O‘zbekiston: bog‘cha mudiraligi merosxo‘rlarga?

Bugun O‘zbekistonning bog‘chalari aksariyat foiz merosxo‘rlar qo‘liga o‘tmoqda. Nega? Chunki bog‘cha mudirasi bo‘lgan ayol pensiya yoshiga yetayotgan paytda o‘z qizini yoki kelinini qay yo‘llar bilan bo‘lsa-da, o‘z o‘rniga ya‘ni mudiralik lavozimiga "joylashtirib" qo‘ymoqda. Yuqorida "aksariyat foiz" deganimga ba‘zilar "ana O‘zbekistonda adolat bor ekanku, hech bo‘lmasa bir necha foiz bog‘chalarga begona o‘z ishiga loyiq, orqasida "tanka"si yo‘q, o‘z bilimi bilan o‘qigan, jamiyatga nafi tegadigan mutaxassislar tayinlanar ekanku, deya menga e‘tiroz bildirishi mumkin. Shoshmang, aziz o‘quvchi, kalta o‘ylamang. O‘sha "kamroq foiz" mudiraning qizi yoki kelini yo‘qligi uchun, yoki qizlari erta turmushga chiqib, oliy ta‘lim olmaganligi sababligina bog‘chalar "begonalar" qo‘liga o‘tib ketayapti.

Hattoki OblONO degan "oliy dargoh"dagi Maktabgacha ta‘lim muassasalari (MTM) bo‘yicha mas‘ul shaxs lavozimi ham onadan qizga meros tariqasida o‘tgan. Qiziqqanlar Farg‘ona viloyati xalq ta‘limi boshqarmasida uzoq yillar "bog‘cha opa" bo‘lgan S ismli ayolni bu o‘rinni D ismli qiziga qo‘shqo‘llab topshirgani haqida ma‘lumot olishlari mumkin.

Xuddi shu viloyatda yashovchi viloyatning ko‘zga ko‘ringan jurnalistlaridan biri bilan suhbatda u deyarli barcha bog‘chalar shunday "qo‘lma-qo‘l" bo‘layotganligini ta‘kidlaydi.

- Bir kuni maqola tayyorlash maqsadida Qo‘qon shahridagi bog‘chalardan biriga bordim, - deydi jurnalist, - meni yoshi katta ayol kutib oldi. U bog‘cha haqidagi barcha ma‘lumotlarni bergach, S opa, familiyangizni ham aytsangiz, desam, "Voy "dokument" bo‘yicha qizim bog‘cha mudirasi. Men shunchaki ish o‘rgatib yuribman. Qizimning ismi familiyasini yoza qoling" dedi va so‘zlarini davom ettirib, "bog‘chani shu darajaga keltirguncha ona sutim og‘zimdan keldi, endi uni birovga qo‘shqo‘llab tutqazamanmi, dedimda, tepadagilar bilan gaplashib, qizimni "mudiralikka" yozdirib qo‘ya qoldim. Xudoga shukr, hali kuch-quvvatim bor, o‘zim ishlab turaveraman", dedi.

Nimaga bog‘chalar meros asosida onadan bolaga o‘tayotganligini hammangiz yaxshi tushunib turgan bo‘lsangiz kerak. Bu haqda ortiqcha gapirib o‘tirmayman-da, aslida pedagogika psixologiya yo‘nalishi qayd etilgan diplom talab etiladigan bu lavozimga ingliz tili o‘qituvchisi, yana allaqanday fanlar muallimi kabi diplomga ega mutaxassislar "ega" chiqayotganligi ham hammani ajablantiradi-da.

Kimdir bu lavozimni onasidan yoki qaynonasidan "meros" qilib olmagan taqdirda ham, uning-da bir suyanchig‘i borligi "el og‘zida" yuradi. O‘zbekistonda demokratiya, o‘z ishini yaxshi biladigan, insofli, diyonatli, yaxshi mutaxassis shundoq ham yaxshi lavozimga tayinlanadi, desangiz adashasiz. Bog‘cha mudiralarining aksariyati ortida "yuqori tashkilotlarda mehnat qiladigan" akaxonlari turganligi uchungina ular bu kursida emin-erkin, bemalol o‘tirishibdi. ("Bog‘cha opa"larning ahloqi, bilimi, o‘zini jamoat oldida tutishi alohida mavzu) Viloyat OblONOlari rahbarlari ham "yuqori"ning buyrug‘iga so‘zsiz bo‘ysunadi-da. Chunki u ham ..... qo‘rqadi, oppoq emas.

Yuqorida yolg‘on gapirish gunoh dedim, lekin o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan, shunday "merosxo‘r" mudiralarning ko‘pi bilan gaplashgan, ularni yaqindan tanigan kishi sifatida bu fikrlarimni yolg‘on deya olmayman. Gunohkor bo‘lishdan hammamizni Alloh asrasin.

Adolat TOShKANBOY qizi

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq