"Odnoklassniki" uchun Rossiyadan keltirilib 7 yilga qamalgan

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston tinchligini saqlash vaji bilan mamlakat kuchishlatar tizimlari sodir etayotgan jinoyatlarga yana bir e‘tibor qaratganlar.

Bu jinoyatlar insonni o‘g‘irlash, noilojlikdan o‘zi bilan bir xonada istiqomat qilgan insonga qarshi jinoiy ko‘rsatma berishga majbur etish, noinsoniy qiynoqlarga solish va bu amallardan shikoyat qilgan qarindoshlarini ana shunday qiynoqlarga solish bilan tahdid qilish singari amallarni o‘z ichiga oladi.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" va "Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik" tashkilotlari O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyat bo‘limi xodimlarining yana bir qonunga zid amallari haqida hisobot e‘lon qildilar.

Hisobot 24 yoshli Davron Komoliddinovning Rossiyadan olib kelinib "Toshturma" va Farg‘ona viloyat Milliy Xavfsizlik xizmati yerto‘lasida qiynoqlarga solinishi va sodir etmagan jinoyatlarini bo‘yniga olishi uchun qiynoqlarga solinganiga bag‘ishlangan.

Davron Kamoliddinov mehnat muhojiri sifatida Rossiyada ishlab yurgan payti O‘zbek rasmiylari uni ekstraditsiya etishni talab qilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, unga nisbatan 2012 yili oktyabrida hibsga olingan ikki O‘zbekiston fuqarosining ko‘rsatmalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Davron Komoliddinov ular bilan Rossiyada bo‘lgan paytlari muloqot qilgan.

O‘sha ikki kishining ham boshqa bir insonga qarshi ko‘rsatma berishga majburlanib qiynoqqa solinmaganlariga kafolat yo‘q.

Davron Komoliddinov Rossiyada namoz o‘qigan.

U Internetda mustaqil imomlarning va‘zlarini topib olib tomosha qilgan.

Imomlarning suratlarini "Odnoklassniki" sotsial tarmog‘idagi sahifasida chop etgan.

O‘zbekiston MXXsi buning uchun Davron Komoliddinovga O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, diniy nizo qo‘zg‘ash, noqonuniy diniy tashkilotga a‘zolik ayblovlarini ilgari surgan.

Rossiya politsiyasi Davron Komoliddinovni Krasnoyarsk shahrida 2015 yil martida ushlagan.

Yaqinlari uni oxirgi marta 27 mart kuni mahkamada ko‘rganlar.

Shu bilan uning qayerdaligi noma‘lum qolgan.

Avgust va sentyabr oylarida "Toshturma"da saqlangani keyin ma‘lum bo‘lgan.

Farg‘onadagi mahkama 10 noyabr kuni Davron Komoliddinovni uch band bo‘yicha ham aybdor deb topib yetti yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

Uning o‘ziga ham, advokatiga ham hukm qarorining nusxasi berilmagan.

Sud hukmidan so‘ng Qarshidagi qamoqxonada Davron Komoliddinovni ko‘rgan akasi uning badanida ko‘kargan joylar va yaralar bo‘lganini aytgan.

Farg‘ona Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari agar yaqinlari shikoyat qiladigan bo‘lsalar, "boshlariga Davronning kunini solish" bilan tahdid qilganlar.

O‘zbekiston hukumat rasmiylari har-har zamonda mamlakatdagi abgor inson haqlari vaziyati borasida BMTga hisobot berib turishlari talab qilinadi.

2013 yili BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston hay‘atining rahbari Akmal Saidovning real odamlarning qiynoqqa solingani haqidagi juda ham jiddiy, aniq va batafsil savollarga baqirib-chaqirish bilan javob qaytarishdan o‘zga chorasi qolmagan edi.

Yaqin orada O‘zbekiston hay‘atininng xalqaro minbarlardan turib so‘zlashlariga to‘g‘ri kelishini inobatga olib "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" va "Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik" tashkilotlari qiynoqlarni to‘xtatish, Davron Komoliddinovning qiynoqqa solingani yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga, BMTning O‘zbekiston hukumatiga 2015 yilda bergan tavsiyalari bo‘yicha ish tutishga chaqiradilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq