Tojikiston va Rossiya o‘rtasida "ism talashuvi"

Image caption Tojikiston rasmiylari milliy qadriyatlarga qaytish yo‘lini tutmoqdalar

Rossiya Dumasi vakillari Tojikistonda ismlar haqida qabul qilingan qonunni tanqid qilishlari ortidan rasmiy Dushanbe norozilik bildirdi.

Liberal Demokratik Partiya a‘zolari tomonidan qilingan izhorotlar Tojikistonning ichki ishlariga arlashish sifatida baholangan.

"Biz mustaqil davlatmiz. O‘z milliy an‘ana va qadriyatlarimizga rioya qilish huquqiga egamiz. Bizga qanday qarorlar qabul qilib, mamlakatimizda nimalar qilish kerakligini uqtirish kerak emas", dedi Tojikiston parlamenti a‘zosi Abduhalim G‘afforzoda BBC bilan suhbatda.

Yaqinda Tojikistonda fuqarolarga o‘z farzandlari uchun ism va familiya tanlashda milliy an‘ana va qadriyatlaga rioya qilishni qat‘iy tavsiya etuvchi qonun qabul qilingandi.

Bu amalda familiyalardagi -ov, -ova va otasining ismidagi -vich, -ovna kabi qo‘shimchalarning taqiqlanishini anglatadi.

Bunga javoban Rossiya Dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi a‘zosi Ilya Drozdov Tojikiston bilan viza rejimi tadbiq qilinishi kerakligini aytdi.

"Bu Rossiyaning zaifligi, o‘z vatandoshlarimizni himoya qila olmasligini anglatadi. Axir kattaroq bo‘lmasa ham kichikroq bir rasmiymiz ularga qo‘ng‘iroq qilib, ertaga chegaralarni yopib tashlaymiz, viza tartibini kiritamiz, deya ishora qilsa, u yerda hamma Ivanov va Petrov bo‘lishni istab, Sho‘rolar davrida ruscha gapirganlarini xursandchilik bilan eslab qolishadi", dedi Ilya Drozdov.

Abduhalim G‘afforzodaga ko‘ra, Rossiya xalq vakillari qonunni noto‘g‘ri talqin qilganlar.

"Bu maydagapchilik. Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik ruhiga yarashmaydigan ish", dedi u.

Image copyright Getty
Image caption 2007 yili Prezidentning o‘zi ham Rahmonovdan voz kechib, familiyasini Rahmonga o‘zgartirgandi

Tojikiston rasmiylari farzandlarga "ravo" ko‘rilgan bir necha ming ism ro‘yxatini tuzib chiqqanlar.

Rasmiylarga ko‘ra, bu ota-onalar uchun o‘z farzandlariga "to‘g‘ri" va milliy qadriyatlarga munosib ism tanlash vazifasini yengillashtiradi.

Bu ro‘yxatni tuzib chiqish ustida Til va Terminologiya Qo‘mitasi bir yil ishladi.

Aytilishicha, bu ro‘yxat vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi yoki unga qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Bundan tashqari ruscha -ov, -ova, -vich qo‘shimchali ismlarga ega bo‘lganlarga ularni tojikchasiga o‘zgartirish tavsiya etilgan. Lekin, rasman, qonun bu kabi ismlarni taqiqlamagan.

Bir necha yil avval prezident Rahmonning o‘zi Rahmonov familiyasidan voz kechgandi.

Millati tojik bo‘lmagan fuqarolarga esa o‘z madaniyatlariga mos ismlar tanlash tavsiya etilgan.

"Qonun tojiklarga ruscha qo‘shimchali ismlarni taqiqlamaydi. Lekin sizni milliy g‘ururga ega emasligingiz va vatanparavar emasligingizda ayblashlari mumkin. O‘z madaniyatingizga muhabbat bo‘lmasa, sizni qanday qilib ishga qabul qilishlari mumkin?", deydi Fuqarolik Holatlarini Qayd qilish Boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Jaloliddin Rahimov.

"Tojikistonlik Rahimov ismli sportchi xalqaro musobaqada yutib chiqsa, odamlar qayerdan bilishsin u tojikmi, qozoqmi, tatarmi yo-da o‘zbek yoki qirg‘iz? Lekin u Karimzod yoki Karimiy bo‘lsa, ishonch bilan ayta olamizki, u tojik. Va biz bu bilan faxrlanamiz", dedi Rahimov.

Tanqidchilar esa qabul qilingan qarorni ota-onalarning erkin tanlovi va fuqaroviy huquqlarining cheklanishi sifatida talqin qilmoqdalar.

"Milliy o‘zligimiz va g‘ururni rivojlantirish, madaniyat va an‘analarga sodiqlik, tariximiz, adabiyot, til va yozuvlarimizni sinchkovlik bilan o‘rganishga men ham qarshi emasman. Lekin faqatgina farmon va buyruqlar bilan bunga erishib bo‘lmaydi", deydi faol va blogger Ali Mastonov.

Hozirda tojiklarda ismlaridagi ruscha -ov, -ova, -vich, -ovna qo‘shimchlarini - zod, -zoda, -pur, -iyon, -far kabi qo‘shimchalarga o‘zgartirish tavsiya etilgan.

"Vatanparvarlik ruhi familiyadagi qo‘shimcha asosida shakllanmaydi. Ishing bo‘lsa, ta‘lim olish imkoni bo‘lsa, himoyalangan bo‘lsang, shundan kelib chiqadi. Millionga yaqin vatandoshimiz Rossiyada deyarli huquqsiz sharoitda muhojiratda bo‘lsa, qanday vatanparvarlik haqida gapirish mumkin", deydi Dushanbe yashovchilaridan biri Ruhshona.

Hozirda Tojikistonda keng tarqalgan va diniy ma‘noga ega bo‘lgan mullo, xalifa, xo‘ja, shayx, vali, oxun, amir, so‘fi kabi qo‘shimchalarni ham olmaslik tavsiya etilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring