"Britaniyaning OIdan chiqishi Putin uchun ajoyib sovg‘a"

Image copyright MIKHAIL KLIMENTYEV AFP
Image caption "Putin birlashgan Ovro‘poga o‘zining dushmani deb qaraydi va ko‘proq mayda, kuchsiz va tarqoq raqiblar bilan ish olib borishni ma‘qul ko‘radi"

Rossiya muxolifati yetakchilaridan, shaxmat chempioni Garri Kasparovga ko‘ra, Breksit Putin uchun katta sovg‘a bo‘lishi mumkin.

"Breksit": Vladimir Putin uchun istalgan sovg‘a" deb nomlanadi Garri Kasparovning Guardian ro‘znomasida Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqiga a‘zoligi hal bo‘ladigan referendumga bag‘ishlangan maqolasida. Breksit Britaniyaning OIdan chiqishidir.

"Bo‘lib tashla va hukmronlik qil" - Kreml aynan ana shu yangi bo‘lmagan, biroq natijali siyosat bilan Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlariga yondashadi.

"Putin birlashgan Ovro‘poga o‘zining dushmani deb qaraydi va ko‘proq mayda, kuchsiz va tarqoq raqiblar bilan ish olib borishni ma‘qul ko‘radi", deb yozadi Kasparov.

O‘tgan yili Shotlandiyada o‘tgan referendum natijalari, saylovchilarning mustaqillikka qarshi ovoz berganlarini Kreml xuddiki motamdek qabul qilgani ham bejiz emas, deb qayd etadi muxolifatchi.

Putin uchun Breksit xohishlar ro‘yxatidagi qator bo‘lib qolmasdan, Ovro‘po Ittifoqi Britaniyasiz uning yangisovet ambitsiyalariga qarshi kamroq imkonga ega raqibga aylanadi.

Putin har doim Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlari bo‘linishiga olib kelishga qodir deb bilgan siyosiy kuchlarni doim quvvatlab keladi.

Image copyright AFP
Image caption Garri Kasparov Rossiya hukumati, shaxsan Putinning ashaddiy tanqidchilaridan

Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqidan chiqishi Kreml rahbarlari va Ovro‘poning o‘ta o‘nglari uchun Ovro‘poni tarqoqligiga erishish tomon faqatgina kuch va jasorat beradi, deb ta‘kidlaydi Kasparov.

"Bu dunyoviy tartib va butunjahon iqtisodiy o‘sishi hamda inson huquqlari va demokratiya kabi umuminsoniy qadriyatlar nuqtai nazaridan ulkan orqaga qo‘yilgan qadam bo‘ladi", deb hisoblaydi u.

Bundan oldin Ovro‘poning qator rahbarlari, AQSh Prezidenti Obama ham Britaniyani OI a‘zoligidan chiqishi katta xato bo‘lishini aytishgan.

Xalqaro Valyuta fondi rahbari Kristin Lagardning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya OIdan chiqish uchun ovoz berar ekan, bu mamlakat uchun og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Noaniqlik davri Britaniya uchun uzoq davom etishidan ogohlantiradi Lagard xonim.

Uning Britaniya Moliya vaziri Jorj Osborn bilan birga matbuot anjumanida aytishicha, Britaniyaning OIga a‘zoligi nafaqat mamlakatning ichki ishi, balki jiddiy xalqaro masaladir.

Ko‘pgina tahlilchilar fikricha, Britaniya OI dan chiqishi bilan fond birjalarida beqarorlik, daromadlar pasayishi yuz berishi, London jahonning moliya markazi sifatidagi mavqeini ham yo‘qotishi mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring