"Qirg‘iziston Oliy sudi Asqarov ishini ko‘rib chiqishga tayyor"

Qirg‘iziston Oliy sudidan bildirishlaricha, taniqli inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovning ishini qayta ko‘rib chiqishlari mumkin. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar tarqatgan.

"BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasidan Oliy sudga kelib tushgan qaror munosabati bilan Qirg‘iziston Konstitutsiyasining 41-bandi bizni Azimjon Asqarovning huquq va erkinliklarini tiklash choralarini ko‘rishga mas‘uliyatli qiladi. Bundan oldin Asqarov militsionerni o‘ldirgani uchun hukm qilingan. Jinoiy-protsessual qonunchilikka muvofiq BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining yuqorida nomi tilga olingan qarori Oliy sud tomonidan jinoyat ishini yangi holatlar bo‘yiqa qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ladi", deb aytgan Qirg‘iziston Oliy sudi raisasi Aynash Tokbayeva.

Tokbayeva xonim so‘zlariga ko‘ra, Azimjon Asqarovning ishini ko‘rib chiqishda BMT qo‘mitasi taqdim etgan vajlar mahkama tomonidan inobatga olinadi.

21 aprel kuni BMT Inson huquqlari qo‘mitasining ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqdilar.

BMT: Qirg‘iziston bir necha xalqaro hujjatni poymol etgan

BMT qo‘mitasi Azimjon Asqarovning hibsga olinishi Qirg‘iziston qonunlariga zid bo‘lgani, izolyatorda inson chidab bo‘lmas sharoitda saqlangani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani hamda o‘zini mahkamada himoya qilish imkoniyatlaridan mahrum etilganini urg‘ulagan.

Bu bilan Qirg‘iziston o‘zi a‘zosi bo‘lgan bir necha fuqaroviy va siyosiy huquqlar paktlarini poymol etgan, deyiladi BMT ekspertlari xulosasida.

Azimjon Asqarov 2010 yil 16 iyunda Qirg‘iziston janubidagi fojeaviy iyun voqealaridan keyin qamoqqa olingan.

Uni iyun voqealari jarayonida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilishda va mahalliy militsiya zobitini o‘ldirishda sheriklikda ayblashgan.

2010 yil 15 sentyabrida Qirg‘iz mahkamasi Asqarovni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Image copyright fergananews.com

Azimjon Asqarov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni hamisha inkor etib kelgan.

AQSh hamda Ovro‘po Ittifoqi Azimjon Asqarovga chiqarilgan mahkama hukmidan o‘z noroziliklarini bildirib kelganlar, Azimjon Asqarovning dastlabki hibs payti shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani mahkama tomonidan inkor etilgani qayta-qayta ta‘kidlangan.

AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Azimjon Asqarovni "Inson huquqlari himoyachisi" mukofoti bilan mukofotlagani Qirg‘iziston rasmiylarini g‘azablantirdi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi taniqli o‘zbek inson haqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofoti bilan taqdirlanganini qoralab bayonot e‘lon qildi.

"A.Asqarovning bunday yuksak mukofot bilan mukofotlanishi Qirg‘iz Respublikasi tomonidan bizning mamlakatimizda millatlararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga qarshi qaratilgan atayin amal deb baholanadi. Qirg‘iz tomoni buni mamlakatda xalqlar birdamligini mustahkamlashga qaratilgan jarayonni qo‘porishga qaratilgan omil sifatida ko‘radi", deyiladi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda.

Azimjon Asqarov mukofotlanganiga javoban Qirg‘iziston AQSh bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qilgan edi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq