Sizran qotilliklari bo‘yicha to‘rt kishiga ayblov ilgari surildi

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, Samara viloyati Sizran tumanidagi Ivashovka qishlog‘idagi xonadonda 24 aprelda sodir etilgan qotilliklar bo‘yicha to‘rt shaxsga ayblovlar ilgari surilgan.

Bundan oldin Tergov qo‘mitasi Andrey Gosht va oilasi a‘zolarining vahshiylik bilan o‘ldirilishida "Markaziy osiyolik"lar gumon etilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

Endi qo‘mita xabariga ko‘ra, qotilliklarni Mahmadali Ahmadov, Islom Boboyev, Orxan Zoxrabov, Roman Fataliyev sodir etgan deb ko‘rilmoqda va ularga nisbatan ikki va undan ortiq insonni o‘ldirish, voyaga yetmagan shaxs qotilligi va bosqinchilik ayblovlari ilgari surilgan.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining tergovni olib borayotgan rasmiylarga tayanib xabar qilishlaricha, qotillik va talonchilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruhning bir a‘zosi Tojikiston, qolganlari Ozarbayjon fuqarolari bo‘lganlar.

Tojikistonlik Mahmadali Ahmadovni jinoiy guruhning rahbari deb gumon qilganlar.

Uning 4 may kuni hibsga olingani haqida xabar qilindi.

Samara viloyat politsiyasi rahbari Sergey Solodovnikov Mahmadali Ahmadov Tojik-Afg‘on chegarasidan noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani va Rossiyaga yuborilgani haqida xabar tarqatdi.

Ammo Tojikiston Ichki ishlar vazirligi janob Solodovnikov xabari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi haqidagi bayonot bilan chiqdi.

Image copyright RIA Novosti

Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Mahmadali Ahmadov o‘zini qotillikda gumon qilayotganlari haqida Rossiya matbuoti orqali boxabar bo‘lgan va o‘zi Ichki ishlar vazirligiga kelib, aybsiz ekani haqida aytgan.

U o‘z ixtiyori bilan Rossiya borish va aybsizligini isbotlashga qaror qilgan.

4 may kuni Rossiyaga parvoz qilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Mahmadali Ahmadovning Moskvadagi "Domodedovo" aeroportida hibsga olingani haqida xabar tarqatgan.

Shuningdek, Tojikiston Chegara xizmati Mahmadali Ahmadovning Afg‘on-Tojik chegarasida ushlangani haqidagi xabarni ham rad etgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Samara viloyati bo‘yicha shtabi boshlig‘i Andrey Gosht va oilasining besh a‘zosi 24 aprel kuni o‘zlari istiqomat qilgan Samara viloyatining Sizran tumani Ivashovka qishlog‘idagi uyida o‘lik holda topilgan edilar.

Tergovning dastlabki ma‘lumotlariga ko‘ra, insonlarning hammasini armatura yoki to‘qmoqqa o‘xshagan buyum bilan boshlariga urib o‘ldirganlar.

Insonlarni uxlab yotgan joylarida o‘ldirishgani, qotillar hatto bolalarga ham shafqat qilmaganlari aytilmoqda.

Faqat Andrey Goshtning 2009 yili tug‘ilgan jiyani - qizcha tirik qolgan.

U shifoxonaga yotqizilgan, hozir koma holatida qolmoqda.

Tergovchilarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar yonidan politsiya boshlig‘ining uyidan o‘g‘irlangan bumyular topilgan.

Jinoyatchilar talonchilik maqsadida qotillik sodir etganlar deb ko‘rilmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq