Qozog‘istonda yer sotilishiga qarshi norozilik chiqishlari

Qozog‘istonning Aqto‘be va Semey shaharlarida o‘nlab kishilar yer sotilishi va ijaraga berilishiga qarshi norozilik amaliyotlari tashkillashtirganlar.

Aqto‘be shahrida namoyish "Birinchi Prezident parki" deb nomlangan bog‘da bo‘lib o‘tgan.

Semey shahrida ham o‘nlab kishilar to‘plangan.

Rasmiylar norozilik amaliyotini tashkil qilish oqibatlaridan ogohlantirganlar.

Qozog‘istonda ham sanktsiyalashtirilmagan namoyishlar qonunga zid hisoblanadi.

Bunday namoyishlardan dastlabkisi 24 aprel kuni Atirau shahrida bo‘lib o‘tgan.

Atiraudagi norozilik chiqishida yuzlab odamlar to‘planganlar.

Ular Qozog‘iston yerlarining chet elliklarga sotilishiga qarshi ekanliklarini bildirishgan.

Qozog‘istonda "Er Kodeksi"ga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Bu o‘zgarishlarga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab dehqonchilik maqsadida foydalaniladigan yerlar kimoshdi savdosida sotiladi.

Mamlakat yerlarini xorijliklar sotib olishlari mumkin, degan ovozalar tarqalgani norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.

Rasmiylar esa "Er Kodeksi" faqat Qozog‘iston fuqarolariga yerni sotib olish huquqini berishi haqida aytdilar.

Chet elliklarga esa yerni 25 yilga ijaraga olishlariga ruxsat beriladi.

Atiraudagi norozilik chiqishidan keyin Prezident Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston yerlari xorijiy fuqarolarga sotilmaydi deb aytdi.

Qozog‘iston Xalqlari Assambleyasining navbatdagi sessiyasida gapirgan Prezident Nazarboyev, "bu mavzudagi gap-so‘zlar asossiz", deb aytgan.

"Er Kodeksi"ga o‘zgartirishlar haqida vaziyatni taranglashtirayotgan odamlarni "fosh qilish va qonun bo‘yicha jazoga tortish"ga chaqirgan Qozog‘iston rahbari.

"Bu yerda masala fermerlarimizning yerga egalik qilishlariga imkoniyat yaratish haqida. Biz aytdikki, avval ijara vaqti 10 yil edi, lekin bu vaqt ichida hech kim o‘z pulini qaytarib ololmaydi, ayniqsa, chet ellik sarmoyadorlar. Shuning uchun biz 25 yilga uzaytirdik. Rossiyada 49 yil, Amirliklarda 99 yil... Shovqin ko‘tarayotganlar traktoridan tushib kelgan odam yoki cho‘ponlar emas. Balki qishloq xo‘jaligi haqida umuman tushunchasi yo‘q, yer o‘zi qayerda ekanini umuman bilmaydiganlar", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring