IShID Dushanbe va Moskvaga hujum qilmoqchi edimi?

Image copyright Getty
Image caption "IShID Dushanbeda qo‘poruvchilik amallarini rejalagan"

Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Moskva va Dushanbeda 9 may tantanalari davomida qo‘poruvchilik amallarini rejalagan guruh qo‘lga olingan.

Ayni maxsus amaliyot Rossiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda kechgani aytilmoqda.

Tojikiston xavfsizlik idoralarining ishonishicha, qo‘lga olingan IShIDchilar ikki mamlakat poytaxtlarida "terrorchilik amallari"ni sodir etish uchun tayyorgarlik ko‘rishgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining matbuot bo‘lishimi xabarida IShIDchilarga qarshi maxsus amaliyot 2 may kuni Moskvada, Tojikiston va Rossiya huquq-tartibot xodimlarining hamkorligi ostida kechgan.

Natijada IShIDga a‘zoligi aytilgan ikki shaxs qo‘lga olingan.

Ulardan biri Qirg‘iziston va Rossiya, ikkinchisi esa Tojikiston fuqarosi ekani ma‘lum qilingan.

Vazirlikka ko‘ra, jangarilikda shubha qilinganlardan biri qurolli qarshilik ko‘rsatgan va huquq-tartibot xodimlari tomonida javobiy hujumda yaralangan.

Orada to‘rt kun o‘tib, 6 mayda Dushanbe aeroportida yana bir kishi IShIDga a‘zolikda gumon qilinib hibsga olingan.

Tojikiston huquq-tartibot xodimlariga ko‘ra, M.D ismli shaxs mamlakatda "terrorchilik amali" o‘tkazishi kerak bo‘lgan.

Uning ko‘rsatmalariga binoan Qabodiyon tumanida yana uch kishi hibsga olingan.

Huquq-tartibot xodimlari hibsga olinganlarning xonadonlaridan 10 ta "ektremistik kitoblar", noutbuk, fleshkartalar qatorida ikki dona to‘pponcha ham musodara qilishganlari aytilmoqda.

"Qizil to‘y" va IShID

Image caption "Ishsiz va istiqbolsiz..."

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning bari IShID a‘zolari bo‘lishgan.

Ular "Suriyadagi IShID buyrug‘iga binoan "Qizil to‘y" atalmish maxsus qo‘poruvchilik amallarini" sodir etishni rejalashgani da‘vo qilinmoqda.

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, hozirgi kunda Yaqin Sharq davlatlarida mamlakatning 1000 ortiq fuqarolari jang qilishmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi voqealar Tojikiston bo‘ylab yana bir qama-qamalar to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yil Tojikistondagi asosiy muxolif kuch bo‘lgan, rasman faoliyat qilib kelayotgan mo‘‘tadil Islom Uyg‘onish partiyasining "terrorchi" tashkilot qatoriga kiritilishi ortidan yuzlab kishilar qamoqqa tashlangan.

Mustaqil jurnalistlar, mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining faollariga ko‘ra, ayni qama-qamalar ortida asosan prezident Rahmonning muxoliflarini yo‘q qilish istagi turibdi.

Jurnalistlarning aytishlaricha, mamlakatda poraxo‘rlik misli ko‘rilmagan darajaga chiqqani, Rossiyadagi inqiroz esa mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalarini keskin qisqartirib yuborgani va huquq-tartibot xodimlarining aksariyat holatlarda zo‘ravonligi xalq orasida norozilikni kuchaytirmoqda.

Bu esa IShID kabi bir necha radikal va jangari guruhlar uchun eng maqbul holat ekanligi ma‘lum.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ishsiz va istiqbolsiz yoshlar orasidan radikal oqimlarga kirib ketayotganlar soni ko‘paymoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq