Karimov va Putin nutqlari tahlili

Image copyright AFP

Shu kunlarda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Moskvada Rossiya prezident bilan muzokarlari so‘ngida berilgan matbuot anjumanidagi nutqi tahlilchilar e‘tiborini o‘ziga tortmoqda.

Shu jumladan janob Karimovning Prezident Putindan deyarli besh barobar uzunroq nutq qilganigina emas, uning ohangi, ko‘targan mavzulari, diplomatik nutq doirasidan ne qadar qolgani va kosa ostidagi nim kosa ma‘nolarini qidirish urinishlari ham bor.

London universitetlaridan birida Markaziy Osiyo va Qavqoz markazidan tahlilchi Alisher Ilhomov kuzatuvlari bilan tanishing.

Men Prezident Islom Karimovning nutqlarini hamisha katta qiziqish bilan eshitaman.

Janob Karimovning avvaldan boshqalar tomonidan tayyorlab berilgan nutqlari matnidan chiqib ketish odati tufayli, uning nutqlari turli mazmunlarga boy bo‘ladi. Bu borada kuzatuvchilarnig aksari men bilan hamfikr bo‘lsalar kerak.

Men janob Karimovni diplomatik nutqlarning djazmeni, deya atagan bo‘lardim.

U avvaldan yozilgan notalar va berilgan mavzudan chetga chiqib ketishga moyil, improvizatsiyalarga berilib ketuvchi, o‘ziga xos musiqachidir.

Albatta, bu djazmencha nutq uquvini Islom Karimov unga e‘tibor hamisha ta‘minlangan O‘zbekistonda Vazirlar mahkamasi, parlament a‘zolari, turli omma o‘ngidagi chiqishlar va forumlardagi nutqlari natijasida egallagan.

Image copyright AP

Bu kabi nutqlar mobaynida bir esnab ko‘ring-chi, kuningizni ko‘rasiz.

Karimov haqida - mamlakatdagi yagona siyosatchi - degan ta‘rif yuradi. Men bu ta‘rifga yagona djazmen, yagona aktyor va o‘z fikrini izhor etuvchi yagona shaxs degan ta‘riflarni ham kiritgan bo‘lardim.

Lekin agarda O‘zbekistondagi boshqalarga ham bu kabi o‘z fikrlarini izhor etish imkoni berilganda edi, albatta buyuk kelajak voqelikka aylangan bo‘lurdi.

Mana Moskvadagi Prezident Putin bilan muzokaralar nihoyasidagi matbuot anjumanida janob Karimov yana serquyosh mamlakatga madhiyasini ijro etdi. Madhiyani o‘ta berilib, o‘ziga xos ilhom bilan ijro etdi.

Prezident Putin qo‘lidagi qog‘ozdan ko‘zini uzmay 4 daqiqadayoq nutqini yumaloq yostiq qilgan bir paytda, Karimovning bu madhiyani ijro etishi 20 daqiqdan ko‘proq vaqtni oldi.

Bu ikki nutqning usuli mutlaqo o‘zgacha edi.

Bu albatta tashqi, rasmiy ko‘rinish.

Mazmuniga kelsak, maestro Karimov qanday mavzularga to‘xtaldi.

Mavzular bir necha edi. Lekin bu mavzularni ilg‘ab olish tahlilchi uchun mushkul vazifa. Putin va Karimov nutqlarining “so‘z bulutiga” nazar tashlaylik, bular qaysi so‘zlarni eng ko‘p ishlatishgan ekan?

Vladimir Putin "so‘z buluti":

Ko‘rib turganingizdek, Putin eng ko‘p ishlatgan so‘zlar - "hamkorlik", "aloqa", "sarmoya yotqizish", "milliardlar", "dollarlar" va nihoyat "O‘zbekiston". Bu so‘zlarning paydo bo‘lish darajasi tushunarli va muzokaralar mavzusiga mos tushadi.

Islom Karimov "so‘z buluti"

Endi janob Karimov nutqida eng ko‘p ishlatilgan so‘zlarga nazar tashlaylik.

Istehzoli yeri shuki, bu so‘zlar hech qanday ma‘lumot o‘zida tutmaydigan so‘zlar: "bu, nima, faqat, biz"

"Afg‘oniston" va ShOS kabi ma‘nodor so‘zlar anchayin kamroq ishlatilgan. Yo, deylik, O‘zbekiston hamda Rossiya so‘zlari qani?

Buni men o‘z molini sotmoqchi bo‘lgan savdogarning yirik harflar bilan molining afzalliklarini yozib, kichik harflar bilan sotib olish shartlari va cheklovlarini yozishiga o‘xshatdim.

Lekin bir farqi bor, olmosh va ko‘makchi so‘zlar sotmoqchi bo‘lgan molning afzalliklari haqida ma‘lumot bermaydi.

Demak savdogar sifatida janob Karimov o‘z vazifasining uddasidan chiqmadi. Har qalay bu galgi nutqi davomida.

Albatta, shunga qaramay, uning nutqi mazmundor edi. Lekin bu mazmunni qidirib topish lozim. Chunki biz istabmi yoki istamay kam ma‘noga ega bo‘lgan so‘z va fikr ortiga mazmunni yashirish harakatiga duch kelmoqdamiz.

Xuddi u o‘z so‘zini aytmoqchi bo‘lganu, lekin ayni vaqtda adashtirishga ham harakat qilgan. Ya‘ni uning aytar so‘zini faqatgina tanlangan bir hovuch inson tushunsa.

Bu esa o‘z navbatida uning janob Putin bilan "ochiqchasiga suhbatlashib olingani" haqidagi da‘vosiga mos kelmaydi.

Yoki u olmosh va ko‘makchi so‘zlarga boy bo‘lgan nutqi bilan, yashirin mazmunli mafhum nutqi bilan faqatgina keng ommani adashtirmoqchi bo‘ldimi va janob Putin bilan suhbati mobaynida aniq, oshkor va mazmundor bo‘lganmikan? Balki shundaydir...

Xo‘sh, janob Karimovning improvizatsiyalarida qanday mavzular yangradi?

Birinchidan, faqatgina uning o‘zi prezident Putin bilan ochiqchasiga va ishonch bilan gaplasha olish imkoniga ega bo‘lgani.

Bunday bo‘lsa, kimga bu imkon berilmagan? Ehtimolki, Putinnig Ovrosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bo‘yicha hamkorlari nazarda tutilgandir...

Bu yerda ayniqsa yaqinda o‘zbek-qirg‘iz chegara hududida bo‘lib o‘tgan hodisalar manzarasida boshqa markaziy osiyolik rahbarlar bilan muqoyasa, ayniqsa Atamboyev va Rahmon bilan muqoyasa qilingan bo‘lsa ajab emas.

Shundan so‘ng janob Karimov o‘zini tashvish va xavotirga solayotgan, kechalari uyqu bermayotgan nimadir haqida uzoq chaynaldi.

Lekin bu tashvishli mavzu nima edi, faqat taxmin qilishimiz mumkin. Balki keyinroq tilga olgan Afg‘oniston borasidamikan...

Janob Karimov Afg‘onistondan AQSh va NATO kuchlarining olib chiqilishi tufayli u yerdagi vaziyat barqarorlashmasligidan anchadan beri xavotirda.

Agarda Toliblar yana O‘zbekiston chegaralariga yaqinlashib kelsalar, uning o‘z kuchi bilan ularga qarshi chiqa olishiga ishonchi yo‘qdek.

Lekin xavotirga asos bormi? O‘zbekiston qurolli kuchlari Markaziy Osiyodagi eng qudratlisi deb ko‘riladi. Lekin qurolli kuchlarning rejimga sodiqligi savol ostidadir.

Musulmonlar va fuqaro jamiyatiga nisbatan ommaviy tazyiq sodiqlikning o‘sishiga olib kelmaydi va buni janob Karimov his qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Janob Karimov, ko‘rinishicha, Rossiyani mintaqadagi yirik qudrat bo‘shlig‘ini yana to‘ldirishi tarafdori.

Aftidan, Prezident Karimov afg‘on muammosini jahonning va mintaqaning yirik kuchlarisiz yechilishiga ishonmaydi.

Balki janob Karimovning mintaqa ahamiyatini kichraytirib ko‘rsatuvchi iborlarni ishlatgani ham shundandir. Masalan, bir vaqtlar Soljenitsin tomonidan kiritilgan va Markaziy Osiyodagi ziyolilarning qahriga sabab bo‘lgan "Rossiya qorni ostidagi hudud" kabi ibora kabi... Endilikda go‘yoki Karimovning o‘zi ham mahalliy vatanparvarlarning g‘azabini qo‘zg‘agan iborani qabul qilishga tayyor bo‘lgandek...

Shundan so‘ng Karimov nutqida Rossiya tomon hamdu-sanolar ham yangradi. Rossiyaning mintaqadagi manfaatlari dolzarb va qonuniy ekanligi tan olindi.

Mana shu masalaga kelganda, prezident Karimov haqiqatan ham aniqlikni kasb etdi. Ehtimolki, bu kabi oshkoralik mintaqadagi qo‘shnilarni, va nafaqat ularni hatto hayratga solsa.

Prezident Karimovning dahanaki sodiqligi qanday natijalarga olib kelishi hozircha noma‘lum.

Shu vaqtgacha bo‘lgani kabi, bu Kremlning neoimperial siyosati darajasini tushirish shunchaki og‘zaki laganbardorlik va adashtirish urunishi bo‘lsa ham ehtimol.

Lekin shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning yangi davrasiga ham olib kelishi mumkin.

Biroq ish O‘zbekistonning Ovrosiyo Ittifoqi yoki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a‘zo bo‘lib kirishiga qadar borib taqaladi, deb o‘ylamayman.

Ayni vaqtda janob Karimovning kelgusi nutqlarini kutib qolamiz va semantik ma‘noni chaqish qobiliyatimizni kuchaytirishga harakat qilamiz.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq