O‘zbekiston Xotira va qadrlash kunini nishonlamoqda

Image copyright u

Bu yil ham O‘zbekistondagi 9 may kuni mazmunan sobiq Sho‘ro respublikalaridagi bayramdan farqli nishonlanmoqda.

O‘zbekistondagi qator ziyolilar, faollarning fikricha, Rossiyaning joriy hukumati yuritayotgan siyosati manzarasida bu farqning ahamiyati ortgan.

Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi va Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashi xalqaro sanktsiyalarga sabab bo‘ldi.

Kuzatuvchilar fikricha, bunga javoban Rossiya o‘z harbiy qudratini dunyoga namoyish etishga bel bog‘lagan, xususan, 9 may kunidagi Qizil Maydondagi harbiy paradda o‘zining eng zamonaviy qurol-yarog‘i va texnikasini ko‘rsatib qo‘yishga harakat qilayapti.

So‘nggi yillarda Rossiyada 9 may arafasida Georgiy tasmasini tarqatishga qaror qilingan.

SSSR zamonida G‘alaba bayramining asosiy ramzlaridan deb ko‘rilmagan Georgiy lentasiga hozirga kelib urg‘u berilayotgani ayrimlar nazarida Rossiyaning sobiq imperiyasini qayta tiklash harakatlari sifatida talqin qilinmoqda.

2014 yili Ukraina sharqida Georgiy tasmalarining tarqatilishi bu ramzga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirdi.

Rossiyaning xorijiy mamlakatlardagi elchiliklari Georgiy lentalarini tekin tarqatmoqda, Toshkentdagi Rossiya elchixonasi norinj-qora rangdagi tasma O‘zbekistonda ham mashhurlashib ketganini xabar qildi.

Biroq O‘zbekistondagi faollar fikricha, Georgiy tasmasining O‘zbekistonda tarqatilishi to‘g‘ri emas.

Bu lenta 1945 yildagi fashistlar Olmoniyasi ustidan g‘alaba ramzi emas, aksincha, XIX asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoni bosib olgan Chor Rossiyasi harbiylarining mukofoti ekanini urg‘ulashadi o‘zbek faollari.

O‘zbekistonda Georgiy lentasining tarqatilishi va bu yil O‘zbekistonda ham "O‘lmas polk" aktsiyasini tashkillashtirish haqidagi xabar Internet ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Image copyright rianovosti

"O‘lmas polk" aktsiyasi ilk bor 2012 yil Rossiyada uyushtirilgan, shundan keyingi yillarda 9 may kuni dunyoning boshqa mamlakatlarida ham urushda halok bo‘lgan insonlarni xotirlash tadbiri sifatida o‘tkazilayapti.

2015 yili butun dunyoda 12 milliondan ortiq odam Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan ajdodining suratini ko‘tarib "O‘lmas polk" xotira tadbirida qatnashgani xabar qilingan.

Bu yil Toshkentda ham "O‘lmas polk" aktsiyasi o‘tkazilishi haqida xabar tarqaldi, lekin Toshkent shahar hokimligi bunday tadbirni o‘tkazishga ruxsat berilgani haqidagi xabarni rad etdi.

O‘zbekiston rahbariyati 9 mayni harbiy qudrat namoyishi sifatidagi SSSR an‘anasidan 1990 yillarning oxirida voz kechdi.

Bu kunda nafaqat urush va front ortida, balki yaqin yillarda ham dunyodan o‘tgan yaqin insonlarni xotirlash, keksa kishilarga e‘tibor qaratish kuni sifatida o‘tkazib kelinadi.

Image copyright Getty

O‘zbekistonning har bir shahar va tumanida urushda halok bo‘lgan insonlarning ismlari yozilgan zarhal lavhlar tashkillashtirilgan, motamsaro ona haykallari qarshisida urush keltirgan jafolar xotirlanadi.

Har yili Xotira va qadrlash kunida Prezident Islom Karimov Toshkentdagi motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yadi va faxriylar hamda jurnalistlar bilan muloqotda ichki va tashqi siyosatga doir o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

8 may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan gapirarkan, Prezident Karimov 1941-1945 yillari O‘zbekiston mislsiz bag‘rikenglik namunasini namoyish etganini, 1 million go‘daklarni, keksa va ayollarni boqib olib, boshpana berganini urg‘ulagan.

Jurnalistlar Prezident Karimovning urush nomini O‘zbekiston rasmiy matbuoti uchun atash majburiy qilingan "Ikkinchi Jahon urushi" deb emas, "Ulug‘ Vatan urushi" degani, 9 mayni Xotira va qadrlash kuni bilan birga fashizm ustidan G‘alabaning 71 yilligi deb ataganiga e‘tibor qaratganlar.

Image copyright Getty

Prezident Karimov hozirgi notinch dunyoda O‘zbekiston armiyasi qudratini oshirish, O‘zbekistonning biror bir harbiy blokka qo‘shilmasligi, O‘zbekiston hududida xorijiy mamlakat harbiy bazasini joylashtirish yoki O‘zbekiston harbiylarini boshqa bir chet mamlakatga yubormaslik to‘g‘ri qarorlar bo‘lishini urg‘ulagan.

Janob Karimov, 2030 yilga borib O‘zbekistonning Yalpi Ichki mahsulotini 2 baravardan ham oshirish rejalashtirilgan, deb aytgan.

O‘shanda, Prezident Karimov fikricha, O‘zbekiston dunyoning birorta ham rivojlangan davlatidan kam bo‘lmaydi, O‘zbekiston xalqining turmush darajasi va hayotining sifati ham erkin va farovon yashayotgan xalqlarnikidan past bo‘lmaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq