Tramp musulmonlar taqiqi haqidagi gapini yumshatdi

Image copyright Getty

AQSh prezidentligiga Respublikachi nomzod Donald Trampning aytishicha, uning musulmonlarning AQSh hududiga kirishlariga taqiq joriy etish lozimligi haqidagi so‘zlari "faqat taklif edi".

Fox News telekanaliga intervyu bergan Donald Tramp vaqtinchalik taqiqni nazarda tutgan edi.

O‘tgan yil dekabrida 14 inson umriga zomin bo‘lgan otishadan keyin prezidentlikka nomzod Donald Tramp, "musulmonlar AQSh uchun tahdid", degan bayonot bilan chiqqan, musulmon insonlarning Amerikaga kirishini ma‘n etish lozim, deb aytgan edi.

Trampning musulmonlar haqidagi ushbu bayonoti AQSh va boshqa mamlakatlarda siyosatchilar va diniy rahbarlar tomonidan keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Britaniyada Donald Trampning Britaniyaga kirishini taqiqlash talabi bilan petitsiya tashkil qilindi.

Bu petitsiyani dastaklab bir necha yuz ming kishi imzo qo‘ydi.

Londonning birinchi musulmon hokimi Sodiq Xon agar Donald Tramp AQSh prezidentligiga saylanadigan bo‘lsa, musulmon bo‘lgani uchun Amerikaga safar qilolmay qolishidan xavotir bildirib bayonot bergan edi.

5 may kunidagi London hokimligi saylovida asli kelib chiqishi pokistonlik musulmon oilaning farzandi Sodiq Xon g‘alaba qozonganidan keyin Donald Tramp Sodiq Xonning AQShga kirishi uchun istisno qilinishi mumkinligini aytib chiqdi.

Donald Trampning ko‘plab bahsli bayonotlari Respublikachilar partiyasining ko‘plab a‘zolari tomonidan qattiq tanqidlarga tutildi.

Respublikachilarning qator yetakchi a‘zolari janob Trampni saylovda qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdilar, uning o‘rniga partiya nomidan boshqa siyosatchi nomzodini ilgari surish taklifi ham ilgari surildi.

12 may kuni Trampning Respublikachilarning yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

Donald Tramp Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayan bilan bu borada kelishib olgani xabar qilindi.

Bundan oldin Pol Rayan ham janob Trampni dastaklashdan voz kechganini e‘lon etgan edi.

11 may kuni e‘lon qilingan omma fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, Amerikadagi saylovchilarning 41 foizi Demokratiya partiya nomzodi Hillari Klinton uchun, 40 foizi esa Donald Tramp uchun ovoz berishni xohlar ekan.

19 foiz saylovchi hali kimga ovoz berishi borasida bir qaror kelmagan.

Reyter axborot agentligi va Ipsos tadqiqot kompaniyasi birgalikda tashkil qilgan so‘rovda qariyb 1300 kishi qatnashgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq