Vashington va Ar-Riyodda 11 sentyabr ko‘lankasi kezmoqda

Image copyright Spencer Platt Getty
Image caption Yangi qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, unda 2001 yil 11 sentyabr hujumlari qurbonlarining qarindoshlari Saudiya Arabistonini mahkamaga berishi mumkin

AQSh kongressida bir necha oydan beri yangi qonun loyihasi muhokama etilmoqda.

Bu qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, unda 2001 yil 11 sentyabr hujumlari qurbonlarining qarindoshlari Saudiya Arabistonini mahkamaga berishi mumkin.

11 sentyabr hujumlarida uch mingga yaqin inson qurbon bo‘lgan edi.

Ayni qonun loyihasining tashabbuskorlari Texaslik respublikachi senator Jon Kornin va Nyu Yorkdan demokrat Chak Shumer.

Ayni hujjatni tarkibida liberal demokrat El Frenken va ashaddiy an‘anador, respublikachi Ted Kruz ham bo‘lgan koalitsiya dastaklamoqda.

Bu hozirgi zamon manzarasida g‘aroyib, kamdan kam ro‘y beradigan yakdillik sanaladi.

Ayniqsa, saylov yili partiyalararo kurash qizigandan qizib borayotgani nazarda tutilsa…

Daxlsizlik yuziga tortilgan shapaloq

Image copyright Reuters
Image caption Saudiyaliklar Obamadan xafa...

AQSh shaharlariga olib qochilgan uchoqda hujum qilganlarning 19 nafaridan 15 nafari Saudiya Arabistoni fuqarolari edi.

Ayni mana shu holat Saudiya podshohligini bu hujumlarga aloqador degan turfa taxminlarning urchishiga sabab bo‘ldi.

Ar Riyod bu taxminlarni qat‘iy rad etadi.

Ammo oradan vaqt o‘tishi bilan bu taxminlarni qaysidir ma‘noda dastaklaydigan turfa qarashlaru holatlar o‘rtaga chiqdi.

Bu esa qurbonlarning qarindosh-urug‘lari tomonidan Saudiya Arabistonidan gumonlarini yana ham mustahkamladi.

Ular islomchilarni moliyalashda gumon qilingan jamg‘armalarga hayrihoh deb ko‘rilgan Saudiya podshohlik oilasi a‘zolari, bu mamlakat banklari va turfa xayriya jamg‘armalarini mahkamaga tortishga harakat qilib ko‘rishdi.

Ammo har safar bu yo‘lda 1976 yilda qabul qilingan qonun to‘g‘onoq bo‘ldi.

Bu qonunga ko‘ra, xorijiy davlatlar Amerika mahkamalaridan o‘ziga xos daxlsizlikka ega.

Yangi qonun loyihasi esa ana shu to‘g‘anoqni bartaraf etishi, xorij davlatlariga berilgan immunlik mavqei bekor qilinishi ko‘zda tutadi.

Obama ma‘muriyati esa bu qonun loyihasiga qarshi chiqmoqda.

Oq uydagilarning ishonishicha, mazkur qonun loyihasi qabul qilinsa, unda xorijdagi amarikaliklar hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Obama ma‘muriyati bu qonun loyihasi Saudiya Arabistoni bilan AQShning shundoq ham sovuq munosabatlariga yanada salbiyroq ta‘sir qiladi degan ishonchida sobit.

Barak Obamaning yaqinda Saudiyaga safarida ham bu sovuqlik yaqqon namoyon bo‘ldi.

Uni aeroportda podshohning o‘zi emas, balki viloyat hokimi qarshi oldi.

Amerika matbuoti esa bu "mehmondo‘stlik"ni Saudiya Arabistoni podshohligi tomonidan prezident Obamani ochiqdan ochiq yerga urish deb talqin qildi.

Saudiya Suriyadagi inqirozda Vashington tutgan mavqei, o‘zining ashaddiy dushmani Eron bilan yadro dasturi borasida kelishuvi uchun ham g‘azabda ekani taxmin qilinadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring