Suriya inqirozi: Halabda kasalxona hujumga uchragan

Image copyright AFP

Halab shahridagi Al-Quds kasalxonasi havo hujumiga tutilishi natijasida kamida 14 bemor va uch shifokor halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda xalqaro "Chegara bilmas shifokorlar" xayriya tashkiloti.

Suriya inson haqlarini kuzatish guruhiga binoan, qurbonlar orasida 36 yoshli bolalar shifokori Muhammad Vosim ham bo‘lgan.

Ko‘ngillilardan iborat fuqaro mudofaasi agentligiga ko‘ra, shifoxona va uning atrofidagi binolar to‘rt marta havo hujumiga tutilgan.

Image copyright AFP

Mahalliy manbalar hujumda Suriya hukumati va Rossiya harbiy uchoqlarini ayblaganlar. Biroq bu borada rasmiy munosabat bildirilmagan.

Oldinroq Xalqaro Amnesti inson haqlari tashkiloti Rossiya va Suriyaning hukumat aviatsiyasi Halab shahridagi harbiy amaliyotlar doirasida muntazam ravishda kasalxonalarni vayron qilayotganini aytgandi.

Image copyright AFP

Suriyada muxolifat va hukumat kuchlari o‘rtasida qisman otashkesimga kelinganiga qaramasdan, oxirgi kunlarda qarama-qarshiliklar yana kuchaygani kuzatilgan.

Kuzatuvchilarning bildirishicha, ikkala tomondan 30 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgan, o‘nlabi yaralangan.

Image copyright AFP

Janglarning yangi to‘lqini Suriya armiyasi Rossiya kuchlari dastaklovida Halabga yirik amaliyotni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.

Hujumlar BMT vositachiligida o‘tgan oy qayta boshlangan tomonlarning tinchlik muzokaralarini xavf ostida qoldiradi.

Chorshanba kuni Suriyadagi BMT vakili Staffan de Mistura AQSh va Rossiyadan "qil ustida turgan" tinchlik muzokaralarini qutqarish uchun "eng yuqori darajada"gi aralashuvga chaqirgan edi.

Image copyright AFP

Kelishuvdan ikki oy o‘tib, janglar qayta boshlanganining sababi, otashkesim butun front bo‘ylab to‘xtatilmaganida, deydi Beyrutdagi BBC muxbiri Jim Muir.

"Islomiy davlat" va boshqa jangari guruhlar nazorati ostidagi hududlarda janglar davom etaverdi. Nusra fronti jangari guruhi janglar ketayotgan deyarli barcha hududlarda qatnashmoqda va Axror ash-Sham kabi guruhlar bilan birga harakat qilmoqda, deb xabar beradi u.

O‘tgan haftada Suriya kuchlari va isyonchilar tomonidan sodir etilgan portlashlar 100 dan ortiq tinch fuqaroning yostig‘ini quritgan.

BMTning Suriyadagi vakili ma‘lumotlariga ko‘ra, oxirgi 48 soatda taxminan har 25 daqiqada bir suriyalik halok bo‘lgan, har 13 daqiqada bittasi yaralangan.

Besh yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushida Suriyada 270 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan, millionlab kishilar mamlakatni tark etganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq