O‘zbekiston MXX rahbarlari Ovro‘poda mol-mulkga egami?

Image copyright reBaltica

Bugun "Re:Baltica" nomli tadqiqot jurnalistikasi bo‘yicha Boltiq markazida O‘zbekiston rahbarlariga tegishli qator maqolalar chop etilgan.

Maqolalarning birida "KGB sobiq zobitining Sho‘rolar Ittifoqi qulashidan so‘ng O‘zbekiston xavfsizllik xizmatining yuqori martabali mulozimlariga Latviyada mulkga ega bo‘lishga yordam bergani ko‘rinadi" deb yoziladi.

Inga Springe "Re:Baltica" markazida ishlayotgan latviyalik jurnalist. U Latviyadagi o‘zbeklarning moliyaviy ishlari bo‘yicha bir yildan ortiq muddat davomida jurnalistik tekshiruv o‘tkazib kelmoqda.

BBC: Siz O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining rahbarlaridan biri Latviyaning eng hashamatli kurortlari sanalmish Yurmalada yerga egadir, deb iddao qilyapsiz. Bu iddaolaringiz qattiq dalillarga asoslanadimi?

Inga Springe: Bu rahbarning Yurmaladagi ushbu yerga aloqasi bor deb biz gumon qilyapmiz, lekin qattiq dalillarni keltirolmaymiz. Rossiya gazi bilan shug‘ullanishda millioner bo‘lgan Latviyaning sobiq KGB zobiti Yuris Saviskis bilan suhbatlashganimizda, u ayni o‘sha rahbar bilan shaxsan tanish ekanini tan olgan. Biroq shu bilan birga u ayni rahbarni oxirgi marta qachon ko‘rgani borasida tafsilotlarni berishdan bosh tortdi. U mazkur rahbarning ayni o‘sha yerga aloqasi borligi borasidagi xabarni rad etib, biroq mazkur kelishuv ortida ayrim o‘zbeklar borligini tasdiqlagan.

BBC: Bu qanday yer haqida gap ketyapti?

Image copyright reBaltica
Image caption Latviya KGBsi sobiq zobiti va hozirgi kunda millioner Yuris Saviskis

Inga Springe: Tilga olingan yer maydoni Yurmala atrofidadir. Yurmala dengiz bo‘yida joylashgan Latviyaning eng boy shaxarlaridan biri sanaladi. Bu yerga badavlat ruslar va sobiq sovet mamlakatlaridan boy odamlar kelib xordiq chiqarishni xush ko‘radilar. Bir necha yil mobaynida Yuris Savitskis bu yerda ko‘chmas mulkga egalik qilgan. Bugun esa bu yer Qibris ofshor shirkatlaridan biriga qarashli bo‘lib, uning narx-qiymati qariyb ikki million yevroni tashkil etadi. Maqolada yozishimcha, Yuris Saviskis yerni sotmagan va maxsus bir shirkatni tashkil etgan. Mazkur shirkat hissalarining 85 foizini noma‘lum shasxlarning egaligiga o‘tkazgan. Va aynan ularning ismlarini Saviskis oshkor etishdan bosh tortmoqda.

BBC: Biroq siz aynan ushbu yer o‘zbek fuqarolariga tegishli ekani borasida biror bir hujjat ko‘rdingizmi? Ya‘ni, ko‘rmagan bo‘lsangiz, o‘zbeklar mazkur kelishuvga aralashmagandir deb aytishimiz mumkinmi?

Inga Springe: Yo‘q, qo‘limda bunday dalillar yo‘q. Biroq ayrim o‘zbeklarning bu kelishuvda borligini Saviskis o‘zi tan olyapti. Lekin, aynan biz aytgan rahbar egalik qilayotgani deb aytolmayman, chunki qo‘limda qat‘iy faktlar yo‘q.

BBC: Nazaringizda, o‘zbek xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimlari Sovet davrida KGB xodimlari bilan o‘rnatilgan o‘zaro aloqalardan foydalanib, chet elda va xususan Latviyada ayrim iqtisodiy imtiyozlarga erishganlar deb aytishimiz mumkinmi?

Inga Springe: Ha, ayniqsa Latviyada bunday holat ro‘y bergan deb ishonaman. Chunki, misol uchun, biz tilga olgan o‘zbekistonlik rahbar Saviskisni eski KGBda ishlagan paytidan yaxshi bilgan va u bilan hamkorlikda qo‘shma biznes o‘rnatishda aynan bu aloqani ishlatgan. Mazkur rahbarning sobiq o‘rinbosari, hozirda qamalgan SNB mansabdori bilan ham Saviskis biznes muzokaralarini olib borganini tan oldi. Biroq bu mansabdorning biznes amallari haqida ham qo‘limda qat‘iy dalillar yo‘q. Ishonchli manba‘ga ko‘ra, u Yurmalada hashamatli bir ko‘chmas mulkga ega. Saviskis men bilan suhbatda, yaqinda, Toshkentga borsangiz, o‘zbeklar bilan qilayotgan biznes natijalarini amalda ko‘rishingiz uchun imkon paydo bo‘ladi, deb aytdi. Biroq tafsilotlarni oshkor etmadi.

BBC: Latviya nimasi bilan o‘zbeklarni jalb etadi? Ularning u yerga borib, u yerda o‘rnashib olishlarining ortida qanday sabablarni ko‘ryapsiz?

Inga Springe: O‘tgan yildan avval biz dunyoda eng arzon deb sanalgan doimiy yashash huquqini olish mumkin bo‘lgan mamlakat edik. Agar Riga tashqarisida yetmish ming yevroga uy sotib olganingizda, siz avtomatik tarzda yashash huquqiga ega bo‘lib, Ovrupo Ittifoqining rezidentiga aylanishingiz mumkin bo‘lgan. Bugungi kunda bu stavka ko‘tarilganidan so‘ng, endi 250 ming yevro to‘lashingiz lozim. Shuning uchun istaganlarning soni ham kamayib qolgan. Latviyada yashash huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining soni 1525 dan ortiqdir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring