Atamboyevning CASA-1000 taqdimotiga bormasligi e‘lon qilindi

Image copyright UNIAN

12 may kuni Tojikistonda Afg‘oniston, Pokiston va Qirg‘iziston rahbarlari ishtirokida CASA-1000 elektr quvvatini uzatish loyihasini tantanali ishga tushirish marosimi mo‘ljallangan, biroq taqdimotdan bir kun oldin Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning bu marosimda qatnashmasligi ma‘lum bo‘lgan.

Tojikiston poytaxti Dushanbega Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani yetib borgan va Prezident Imomali Rahmon bilan muzokaralar o‘tkazgan.

11 may kuni Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif, Qirg‘iziston Bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov Tojikistonga yetib borishlari haqida xabar tarqatgan Tojikiston rasmiylari.

CASA-1000 Qirg‘iziston va Tojikistonning elektr quvvatini Afg‘oniston va undan keyin Pokistonga yetkazishni ko‘zlagan loyiha hisoblanadi.

12 may kuni Dushanbedan janubdagi Tursunzoda shahrida Afg‘oniston, Pokiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari loyihani tantanali ochib beradilar.

CASA-1000ni 2020 yilga borib tugatish rejalangan.

2018 yildan Qirg‘iziston va Tojikiston yoz oylarida o‘zlarida ortiqcha bo‘lib qoladigan elektr energiyasini janubiy qo‘shnilariga sotishni boshlashlari mumkinligi aytilmoqda.

Ushbu loyiha uchun qator xalqaro tashkilotlar moliyaviy ko‘mak bermoqda.

CASA-1000 1 milliard 100 million dollardan ziyod qiymatga ega loyiha deb ko‘riladi.

Sho‘rolar zamonida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yagona elektr tarmog‘i barpo etilgan, bu tarmoq irmoqlar boshida joylashgan Qirg‘iziston va Tojikistonga qishda suv yig‘ib, yozda quyi oqimdagi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonga suv uzatishga ixtisoslashgan.

Qishda to‘g‘onlarida suv jamg‘arganlari evaziga yuqori oqimdagi qo‘shnilariga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston gaz, ko‘mir va elektr energiyasi berib turgan.

Mintaqa mamlakatlari mustaqilligidan keyin suv qo‘shnilar o‘rtasidagi ziddiyat manbaiga ham aylandi.

O‘zbekiston Tojikistonda Rog‘un, Qirg‘izistonda Qambarota GESlarini barpo etish g‘oyalariga qarshi chiqdi.

CASA-1000 tashabbuskorlariga ko‘ra, O‘zbekiston bu loyihaga qarshi emas.

Ammo Afg‘onistondagi xavfsizlik vaziyati doxil qator omillarni hisobga olib CASA-1000 loyihasining istiqboliga xavotirli nazar mavjud.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring