgan davlat o‘laroq olqishlagan.

Obama Suriyada AQSh harbiy hozirligi kengayishini ham e‘lon qilgan.

Yangi rejalarga ko‘ra, Suriyadagi AQSh harbiylari soni 50 nafardan 300 nafarga ortadi.

Amerikalik harbiylar do‘st va ittifoqchi guruhlarni IShIDga qarshi kurashda ko‘makdoshi bo‘lishadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring