O‘zbekistondagi lo‘lilarning o‘zligi

Image copyright bbc

Tarixan Hindistondan kelib chiqqan mugati yoki lo‘lilar, asosan Pokiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Tojikistonda istiqomat qiladi.

O‘zbekistonda lo‘lilar eng zich bo‘lib yashagan yerlari bu – Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatidir.

Biroq o‘tgan asrning boshidan mugati guruhlar yoda lo‘lilar Toshkent va Farg‘ona vodiysida ham qo‘nim topa boshlashgan.

Ular o‘zbek shevasining ba‘zi unsurlarini o‘z ichiga olgan tojik tilida so‘zlashadi.

2010 yilda ochiq matbuotda chop etilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan 6 ming lo‘li oilalari yashab kelgan.

Biroq, 2016 yilning aprel oyida lo‘lilar orasida o‘tkazilgan monitoring va so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, Buxoro viloyatining Kogon hamda Surxondaryo viloyatining Denov rayonlarining o‘zida 12 mingdan ortiq lo‘lilar oilalari istiqomat qiladilar.

So‘rov natijalariga qaraganda, Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan lo‘lilarning soni 70 ming atrofida deb xulosa chiqarish mumkin.

Aprel oyida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovlarga mahalla qo‘mitalari va hokimiyat rasmiylari ham jalb etilgandi.

Maishiy hayot

Lo‘li oilalari odatda ko‘p bolali bo‘lib, farzandlarning soni 10-12 nafargacha yetadi. Aprel so‘rovlariga ko‘ra, lo‘li erkaklarining qariyb 40 foizida bir xonadonda yashaydigan ikki yoki uch oilasi bor.

Lo‘lilarning deyarli barchasi O‘zbekiston fuqarolari o‘z pasportlariga ega bo‘lib, millati "o‘zbek" deb yozilgan.

So‘nggi paytlarda hokimiyat pasport rejimini kuchaytirgani bois, lo‘lilarning hammasi shaxsni tasdiqlaydigan hujjatlariga ega. Ularning ismlari RUVD qoshidagi pasport stolining ma‘lumotlar bazasiga kiritilgan.

So‘rovlarga jalb etilgan lo‘lilarning aksari pasportlarida "o‘zbek" deb yozilganini o‘z atrofidagilarga yuqoriroq mavqe‘ga erishganlarini ko‘rsatish istagi bilan tushuntirishgan.

Shu sabab ham o‘zbek yigitlari va badavlat, o‘qimishli lo‘li oilalarining qizlari orasida turmush qurish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatiladi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, o‘rta darajadan past bo‘lgan lo‘lilarning 75 foizi ko‘pincha o‘z mahallalarini tark etishmaydi.

Ular lo‘lilarga xos bo‘lgan urf-odatlariga monand to‘y va dafn marosimlarini oshkor qilishmaydi.

Image caption An‘anaga ko‘ra, ayollar o‘tmishda ham bugun ham oilaning asosiy boquvchisi bo‘lib qolishmoqda
Din va lo‘lilar

O‘zbekistonlik lo‘lilar maishiy hayotlarida islomiy urf-odatlarga rioya qilishadi.

Biroq shu bilan birga, ular zardushtiylik va boshqa islomiy bo‘lmagan odatlarning ayrim ko‘rinishlarini ichiga olgan majusiylik marosimlarini maxfiy tarzda ijro etishlarini to‘xtatganlari yo‘q.

Buxoroning lo‘lilar mahallalarida rasman hokimiyat tomonidan ochilgan masjidlar faoliyat yurgizmoqda.

Masjidlarga asosan o‘ziga to‘q deb hisoblangan lo‘lilar qatnaydi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, boshqa millat vakillari bilan aralashgan mahallalarda yuqori ijtimoiy pog‘onaga erishgan lo‘lilar istiqomat qiladi.

Ularning 7 foizi oliy ma‘lumotli bo‘lib, orasida Haj farzini o‘taganlar – hojilar, imomlar va hattoki qorilar ham bor.

So‘rovga tortilganlarning javoblaridan shunday xulosa chiqarish mumkinki, lo‘li halqining vakillari ayrim bir iqtisodiy farovonlik darajasiga erishgach, nafaqat o‘z urf-odatlarini balki diniy qarashlarini ham o‘zgartirishga harakat qiladilar.

So‘rovga ko‘ra, so‘nggi 5 yil jarayonida ular orasida musulmonlar bilan uyg‘unlashtirish, ya‘ni musulmonlar bilan o‘zlarini bir ko‘rish jarayoni avj olgan.

Lo‘lilarning juma nomozlariga faol qatnashishi, Haj ziyoratini ado etish va mahalliy diniy madrassalarda ilm olishga qiziqishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bugungi kunda 20-25 yoshda bo‘lgan lo‘lilarning 60 foizgacha masjidlarga borib turar ekan.

O‘zbeklar bilan birgalikda Hayit va boshqa diniy marosimlarni o‘tkazishlari ham urfga aylanib ulgurgan.

Lo‘li yoshlari orasida ham radikal qarashlardagilari bor, bu esa katta yoshdagi lo‘lilar bilan nizo kelib chiqishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Image copyright bbc
Image caption Chiqindilarni yig‘ish uchun eng toza va eng "daromadli" yagona naqliyot usuli
Irqchilik va kamsitish hollari

Monitoring natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda lo‘lilarni kamsitish hollari deyarli kuzatilmaydi.

Bunday hollar borasida so‘rovga tortilgan lo‘lilar, xususan rasmiy hayotda va mulozimlar bilan muloqotlarda deyarli yo‘q, deb aytishgan.

Biroq militsiya xodimlari tomonidan kamsitish hollariga duch kelganlarini aytishgan.

Rasmiy Toshkent millatlararo ixtiloflar kelib chiqmasligi uchun ancha qattiqqo‘l choralarni hayotga tadbiq etgan.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari bilan solishtirganda, bugungi kunda rasmiy maqomlarga erishgan lo‘lilarning soni anchayin ko‘proq.

Hudud bo‘yicha qilingan monitoringga ko‘ra, lo‘lilar zich yashagan joylarda, mahalla rahbarlari ham o‘zlaridan tayinlanadi.

Biroq o‘zbek jamiyatida lo‘lilarga nisbatan ijtimoiy qolip shakllanib bo‘lgan.

Ijtimoiy iyerarxiya pog‘onalarida lo‘lilar hamon past tabaqa sanaladi.

Monitoring tadqiqotlariga ko‘ra, bu kabi munosabat o‘zgargani yo‘q.

Butun o‘zbek jamiyatining turmush darajasi keskin pasaygan paytda ba‘zi guruhlarning oz bo‘lsa ham daromadlari o‘sayotgani tub aholining jig‘iga tegishi mumkin.

Shuningdek, etnik ko‘pchilik tomonidan maishiy irqchilik hamda kamsitish hollari va lo‘lilar daromadlarining ortishi o‘rtasida aniq bir bog‘liqlik kuzatilmoqda.

Lo‘lilar ishsizlikni qanday xal etishadi?

Ishsizlik muammolari lo‘lilar hayotida hamisha nisbiy rol uynagan.

Azaldan lo‘lilar jamoasi ishlab chiqarish munosabatlari tizimidan tashqarida qolgan.

Tilanchilik aksariyat lo‘lilar uchun tirikchilikning yagona yo‘li bo‘lib shakllangan.

Biroq O‘zbekistonda bozor iqtisodining chegaralangan holda bo‘lsa ham rivojlanib borayotgani lo‘lilarga barqaror daromadli sohalarda o‘z joyini topishga imkon yaratgan.

So‘rovda qatnashgan 100 respondentning 64 nafari chiqindilarni ajratish va qayta ishlab chiqarish sohalarida ishlayotganlarini aytishgan.

Ushbu soha 60 foizdan ortiq lo‘lilar oilalari daromadlari o‘sishining asosiy manbai bo‘lib qolayotir.

An‘anaga ko‘ra, lo‘li oilasining asosiy boquvchisi va pultopari ayol kishi bo‘lgan va bu holat o‘zgargani yo‘q.

Erkaklar uylanishlaridan avval ishlaydilar va bu holat hali ham o‘zgarmagan.

Qozog‘iston va Rossiyaga pul ishlash ilinjida ketgan lo‘lilarning 25 foizi tilanchilik va eski-tuski kiyimlarni qayta sotish bilan band bo‘ladilar.

Image caption Lo‘lilar atrof-muxitini rang-barang o‘ziga xos uslubda bezitishga harakat qiladilar
Sadaqa - jamiyat ko‘rsatgichimi?

Asrlar bo‘yi lo‘lilar jamiyatda iqtisodiy farovonlikning o‘ziga xos ko‘rsatkichi bo‘lib qolmoqda.

Jamiyatda daromadlarning keskin pasayib ketishi fuqarolarning sadaqa berish imkonlariga ta‘sir qiladi.

So‘rovga ko‘ra, xayr-sadaqa bilan kun kechirayotgan o‘rtacha lo‘lilar oilasi kuniga 8 to 12 ming sum (1,5 to 2 AQSh dollar)gacha "mablag‘" yig‘a olishi mumkin.

Jamiyatda daromadlarning o‘sishi, lo‘lilarning mahalliy ko‘pchilik bo‘lgan aholi bilan yonma–yon yashashlari, biznes tuzilmalariga qo‘shilishlari - lo‘li vakillarining pulli bo‘lsa ham ta‘lim olish imkoniyatlarining ko‘payishiga olib keladi.

Lo‘lilar orasida ta‘lim olishga ehtiyoj ortayotgani kuzatiladi.

Monitoring ma‘lumotlariga ko‘ra, Kogon tumanida lo‘lilar ichidan chiqqan maktab o‘qituvchilari, yuristlar va shifokorlar ishlamoqda. Buni 10 yil oldin esa ayni holatni tassavur qilish qiyin bo‘lgan.

Ta‘lim olishga intilgan lo‘lilar kam sonda bo‘lsa ham, monitoring natijalari o‘ziga to‘q bo‘lgan lo‘li oilalari ichidan ziyolilar sinfi paydo bo‘layotganidan dalolat beradi.

Aynan bu shakllanib kelayotgan guruh lo‘lilarning o‘zbek jamoatchiligiga ko‘proq qo‘shilishlari va jamiyatda ularning faollashishlariga asos bo‘lishi mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring