Ahmad Dovuto‘g‘li iste‘fo berishini e‘lon qildi

Image copyright AFP

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li iste‘fo berishga qaror qilgani hamda Adolat va taraqqiyot partiyasi rahbarligidan ketishini bildirdi.

Oldinroq, Turkiyaning boshqaruvdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi shoshilinch yig‘ilishida mamlakat bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lining vazifasida qolish yoki qolmasligi hal bo‘lishi kutilayotgan edi.

Turkiya ommaviy axborot vositalari esa anjumanda partiyaning yangi rahbari tayinlanishi, Ahmad Dovuto‘g‘lining lavozimidan ketishi haqida yozganlar.

Xabarlarga qaraganda, Erdo‘g‘on prezidentlikka saylangach, Dovuto‘g‘li nomzodini Adolat va Taraqqiyot partiyasi rahbarlarigiga o‘zi tavsiya qilganiga qaramasdan, bosh vazir bilan kelishmovchilik anchadan beri davom etib keladi.

Aytilishicha, Dovuto‘g‘li Erdo‘g‘onning olib borayotgan siyosatiga e‘tirozlar bildira boshlagan. Erdo‘g‘on mamlakatdagi boshqaruv parlament tizimini o‘zgartirib, prezidentlik vakolatlarini kengaytirishni xohlaydi.

Image copyright AFP
Image caption Prezident Erdo‘g‘on va Bosh vazir Dovuto‘g‘li o‘tgan hafta uchrashganlar

Ikki rahbar o‘tgan chorshanba kuni uchrashishgan, biroq tafsilotlar ochiqlanmagan.

Rasmiylarga ko‘ra, Adolat va taraqqiyot partiyasi anjumani 21 mayda boshlanib, musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlanadigan 6 iyungacha davom etadi.

Ayni paytda bosh vazirlikka ehtimoliy nomzodlar sifatida Erdo‘g‘onga yaqin deb ko‘riladigan Transport vaziri Binali Yildirim va Energetika vaziri, shu bilan birga prezidentning kuyovi bo‘lgan Berat Albayroq nomi tilga olinmoqda.

Xavotirli palla

Image copyright AP
Image caption Prezident Erdo‘g‘onni islohotchi Mustafo Kamol Ota Turk davridan keyin Turkiyadagi eng qattiqqo‘l siyosatchi deb hisoblaydilar

Hozirgi bosh vazirning mamlakat siyosiy hayotidagi roli o‘tgan hafta Ahmad Dovuto‘g‘li "Adolat va Taraqqiyot" partiyasining mintaqaviy rahbarlarini tayinlash huquqidan mahrum qilingach, yanada pasaydi.

Payshanba kuni Ahmad Dovuto‘g‘li partiyaning markaziy ijroiy qo‘mitasi majlisi yakunlariga doir matbuot anjumani bergan.

Ichki siyosiy kelishmovchiliklar Turkiyadagi murakkab pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakat janubi-sharqida "Kurdiston Ishchilar partiyasi" isyonchilari bilan qarama-qarshiliklar tobora kuchaymoqda, "Islomiy davlat" jangarilari tomonidan terrror hujumlari sodir etildi va hamon bunday hujumlar xavfi mavjud, bundan tashqari mamlakatga minglab qochqin va muhojirlar kirib kelmoqda.

Shu manzarada Turkiya bilan OI bilan qochqinlar bo‘yicha kelishuv kuchga kirishi orqasidan, turkiyaliklar uchun Ovro‘poga vizasiz tizim joriy etilishi va yirik moliyaviy yordam berilishi kerak.

Ushbu kelishuvda Ahmad Dovuto‘g‘lining xizmatlari kattaligi e‘tirof etiladi. Aynan u Bryusseldagi muzokaralarni olib bordi, Prezident Erdo‘g‘onning roli bu yerda u qadar ko‘rinmadi.

Dovuto‘g‘lining iste‘foga ketishi bilan kelishuv taqdiri havoda osilib qoladi, deb hisoblaydi siyosatchilar.

Turkiyadagi BBC muxbiri Marka Louenning fikricha, ko‘pchilik Rajab Toyib Erdo‘g‘onni Ota Turk davridan keyingi eng qattiqqo‘l siyosatchi deb biladi.

11 yil u bosh vazirlik lavozimida bo‘ldi, so‘ngra 2014 yil prezidentlikka saylandi.

Mamlakat parlament tizimi uchun prezidentlik asosan rasmiy ahamiyatga ega.

Biroq Erdo‘g‘onga ko‘ra, mamlakat prezidentlik tizimiga o‘tkazilgach, Turkiya siyosati uchun foydaliroq bo‘ladi.

Tanqidchilari Erdo‘g‘on ko‘proq hokimiyatga ega bo‘lishni istashini aytadilar.

Erdo‘g‘on prezident bo‘lgach, bosh vazirlikka sobiq tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lini o‘zi tanlagan, unga ishonch bildirgan edi. Biroq Ahmad Dovuto‘g‘li Erdo‘g‘on o‘ylaganidek, bo‘ysunuvchan bo‘lmaganini aytishadi tahlilchilar.

Biroq shu paytgacha prezident va bosh vazir o‘rtasida oshkora qarama-qarshilik sezilmagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq