Armaniston Tog‘li Qorabog‘ e‘tirofi ustida o‘ylanib qoldi

Image copyright Getty
Image caption Armaniston hukumati va parlamenti hozir Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishning mavridi emas, deb hisoblaydi

Armaniston ommaviy axborot vositalari xabar tarqatishicha, parlamentning tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi plenar majlis muhokamasiga o‘zini Tog‘li Qorabog‘ respublikasi deb e‘lon qilgan o‘lka mustaqilligini tan olish masalasini kiritmagan.

Bu degani Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini Armaniston tomonidan tan olish masalasi Armaniston parlamenti keyingi sessiyasi kun tartibiga kiritilishi ham hozircha savol ostida.

Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olish haqidagi qonun loyihasini Armaniston parlamentidagi muxolif deputatlar Grant Bagratyan va Zarui Postanjyan tayyorlagan edilar va parlamentga taqdim etgan edi.

Armaniston parlamentidagi fraktsiya rahbari Levon Zarubyanning so‘zlariga ko‘ra, agar hozir Tog‘di Qorabog‘ mustaqilligi Armaniston tomonidan e‘tirof etilsa, bu amal aks ta‘sirga sabab bo‘lishi va tinchlik muzokaralari jarayoniga xalaqit qilishi mumkin.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Armaniston parlamentining tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi aksar a‘zolari hukumatning shu kecha-kunduzda Tog‘li Qorabog‘(yoki Armanistonda Artsax respublikasi deb atalayotgan o‘lka) mustaqilligini tan olish maqsadga muvofiq emas, degan fikriga qo‘shilganlar.

Image copyright G
Image caption Ikki tomon ham og‘ir qurollardan foydalanib hujumga o‘tdilar

Tashqi ishlar komissiyasi rahbari Artak Zakaryan hamkasblarini "bir tomonlama qadam qo‘yishdan" tiyilishga chaqirgan.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish bo‘yicha Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi Armaniston Prezidenti Serj Sargsyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuvga kelishganlari haqida xabar tarqatgan.

Armaniston va Ozarbayjon prezidentlarining 16 may kuni Vena shahrida uchrashishlari mo‘ljallangani, shuningdek, Venaga AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham borib ikki mamlakat rahbarlari bilan uchrashishlari xabar qilingan.

2016 yil apreli boshida Armaniston va Ozarbayjon harbiylari bir-biridan ajratilgan chiziqlarda o‘t ochishlar boshlanib ketdi.

Ikki tomon ham og‘ir qurollardan foydalanib hujumga o‘tdilar.

Ozarbayjon va Armaniston bir-birini otashkesim bitimini buzishda aybladilar.

Ikki tarafdan 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

Armaniston Prezidenti Serj Sergsyan, agar Tog‘li Qorabog‘da janglar kuchayadigan bo‘lsa, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ning mustaqilligini rasman e‘tirof etishi haqidagi bayonot bilan chiqdi.

Tog‘li Qorabog‘ urushi 1988 yili boshlangan.

Image copyright Getty
Image caption 1990 yillar boshida Tog‘li Qorabog‘da qaqshatqich janglar bo‘lgan

Biroq bu hududda yashovchi nasroniy va musulmonlar o‘rtasida yer uchun qarama-qarshiliklar 100 yillarga borib taqaladi.

Aholisining aksarini armanlar tashkil qilgan Tog‘li Qorabog‘ Muxtor viloyati SSSR zamonida Ozarbayjon tarkibida bo‘lgan.

Armanlarning Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjon tarkibidan olib chiqib Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tashkil qilish g‘oyasi qonli hodisalarga sabab bo‘lgan.

1994 yilgacha davom etgan urush oqibatida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ bilan birga o‘zining yetti tumani ustidan nazoratni yo‘qotgan.

Tog‘li Qorabog‘ o‘zini respublika deb e‘lon qilgan, biroq bu respublika xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.

1992 yildan buyon Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal etish maqsadidagi muzokaralar davom etmoqda.

Ozarbayjon o‘zining hududiy yaxlitligi ta‘minlanishini talab qiladi.

Armaniston e‘tirof qilinmagan respublika tarafini olib keladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq