Atambayev: "Rossiyada zamonaviy fashizm bosh ko‘tarmoqda"

Bugun Bishkekda g‘alabaning 71 yilligi nishonlandi. Tadbirda, prezident Almazbek Atambayev rahbarligidagi qator davlat rasmiylari, sobiq prezident Roza Otunbayeva, diplomatik korpus vakillari hamda ikkinchi jahon urushi faxriylari qatnashganlar.

Tadbirga yig‘ilganlar urushda halok bo‘lganlarni yodlab mangu olovga gulchambarlar qo‘yganlar.

Ikkinchi jahon urushiga umumiy 365 ming Qirg‘izistonlik safarbar etilib, ulardan 114 mingdan ko‘prog‘i jang maydonidan qaytmagan.

Yog‘ayotgan yomg‘ir ostida Prezident Almazbek Atambayev urush faxriylariga murojaat qilib, ularni g‘alabaning 71 yilligi bilan tabriklagan.

"Biz bugun xalqimizni bosqinchilardan himoya qilib, urushda va uning ortida g‘alabaga hissa qo‘shgan faxriylarimizga bosh egib, ta‘zim qilamiz. Hozirda shu yerda o‘tirgan faxriylarimizni qatorini qarab, ko‘zimizga yosh keladi. Afsuski, ko‘kragi orden va medalga to‘la qariyalarimiz kun sayin oramizdan ozayib bormoqda. Hassa tayoqqa tayanib, yoki nabiralariga suyanib turgan faxriy bobolarimiz bilan onalarimizga murojaat qilaman: sizlarning borligingizning o‘zi bizga qanchalar kuch-quvvat!" – dedi Almazbek Atambayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan 71 yil avval mavjud nemis fashizmiga qarshi kurashilgan bo‘lsa, hozirgi kunda esa Rossiyadagi zamonaviy fashist – skinxedlar bosh ko‘tarib, odamlar tinchini olmoqda.

"Urush yillari Rossiyadan yuz minglab qochqinlar qirg‘izistonliklar uylarida oziqlanib, qo‘nim topganlar. Ular bilan sodda qirg‘iz oilalari nonlarining so‘ngi bo‘laklarini baham ko‘rganlar. Ko‘plab qochqinlar bizning diyorlarda qolganlar va qirg‘izistonlik bo‘lganlar. Men aynan bugun Rossiya fuqarolari, bosh ko‘tarayotgan zamonaviy fashist-skinxedlarga bu haqda eslatib o‘tmoqchiman" – deydi Qirg‘iziston prezidenti.

Atambayev shuningdek, Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan keyin, yuz minglagan qirg‘iz fuqarolari noilojlikdan Rossiyada ishlashga majbur bo‘layotganini ham ta‘kidlagan.

"Ular, Rossiyaga borib qorinlarini tekinga to‘yg‘azishlarini yoki bepul non bo‘laklarini berishlarini so‘ramayapti. U yerda o‘zlari va oilalari uchun ishlashga majbur bo‘lmoqdalar. Shuning bilan bir qatorda Rossiya iqtisodiga o‘z hissalarini ham qo‘shmoqdalar va tabiiy hech bo‘lmasa urush yillaridagi qochqinlar hurmat qilingani kabi o‘zlariga nisbatan ham yaxshi munosabat qilinishini talab qilishga haqlidirlar" - deb aytdi norozi ohangda janob Atambayev.

"Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng qo‘rqinchli va qonli voqea bo‘lgan. Unda ota-bobolarimizning ko‘rsatgan qahramonliklarini, g‘alaba uchun sog‘liq, yoshligini va o‘z jonini fido qilganliklarini hech qachon unutmaymiz. Oradan 71 yil o‘tdi va bugun zamonaviy dunyo yangi chaqiruvlar qarshisida turibdi. Biz bu Ulug‘ Vatan Urushi xotiralarini saqlab qolmog‘imiz va kelajak yosh avlodga yetkazmog‘imiz darkor" – ta‘kidladi u.

Qirg‘izistonda bugun g‘alabaning 71 yilligi bayramini 821 nafar urush fahriysi nishonlamoqda. Ularning soni o‘tgan yili 1200ni nafar tashkil etgan edi. Faxriylarning aksariyati 90 yoshdan oshganlar hisoblanadi. Shuningdek, 7997 odam front ortida xizmat qilgan faxriylar va jang maydonidan qaytmagan insonlarning bevalaridir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring