Savchenkoni Ukrainaga topshirish talabi nima?

Image copyright Reuters

Rossiya Jazoni ijro etish xizmati ma‘lum qilishicha, Kiyev Nadejda Savchenkoga belgilangan hukm ijrosi ta‘minlanishiga kafolat bersagina, u vataniga qaytariladi.

Shu holatda Ukraina fuqarosi Nadejda Savchenkoni Kiyevga topshirish bo‘yicha hujjatlar mahkamaga yuborilishi bildirilgan.

"Ukraina Adliya vazirligi Rossiya mahkamasi chiqargan hukmni to‘liq ijrosiga kafolat bersa, Rossiya FSIN tegishli qog‘ozlarni mahkamaga taqdim qilinadi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Bundan oldinroq, Savchenkoning himoyachilari mijozlarini Ukrainaga berish uchun zarur barcha hujjatlarni to‘ldirganlarini bildirishgandi. Himoyachilarga ko‘ra, hujjatlar Rossiya Jazoni Ijro etish xizmatiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, Savchenko o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olmagan, biroq mahkama tomonidan belgilangan 30 ming rubl jarimani to‘lashga rozi bo‘lgan.

Savchenko o‘zini Ukrainaga topshirish jarayoni orqaga surilar ekan, navbatdagi ochlikni boshlash bilan tahdid qilgan. O‘z navbatida Kreml Savchenkoni ekstraditsiya qilishning yagona sharti Rossiya qonunchiligiga rioya qilinishida ekanini aytgan.

Image copyright APReutersAFP

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko aprelda Rossiya bilan Nadejda Savchenkoni boshqa mahbusga alishish bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirgan, biroq aynan kimga almashtirmoqchi ekanini ochiqlamagan edi. Ungacha Savchenko uchun Ukrainada terrorizmda ayblanib qamalgan ikki rossiyalik Yevgeniy Yerofeyev va Aleksandr Aleksandrovlarni berishni taklif qilgandi. Ukraina ularni Rossiya maxsus xizmatlari jangchilari deb biladi.

Joriy yilning mart oyida Savchenkoga hukm o‘qilgan. Rostov viloyat Donetsk shahar mahkamasi Savchenkoni rossiyalik ikki jurnalist o‘limida va 2014 yilda tinch fuqarolar hayotiga daxl qilishda aybdor deb topgan. Rossiya sudi uni 22 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan. Savchenkoning o‘zi qo‘yilgan ayblarni qat‘iyan ikor etib keladi.

Savchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tekshiruvchilari ta‘kidlaganidek, rus jurnalistlari o‘limiga sabab bo‘lgan artilleriya nishoni yo‘nalishini belgilab bermagan. Ularning o‘limidan oldin asirga olingan bo‘lgan. Shuningdek, Savchenko Rossiya mahkamasi qonuniyligini tan olmagan va Ukrainaga berilishi umidida hukm ustidan shikoyat qilmasligini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq