Qirg‘iziston: Sobiq spiker ortiqcha xona egallayaptimi?

Jo‘g‘o‘rqu Kengashning sobiq rahbari Asilbek Jeenbekovga uch xona birlashtirilib, bir ish xonasi qilib berildi. Parlamentning matbuot xizmati unga mehmonlarni kutib olish va alohida hojatxonasi bilan dam olish xonasi tayyorlandi degan ma‘lumotlarni inkor etmoqda.

Hozirda parlament binosining 3-qavatidagi 324-xona ustalar tarafidan ta‘mirlanib, unga maxsus hojatxona solinayotgani va qo‘shni xonaga kirish uchun yangi eshik qo‘yilgani ham ma‘lum bo‘ldi.

Jo‘g‘o‘rqu Kengashning matbuot xizmati rahbari Ibraim Nuraqun o‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, Asilbek Jeenbekovga ta‘mirlanayotgan xona yonidagi uch kabinet berilgan. U sobiq spiker to‘rt xonani birlashtirib oldi degan ma‘lumotni inkor etadi.

"Asilbek Jeenbekov uchinchi qavatga ko‘chib o‘tgani rost. Unga uch xona birlashtirilib, ish xonasi tayyorlangani ham haqiqat. U hamma deputatlarning xonasi kabi. Men o‘zim borib ko‘rib keldim. Bir xonasi qabulxona, qolgan ikkita xona birlashtirilib, bir xonaga aylantirilgan. U yerda o‘zi o‘tiradi va kelgan mexmonlarga to‘rt-besh o‘rindiqli stol ham bor. Sobiq spikerga ikki xonali ish kabineti tayyorlandi. Alohida mexmon kutib oluvchi, tahoratxonasi bor degan ma‘lumotlar yolg‘on" – deydi Ibraim Nuraqun o‘g‘li.

Uning ta‘kidlashicha, Jeenbekovga berilgan uch xonada bungacha Jo‘g‘o‘rqu Kengash apparatining Davlat xizmat va kadr ishlari bo‘yicha bo‘limi xodimlari ishlab kelgan "Ular birinchi qavatga, ish boshqarmasi rahbarining ikki xonalik kabinetiga ko‘chirildi. Avval ishlagan joyidan ko‘ra kengroq bo‘lib qoldi. Ish boshqarmasining rahbari esa, o‘sha qavatdagi o‘rinbosarining xonasiga ko‘chdi. O‘rinbosari esa, bu ish xonasidan boshqa, Jo‘g‘o‘rqu Kengash garajida ham xonasi bor ekan. Uni o‘sha yerga o‘tqazdik" – deya tushuntiradi Jo‘g‘o‘rqu Kengash matbuot xizmati rahbari Ibraim Nuraqun o‘g‘li.

Shunda Asilbek Jeenbekovga parlament binosining uchinchi qavatidan 321, 322 va 323- xonalari ajratilgan bo‘layapti. Ta‘mirlanib va hojatxona solinayotgan 324-xona eshigiga esa ish boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari Nurbek Qodirov deb yozilib turibdi. Biroq, Qodirov parlamentning garajidagi qo‘shimcha ish xonasiga ko‘chgan holda, unda bu xona kimga tayyorlanayotgani mavhumligicha qolmoqda.

Qator mustaqil manbalarning tasdiqlashicha, Asilbek Jeenbekov spikerlikdan ketganidan keyin 7 qavatdagi ish xonasini, yangi spiker etib saylangan Chinibay Tursunbekovga bo‘shatib bergan va o‘zi uning o‘sha qavatdagi xonasiga ko‘chib o‘tgan. Biroq fraktsiya lideri bo‘lib Isa Omurqulov saylanganidan so‘ng, o‘z ish xonasini bo‘shatib berishga majbur bo‘lgan va Omurqulovning 6 qavatdagi xonasiga ko‘chib o‘tishdan bosh tortgan.

Jeenbekov Jo‘g‘o‘rqu Kengashning ish boshqarmasidan keng, tahorat olib namoz o‘qish uchun alohida bir xona tayyorlab berishlarini talab qilgan. Sobiq spiker o‘zining yangi ish xonalari yuzasidan ma‘lumot berishdan tiyilmoqda.

Sobiq spikerga alohida ish xonasining tayyorlanishi jamoatchilikda qizg‘in bahsu-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Huquq himoyachisi va faol Rita Qarasartova parlamentda xonalar yetishmasligini, Jeenbekovning bu talabi noto‘g‘ri ekanligini aytadi.

"Hammaga ma‘lum, "Respublika Ota-Yurt" fraktsiyasi rahbari Omurbek Babanov bilan sudlashib, g‘olib chiqqan deputatga bir qancha vaqt xona yo‘q, deb topa olmay yurishgan edi. Shunday vaziyatlarda boshqa birovlarga bir emas, uch-to‘rt xonani birlashtirib, ta‘mirlab berishlari noo‘rindir. Ertaga u ketsa, bu xonalar nima bo‘ladi? U shu to‘rt xonani birlashtirib o‘tirguday qanday ishni qoyillatib qo‘yibdi?- degan savol ham tug‘ilayapti. Endi bundan keyingi sobiq spikerlar ham Jeenbekovdan nimam kam deb, ular ham to‘rttadan xona olishsa....? Ularning hammasiga dam olish xonasi bilan uch-to‘rt xonani qayerdan topib beramiz?" – deya savol ostida qo‘yadi Rita Qarasartova.

Asilbek Jeenbekovga parlamentda ko‘p ish xonalari ajiratilishini uning safdosh deputatlari ham tanqid qilishmoqda. "Sotsial-demokratlar" partiyasi a‘zosi Renat Samudinov kimgadir ortiqcha sharoitlar yaratilib berilishini noto‘g‘ri deb hisoblaydi.

"Parlamentda hech kimga imtiyozlar berilmasligi kerak. Bu masala bo‘yicha etika qo‘mitasi shug‘ullanishi kerak. Men Jeenbekovning ish xonalari to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda o‘qidim. Rost yoki yolg‘on ekanini bilmayman. Agar haqiqatan ham shunday bo‘lsa, unda bu ish noto‘g‘ri. Sharoit hammaga birdek bo‘lishi kerak. Jamoatchilikka ayon bo‘layotgan bu mavzu, partiyaning ichida ham muhokama qilinishi kerak. Hech bo‘lmaganda, partiya nomiga dog‘ tushurmanglar, deya ogohlantirish beramiz" – deydi deputat Renat Samudinov.

Jo‘g‘o‘rqu Kengashda odatda deputatlar kichik xonalarda ish olib boradilar. Ko‘p xollarda ikki deputat bir qabulxonaga ega bo‘lsalar, ba‘zilari bundan ham mahrumdirlar. Avvalgi spiker Axmatbek Keldibekov ham o‘zining ish xonasi bo‘yicha nom chiqargan edi. U spikerlikdan ketganidan keyin 7 qavatdagi katta zallardan birini to‘sib olgani ma‘lum.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq