O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi

Image copyright Getty AFP

Prezident Islom Karimov 13 mayda Toshkentda O‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida farmonni imzolagan.

Farmonga ko‘ra, universitetni tashkil etish o‘zbek tili va adabiyotini, uning tarixiy ildizlarini va globallashuv sharoitlaridagi rivojlanish istiqbollarini chuqur tadqiq etish, o‘zbek tili va adabiyotini ta‘lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarida o‘qitish, shuningdek, kadrlar tayyorlash sifatini o‘stirish ehtiyojlari bilan bog‘liqdir.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Taniqli navoiyshunos olim Aziz Qayumovning Bi-bi-siga aytishicha, bunday farmonning qabul qilinishi katta savobli ish bo‘lgan. Endigi vazifa mutaxassislar va mutasaddilar o‘zbek tili va adabiyotining ravnaqi, davlat tilining obro‘si uchun mehnat qilishlari lozim bo‘ladi. Navoiyshunos olimga ko‘ra, bu amal o‘zbek tilining xalqaro mavqeini oshirishga xizmat qiladi.

Yangi ta‘lim dargohi Milliy universitetning O‘zbek filologiyasi fakulьteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbek tili va adabiyoti fakulьteti va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida tashkil etilishi aytilgan.

Universitetda O‘zbek filologiyasi, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, O‘zbek-ingliz tarjimasi fakulьtetlari talabalarni qabul qiladi. Shuningdek, universitet tarkibida o‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat olib boradi.

Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi asosida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etilishi xabar qilinadi.

Farmonda keltirilishicha, universitet filologlar, ilmiy-pedagogik kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar yetishtirib beradi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini yurg‘izib, soha mutaxassislarini qayta tayyorlaydi, malakasini oshiradi.

Yangi universitetda o‘quv jarayoni 2016 sentyabrda boshlanishi kutiladi.

Universitet binosi qarshisida o‘zbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tiliga ixtisoslashgan yangi universitet ochilishi xabari ko‘pchilik tomonidan quvonch bilan qarshi olingan.

Jumladan, Feysbukda faol Xushnudbek Xudoyberdiyev shunday yozadi:

"Gapiraverdik, gapiraverdik, gapiraverdik. Nihoyat o‘zbek tilining bugungi ahvolini yaxshilash uchun Prezident Farmoni qabul qilindi.

Endi buyog‘iga kutamiz, qani. Nima o‘zgarishlar bo‘larkin. Va umid qilamizki, mazkur Universitet tilimiz ravnaqi uchun haqiqatda foydasi tegadigan, qog‘ozda emas, amalda aniq islohotlarni qila oladigan dargoh bo‘ladi. Universitet faoliyatiga omadlar tilaymiz!"

O‘zbekistonda 1989 yil 21 oktyabrida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilingan. Biroq hanuz mamlakatdagi ko‘p idoralarda o‘zbek tilidan ko‘ra rus tilining mavqei balandligi aytib kelinadi.

Bi-bi-si mushtariysi Farhod Abdurahmonovning kuyinib yozishicha, O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganidan keyin qariyb 27 yil o‘tdi, lekin hanuzgacha ona tilimiz tom ma‘noda o‘z mavqe‘iga ega bo‘lmadi. Birinchidan, Qonun talabiga ko‘ra, davlat idoralarida ishlab O‘zbek tilini bilmaydigan boshqa millat vakillariga davlat tilini o‘zlashtirishlari uchun berilgan muddat o‘tib ketganiga qaramasdan, hamon davlat strukturalarida tilni bilmaydiganlar bemalol ishlamoqdalar, hattoki millati O‘zbek bo‘lgani holda o‘z ona tilida so‘zlasha olmaydigan rahbar va mutaxassislar ham hech qanday cheklovlarsiz davlat organlarida faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ikkinchidan, televideniya, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarida shevada gaplashish odatga aylanib bormoqda.

O‘zbek ziyolilariga ko‘ra, O‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi O‘zbek tilining mamlakatdagi o‘rni, rivojiga, adabiyotning ravnaqiga qanday ta‘sir qilishi vaqt masalasidir.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • • Instagram - BBC UZBEK
  • • Twitter - BBC UZBEK
  • • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • • Facebook - BBC UZBEK
  • • Google+BBC UZBEK
  • • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • • Skype - uzbekbbclondonb
  • • bcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq