O‘zbekistonda dron uchun qamoq jazosi berilishi mumkin

O‘zbekistonda drondan foydalanganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish ko‘rib chiqilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi O‘zbekiston davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilinmoqda.

Hukumatning "Norma" nashriga ko‘ra, yangi qonun loyihasi ma‘muriy javobgarlik bilan birga, respublika havo hududidan ruxsat olmay foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlikni ham ko‘zda tutadi.

Respublika "Jinoyat kodeksiga va Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish" haqidagi qonun loyihasi tasdiqlansa, dronlardan foydalanganlik uchun 15 sutkadan to 5-10 yilgacha qamoq jazolari berilishi mumkin.

Uchuvchisiz uchish vositalarini noqonuniy ishlatganlik uchun ma‘muriy jazo sifatida eng kam ish haqining 100dan 200 miqdorigacha jarima yoki uchish vositalarini musodara qilish bilan birga, 15 sutka qamoq jazosi belgilanishi ehtimoli bor.

Bundan tashqari, agar qonunbuzarlik ma‘muriy javobgarlik qo‘llanganlikdan so‘ng yana sodir etilsa yoxud o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatiga sabab bo‘lsa, aybdor shaxs ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi, uch oyga qamoqda qoldirilishi mumkin.

Loyihada keltirilishicha, inson o‘limiga olib kelingan holatlarda 2-5 yil muddatga qamoq jazosi berilishi, uch yillik axloq tuzatish ishlariga yuboriladi.

Drondan foydalanish insonlar o‘limi, og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatlarda aybdor 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi, deyiladi qonun loyihasida.

O‘zbekistonda o‘tgan yil 1 yanvaridan boshlab uchuvchisiz uchoqlarni olib kirish, ishlab chiqish va foydalanish taqiqlangan.

Mamlakatga kiradigan shaxslar bojxona deklaratsiyasini to‘ldirayotganlarida O‘zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan buyumlar qatoriga dronlar ham qo‘shib qo‘yilgan.

O‘zbekistonda fuqarolar va tashkilotlar dronlardan aynan nima maqsadlarda foydalanishlari yoki foydalanib kelganlari ma‘lum emas.

Ayni paytda dronlardan dunyoda yirik shirkatlar turli tijoriy maqsadlarda, jumladan, internet savdosida ishlatib keladilar.

Facebook va Google rahbariyati sohani rivojlantirish uchun dronlar sotib olishni mo‘ljallagani haqida e‘lon qilgandi. Facebook, Google dronlari dunyoning internet mavjud bo‘lmagan hududlarni internetga ulashni rejalagani aytilgan.

Ba‘zan dronlardan to‘y marosimlarida foydalaniladi, surat va videolar yuqoridan turli rakurslarda olinadi.

Biroq dronlardan foydalanish qimmatligi bois, O‘zbekistonda bunday xizmat oddiy fuqarolar uchun emasligi ma‘lum.

Dastlab harbiy maqsadlarda ishlab chiqarilgan dronlar xozirda rivojlangan davlatlarda kino, jurnalistika sohasida telereportajlar, filmlar tayyorlashda, qishloq xo‘jaligida va tabiat muxofazasida keng foydalaniladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq