Dushanbe: Rahmon va G‘aniy terrorchilik balosi haqida

"Narkotrafikka qarshi kurash – terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashning ajralmas bir qismi sifatida tan olinishi shartdir".

Qo‘shni Tojikiston prezidenti bunday bayonot bilan afg‘onistonlik hamkasbining poytaxt Dushanbega qilgan ilk rasmiy safari chog‘ida bayon qilgan.

Prezident Rahmonga ko‘ra, dunyoning turli burchaklaridagi voqealarning so‘nggi rivoji terrorchilik, ekstremizm va narkotrafikning zamonaviy dunyo qarshisidagi eng yirik tahdidga aylanganini ko‘rsatgan.

Tojikiston rahbarining bayon qilishicha, afg‘onistonlik hamkasbi bilan muzokaralari chog‘ida ham bu uch xavfga qarshi risoladagidek kurash olib bormay turib, mintaqa xavfsizligini ta‘minlash imkonsiz ish ekaniga alohida urg‘u berishgan.

Dushanbedan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, tomonlar allaqachon o‘zaro chegaralarini hamkorlikda yanada mustahkamlash borasida kelishib olishgan.

"Ekstraditsiya to‘g‘risida"gi kelishuvga ham rasman imzo chekishgan.

Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasining xavfsizligi so‘nggi yillarda Qirg‘iziston barobarida Tojikiston hukumatining ham jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Orada bu ikki davlat rahbariyatining bu xususda Ovro‘po Ittifoqidan rasman ko‘mak so‘rashganiga oid xabarlar ham olingandi.

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘aniy kun avvalida ikki kunlik rasmiy safar bilan Tojikiston poytaxti Dushanbega tashrif buyurgandi.

Bu – bevosita qo‘shni mamlakat ekaniga qaramay, afg‘on rahbarining o‘zi qudratga kelgan qariyb ikki yil ichida Tojikistonga qilayotgan ilk davlat tashrifi bo‘ladi.

Agar, rasmiy xabarlarga tayanilsa, o‘zaro muzokaralar chog‘ida tomonlar xavfsizlik, mintaqaviy va iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e‘tibor qaratishadi.

Qiymati qariyb ikki milliard dollarga baholanayotgan, Qirg‘iziston va Tojikiston elektr tokini Afg‘oniston va Pokistonga yetkazishni ko‘zda tutuvchi CASA – 1000 loyihasini rasman ishga tushirishadi.

Mazkur loyiha qanchalik beqaror ekaniga qaramay, Afg‘oniston va mintaqa davlatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida oldinga qo‘yilayotgan eng muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Mintaqa davlatlari ko‘magida Afg‘oniston iqtisodini oyoqqa qo‘yish bilan afg‘on mojarosiga yechim topish – so‘nggi yillarda qudratli G‘arb, jumladan, AQSh tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslardan biri bo‘ladi.

Ammo, izhor etilgan istaklar va ko‘zlangan rejalarga qaramay, Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulatilgan o‘tgan 15 yil ichida ayni shu maqsadlarni ko‘zlagan biror bir mintaqaviy loyiha o‘zining to‘liq ijrosini topmagan.

Safar

Image copyright AFP

Prezident Ashraf G‘aniyning Tojikistonga ilk safari Afg‘onistonning aynan Tojikiston doxil aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalari xavfsizligi jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

G‘arb boshchiligidagi katta sondagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan kechgan o‘tgan ikki yil ichida bu yerda toliblardan tashqari, IShID jangarilari ham faollashishga muvaffaq bo‘lgan.

Orada bu ikki jangari guruh a‘zolarining hamkorlikda uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan eng yirik va qonli hujumlari ham Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz va Badaxshon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yuzlab jangarilar bu hujumlari ortidan, muayyan vaqtga bo‘lsa-da, har ikki viloyatning Tojikistonga bevosita chegaradosh tumanlarini ustma-ust bosib olishga ham muvaffaq bo‘lishgan.

Aynan Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalari, ketma-ket ikkinchi yildirki, Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan.

Shundoqqina biqinida vujudga kelgan emasmi, jangarilarning qanchalik faollashayotgani bilan bog‘liq mavjud vaziyatdan mintaqa davlatlari orasidan, ayniqsa, Tojikiston jiddiy xavotirda.

Allaqachon Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida mamlakat mustaqilligi tarixida ko‘rilmagan bir darajada xavfsizlik choralariga qo‘l urgan, minglab qo‘shimcha harbiylarini safarbar etgan, qo‘shimcha himoya chiziqlarini yaratgan, o‘zining eng yirik iqtisodiy va harbiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Rossiya bilan hamkorlikda qo‘shma o‘quv-mashqlariga zo‘r bergan.

Ammo rasmiy Dushanbe tomonidan ko‘rilgan va ko‘rilayotgan bu kabi favqulodda xavfsizlik choralariga qaramay, yaqinda noma‘lum qurolli shaxslarning Afg‘onistondan Tojikiston chegarasini yorib o‘tishga urinishgani, qurolli bosqinlar chegara hududlarida maxsus tozalash amaliyotlariga ham sabab bo‘lganiga oid xabarlar olingan.

Ayrim xabarlarda bu qurollilar toliblar, boshqalarida esa, giyohvand moddalar kontrabandachilariga nisbat berilgandi.

O‘zaro to‘qnashuvlar qurbonlarga sabab bo‘lgani ham aytilgandi.

Boshqa tomondan, xalqaro hamjamiyat va afg‘on hukumatining shuncha yillik hamkorlikdagi sa‘y-harakatlariga qaramay, Afg‘oniston afyun yetishtirish bo‘yicha dunyoda eng peshqadam mavqe‘da bo‘lgan davlatligicha qolmoqda.

Afg‘onistonga bevosita qo‘shni Tojikiston esa, yirik ishlab chiqaruvchi sanalmasa-da, Rossiya va Ovro‘po bozoriga mo‘ljallangan afg‘on afyuni o‘tuvchi asosiy tranzit yo‘llaridan birida joylashgan.

Agar, Xalqaro Inqiroz guruhining shu yil boshida e‘lon qilgan hisobotiga tayanilsa, oxirgi yillarda tojik hukumatining narkotrafikka qarshi olib borayotgan kurashi jiddiy ravishda yomonlashgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bu yo‘lda qudratli G‘arb davlatlari tomonidan berilayotgan katta miqdordagi ko‘mak esa, o‘z joyiga sarflanmagan.

Tojikiston Afg‘oniston bilan qariyb 1.500 kilometrga uzangan chegaraga ega.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘zaro chegaraning asosan daryoyu tog‘u toshlar orqali o‘tishi uni risoladagidek qo‘riqlash imkoniyatlarini deyarli yo‘qqa chiqargan va qo‘shni afg‘onistonlik kontrabandachilaru jangarilar uchun anchayin o‘ng‘ay nishonga aylantirgan.

Ammo Tojikiston kuch ishlatar tizimlarining orada qilgan ustma-ust bayonotlariga quloq tutilsa, Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaralaridagi vaziyat to‘liq nazorat ostida va jangarilarning har qanday hujumlarini qaytarishga hozirdirlar.

Ichki omillar

Image copyright Getty

Afg‘onistondagi voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida AQSh va Rossiya Tojikistonning o‘zida bo‘y ko‘rsatayotgan vaziyatdan ham xavotirda ekanliklarini yashirmay kelishadi.

Ularga ko‘ra, notinch qo‘shni, avtoritar boshqaruv, islomiy isyonchilik va zil ketayotgan iqtisod kabi dunyoning boshqa nuqtalarida ham tartibsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar Tojikistonga ham begona emas.

So‘nggi yillarda dindorlar va siyosiy muxolifatga qarshi kuchayib borayotgan bosimlar ham boshqaruvdagi tizimga nisbatan norozilik hislarini paydo qilmay qo‘ymagan.

Yaqinda mamlakatdagi eng yirik muxolif – "Islom Uyg‘onish partiyasi"ning faoliyati rasman taqiqlangan va "terrorchi tashkilot", deya e‘lon qilingan.

"Islom Uyg‘onish partiyasi esa, Markaziy Osiyodagi yagona mo‘‘tadil islomiy partiya sifatida ko‘rilgan.

O‘tgan yili Tojikistonning Afg‘onistonga bevosita chegaradosh janubiy Xatlon viloyatida qariyb 13 ming nafar erkak soqollarini olishga majburlangani, butun mamlakat bo‘ylab militsiya yuz minglab soqollilarni ushlaganiga oid xabarlar ham olingan.

Orada yosh bolalarning masjidlarga chiqishlari ham taqiqlangan, Tojikiston parlamenti arabcha yangrovchi ismlarni ma‘n etishni ma‘qullab, ovoz berishgacha borgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi yillarga kelib og‘irlashib borayotgan iqtisodiy ahvol bunga qo‘shimcha bo‘lishi, Tojikistondagi vaziyatni yanada izdan chiqaruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Tojikiston Qirg‘iziston bilan birga Markaziy Osiyoning eng kashshoq davlatlaridir.

Iqtisod

Image copyright Reuters

Mamlakat mustaqilligi ortidan kechgan chorak asrlik vaqt davomida mamlakat aholisi kattagina foizining tirikchiligi Rossiyadagi mehnat muhojirligi orqasidan o‘tgan.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojirligida band fuqarolari ortga yuborayotgan mablag‘ Tojikiston Yalpi Yillik Ichki Ishlab Chiqarish hajmining qariyb yarmini tashkil etgan.

Jahon bozorida neft narxining tushib ketishi va rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o‘rni sabab, G‘arb tomonidan joriy etilgan ustma-ust sanktsiyalar bois Rossiyada vujudga kelgan so‘nggi iqtisodiy bo‘hron katta sondagi tojik muhojirlarining ortga qaytishlariga sabab bo‘lgan.

Ular aksariyatining Tojikistonning Afg‘onistonga bevosita chegaradosh janubiy viloyatlardan ekanliklari ham isyonchilik muammosining chegaraosha sizib o‘tishi ehtimolini paydo qilmay qo‘ymagan, deyishadi tahlilchilar.

Xuddi shu manzarada o‘nlab tojikistonliklar "al-Qoida" tarmog‘i va Tolibon bilan aloqadorlikda ko‘riluvchi "Jamoat Ansarulloh" guruhiga a‘zolik aybi bilan hibsga ham olinishgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Islomiy Harakati va IShID jangari guruhiga mansublik ayblovlari bilan qo‘lga olinayotganlarining ham soni ortgan.

Joriy paytda Suriya va Iroqda jang qilayotgan tojikistonliklar sonining esa, yuzlab ekani aytiladi.

Image copyright MoD

So‘nggi yillarda Afg‘onistonning shundoqqina Tojikistonga qo‘shni shimoliy-sharqiy mintaqalarida to‘plangan va jang qilayotgan jangarilarning orasida ham tojikistonliklarning ozmuncha emasliklari aytiladi.

Ham qo‘shnisi Afg‘oniston va ham o‘zida vujudga kelayotgan mavjud vaziyatni nazarda tutgan ayrim xalqaro tashkilotlar esa, yaqinda "Tojikiston ham tashdan va ham ichdan xavfli bosim ostida" ekaniga oid ogohlik bilan chiqishgan.

Tojikistondagi barqarorlik va iqtisodiy ahvolning o‘nglanishi butun mintaqaning xavfsizligi uchun muhim ekanini alohida urg‘ulashgandi.

Tojikiston - Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘aniy safar qilayotgan uchinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.

2014 yil sentyabr oyida qudratga kelgan prezident G‘aniy mintaqa davlatlari orasidan birinchi bo‘lib o‘tgan yil noyabrida Qozog‘istonga safar qilgan.

U yerda ham asosiy e‘tiborini mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalariga qaratgandi.

Uning Markaziy Osiyoga so‘nggi safari esa, o‘tgan dekabr oyida Turkmanistonga kuzatilgan.

Afg‘oniston rahbari Ashxobodda turkman gazini o‘z hududlari orqali Hindistonga yetkazuvchi yirik TAPI mintaqaviy loyihasining rasmiy taqdimot marosimida ishtirok etgan.

Har ikki tomon bu yerda ham aynan ilk bor Qozog‘istonu va bugun Tojikistonda ko‘tarilgan mavzularni muhokama etishgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq