Internet maqolani ekstremistik deb topsalar 8 yil...

Image copyright iStock

Prezident Islom Karimov imzolashi bilan mamlakat parlamenti oxirgi sessiyasida qabul qilingan qonunlar kuchga kirgan.

Xususan, endi Internetda material e‘lon qilinishi diniy-ekstremistik adabiyot tarqatishga tenglashtirilib 8 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin, kimningdir yonidan "Islomiy Davlat"ning bayrog‘i topilsa, 3 yilgacha qamalishi mumkin.

O‘zbekiston matbuoti xabar qilishicha, Prezident Karimov 25 aprel kuni O‘zbekiston qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadidagi qonunni imzolagan va ertasi kuni matbuotda e‘lon etilishi bilan kuchga kirgan.

Bu qonun juda ko‘p huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritgan.

Samolyot uchuvchisi ko‘ziga lazer nurini qaratgani uchun javobgarlik, fohishaxona tashkil qilgani uchun jazo, banklar va nohukumat tashkilotlari haqidagi qonunlar bilan birga Ma‘muriy javobgarlik Kodeksi, Jinoiy-Protsessual Kodeks, Jinoyat kodeksiga va "Terrorizmga qarshi kurash" deb nomlangan qonunga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Jinoyat Kodeksining 244-bandi 1-qismiga mana bunday qo‘shimcha qo‘shilgan:

"ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiyadan, shuningdek, Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda"

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-bandi 1-qismi "mashhur" band ekanini yaxshi biladilar, u diniy-ekstremistik adabiyot tarqatish nomi bilan tanilgan.

Endi bu band bo‘yicha kimningdir jinoiy javobgarlikka tortilishi uchun u O‘zbekistonda bo‘lishi shart emas, Internetda nimadir yozgan bo‘lsa yoxud qaysidir maqolani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan bo‘lsa, O‘zbekistonda noqonuniy diniy-ekstremistik adabiyot tarqatish bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishiga yetaklashi mumkin.

"Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonunga esa "terrorizmni moliyalash" degan atama kiritilgan va prokuraturaning soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurash departamentiga pul jo‘natmalarini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Qator qonun va kodekslarga kiritilgan o‘zgartirishlar Suriya yoki Iroqdagi guruhlarga qo‘shilgan yoki ko‘nglida bunday guruhlarga xayrixohligi bor o‘zbekistonliklar uchun jazoni yanada kuchaytirish maqsadini ko‘zlagan.

Agar kimdir o‘sha guruhlarga borib qo‘shilaman, deb O‘zbekistondan chiqsayu, lekin orqaga qaytadigan bo‘lsa ham 5 yildan 7 yilgacha qamalishi mumkin.

Terrorchilik tashkiloti deb ko‘rilgan guruhga odam yollagani uchun 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Diniy-ekstremistik, terroristik tashkilot ramzini tarqatish yoki namoyish etish uchun saqlash 3 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ana shunday ramzni O‘zbekiston hududida namoyish etsa yoki tarqatsa, 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Agar taqiqlangan guruh ramzini ko‘rsatish yoki tarqatish xorijiy davlat yoki diniy tashkilot yoki xorijdagi odamning moliyaviy yordami bilan bo‘lsa yoki Internetdan foydalanilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosini olish mumkin.

O‘zi noqonuniy diniy tashkilotga a‘zolik yoki taqiqlangan adabiyot tarqatish bandlari uchun O‘zbekistonda allaqachon qattiq jazolar qo‘llanib keladi.

"Hizbut-Tahrir"ning bitta varaqasi uchun bir necha yillik qamoq jazosi hukmlari 1999 yil Toshkent portlashlaridan keyin ko‘paygan.

Bu band uchun 3 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan esa-da, ammo ayblanuvchining bo‘yniga ko‘pincha konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, noqonuniy diniy tashkilotga a‘zolik bandlarini ham qo‘shganlari uchun bunday insonlar uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.

So‘nggi o‘zgarishlar O‘zbek rasmiylarining O‘zbekiston fuqarolarining "Islomiy Davlat" safiga qo‘shilayotganlaridan xavotirini namoyish etadi.

Bu o‘zgarishlarsiz ham Parkentda IShID varaqasini tarqatgan 18 yoshli Firdavs Salimov o‘tgan yil oktyabrida 9 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Kuni kecha xalqaro tashkilotlar mustaqil imomlarning suratlarini "Odnoklassniki" sotsial tarmog‘idagi sahifasida tarqatgani uchun Davron Komoliddinov Rossiyadan ekstraditsiya qilingani, qiynoqlarga solinib 7 yilga qamalgani haqida hisobot e‘lon qildilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq