Shavkat Abdusalomov: "Men xalq dushmanining bolasi edim"

Image copyright none
Shavkat Abdusalomov haqidagi lavhani BBC UZBEKning You Tube kanalida tomosha qiling.

Asli o‘zbekistonlik musavvir, yozuvchi, aktyor va kino ustasi Shavkat Abdusalomov shu kunlar 80 yoshni qarshi oldi.

Ko‘plab o‘zbekistonliklar uni "Olovli yo‘llar" ko‘p seriyali filmidagi Umid obrazi bilan eslaydilar.

Shavkat Abdusalomov rassom sifatida ko‘proq taniqli. Uning qator moybo‘yoqli asarlari Moskvadagi Tretyakov galereyasida, Rossiya, Ovro‘po, AQShdagi qator xususiy kollektsiyalarda saqlanadi.

Bir necha yil oldin u Takvash taxallusi bilan Rossiyada "Yakkamuguz" nomli kitob chop etgan.

Shavkat Abdusalomov BBC bilan suhbatda yetimxonalarda kechgan hayoti, ijodkor sifatida faoliyatini qanday boshlagani haqida gapirdi.

"Men rus tilida gapiraman, sababini tushuntirsam... bolaligimda mening otamni, bobomni hisbga olishadi va men bolalar uyiga jo‘natilganman. Qanaqadar bolalar bog‘chasi, keyin yetimxona... "Detdom" yoki bolalar uyidan ko‘p qochib ketardim. Ushlab olib, bo‘sh joyi boriga jo‘natishardi. Ko‘p sayohat qilganman, shuning uchun, parovozlarni yaxshi ko‘raman. Ularning qichqirig‘i bolaligimni eslatadi. Mana poyezd... unga yetib olishim kerak, poyezd tepalikka chiqayotgan payti sekinlaydi... o‘shanda unga o‘tirib olish kerak bo‘ladi..."

"Men kattaroq bo‘lganimda yetimxonadan chiqib, onamni qidirardim. Onamning uch farzandi bor edi, hammamiz xalq dushmanining bolalari edik... Yetimxonadan chiqib, onamning oldiga borardim, uzoqdan bo‘lsa ham ko‘ray derdim. U maktab direktori edi. Borib quchoqlay desam, u menga: "Iltimos, ko‘chada meni oldimga kelma, bu mumkin emas", derdi. Qo‘rqardi onam... Xalq dushmanining bolasi edim. Meni ishdan haydab yuborishadi deb qo‘rqqan onam bechora".

"Bolalar uyida meni - Melaniya Ivanovna Tkachenko topib oldi, bu Qo‘qon bolalar uyida edi..." deya davom etadi Shavkat Abdusalomov.

"9-10 yoshlarda edim... U 10 yil qamoqda o‘tirib chiqqandi. Sababi, Osiyo manzaralarini chizaman deb eri bilan sayohatga chiqqani... U Petrov-Vodkinning shogirdi edi, buyuk san‘atkorning shogirdi... Uni qaytib poytaxtga qo‘yishmagach, O‘zbekistonga kelgan va yetimxonalarda bolalarga dars berardi rassomchilikdan... Shu yerdan kuni o‘tardi uning. Melaniya Ivanovnaga maosh berilmasdi, chunki ishlashga haqqi yo‘q edi. Faqat bolalarga rasm chizishni o‘rgatar edi. Buning uchun, unga nonushta yoki tushlik berilardi. Bu tarix. Aynan shu ayol men to o‘qishga kirganimcha mening ilhomim va ustozim bo‘ldi..."

"Katta kino...o‘ldi. Yo‘q endi, katta kino... Hozir hammayoqda seriallar, chunki kino sizni hozir o‘ylantirmaydi, faqat zavqlantiradi, xolos", deya kuyunadi Shavkat Abdusalomov.

Shavkat Abdusalomov haqidagi Gulsevar Zamon lavhasini BBC UZBEKning You Tube kanalida tomosha qiling.

(Suhbat davomida Shavkat Abdusalomovning izni bilan o‘zi haqidagi hujjatli filmlar, u o‘ynagan badiiy filmlardagi tasvirlardan foydalanildi)

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring