Aziza Abdirasulova: Prezident Atambayevni sudga beramiz

Bishkeklik faollar Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayevni sudga bermoqchilar. Bu haqda "Qilim shami" Inson huquqlari tashkiloti rahbari Aziza Abdirasulova bugun parlament binosi oldida o‘tkazilgan norozilik namoyishida bildirgan.

Aziza Abdirasulova ko‘zida yosh ila: "Prezident, aybim nimada? Isbotla! Agar aybim bo‘lsa, militsiya xodimlari meni olib borib qamoqqa o‘tqazinglar. Sizlardan xafa bo‘lmayman. Nega prezident uch yarim million ayolni tabriklab, To‘leyqan ikkalamizni haqoratlaydi? Atambayevga nima yomonlik qildim?" – deya xafa bo‘lgan.

Huquq faoli davlat rahbari Almazbek Atambayevni sudga bermoqchi ekanliklarini ma‘lum qildi.

"Prezident bizdan rasmiy kechirim so‘rab, aytgan so‘zidan qaytmasa, u holda biz uni sudga beramiz. "Qilim shami" tashkiloti 2003 yildan beri turli xil yig‘inlarga qatnashib, monitoring qilib kelmoqda. Atambayevning bu galgi bayonotini shunchaki aytilgan so‘z qatori qabul qilib, unga e‘tibor bermaslikka harakat qildik. Biroq uning so‘zi prezidentning rasmiy saytida e‘lon qilinib turibdi. Demak, bu avvaldan tayyorlanib, aytilgan fikr. Biz shunga norozi bo‘lmoqdamiz" – deydi Aziza Abdirosulova.

O‘tgan haftada "Xalq parlamenti" deya nomlanuvchi yangi muxolifat tashkiloti vakillari hokimiyatni kuch bilan bosib olishga harakat qilgan degan ayblov bilan qo‘lga olinganlar. Mazkur tashkilotning 12 mayda Bishkekda o‘tkazilgan yig‘inida inson haqlari faollari Aziza Abdirasulova va To‘leyqan Ismailovalar ham ishtirok etganlar.

14 mayda Prezident Almazbek Atambayev "Onalar kuni" munosabati bilan "Qahramon onalar"ni tabriklayotib, "Xalq parlamenti" a‘zolarini "tinchlikni barqarorsizlantiruvchi xalq dushmanlari" deb atagan, ularning yig‘inida ishtirok etgan huquq faollarini olgan grantlarini oqlayotgan nodavlatchilar deb ta‘riflagan.

"Xalq parlamenti" forumida kimlar ishtirok etmadi... Unda Talg‘arbekov boshchiligidagi akayevchilar, Qalmatov rahbarligidagi bakiyevchilar, Motuyev rahnamoligidagi "IShIDchilar" va olgan grantlarini oqlayotgan To‘leyqan Ismailova, Aziza Abdirasulovalar boshchiligidagi nodavlatchilar qatnashdi. U yerda "Xalq parlamentimiz" deyayotganlar, ortimizda xorijiy davlat maxfiy xizmatlarining generallari, polkovniklari turishibdi, deb ulardan pullar kelganini o‘zaro maqtanmoqdalar. Barchasining nomi bir – sotqinlar. O‘z davlatini sotganlar" – deya bayonot qilgan Prezident Almazbek Atambayev.

Huquq faollari prezidentning bu bayonotidan norozi bo‘lib, unga murojaatnoma yo‘llab, kechirim so‘rashni talab qilganlar. O‘tgan kunlar davomida prezidentdan javob olmagach, norozilik namoyishini o‘tkazishga majbur bo‘lganlar. Unda o‘nlab faollar qo‘llarida Qirg‘iziston konstitutsiyasidan va inson haqlari to‘g‘risidagi qonunlardan iqtiboslar, prezidentdan huquq faollariga tazyiqlarni bas qilish chaqiriqlari yozilgan plakatlarni ushlab turganlar.

"Prezident huquq himoyachilarini ayblab, ular agent, yomonliklarni olib keladi, inson huquqlari yomon, deb aytavermasdan, yoqmasa Rossiyasiga ketsin, boshqa yerga ketsin-da. Ikki revolyutsiyada nima uchun bolalar qurbon bo‘lishdi? Ular erkinlik va adolat uchun jonlarini berganlar. Prezident o‘zi ham shunday deb kelmaganmidi...? Onalarni ikkiga bo‘lib, birini maqtab, ularga gul berib tabriklab, ikkinchisini esa qoralab, Aziza ikkalamizni yomonotliq qilishga Atambayevning qanday haqqi bor? Bizning ham oila, ota-onamiz bor. Jonkuyar farzandlarimiz, hamkorlarimiz bor. Prezident konsitutsiyani buzib, bizga psixologik hujum qilishga qanday haqqi bor? Barchasini to‘xtatsin! Sudga beramiz. Chet davlatdan pulni shu olayapti. Davlat byudjeti 60 foizga defolt bo‘lmoqda. Biz beva-bechoralarga, qamoqlarda nohaq o‘tirganlarga yordam bermoqdamiz. O‘tgan safar bekatda tursam, meni noma‘lum shaxs bandit deb qo‘rqitib ketdi. Bu harakatlarini bas qilsin. Agar banditlik siyosatini xohlayotgan bo‘lsa, biz undaylardan emasiz. Biz undaylarni xohlamaymiz. Siyosatda kriminal bo‘lmasin. Kerak bo‘lsa oq uyda ham kriminal o‘tiribdi" – deya ko‘zda yosh ila nola qiladi To‘leyqan Ismailova.

Parlamentdagi "Bir bo‘l" siyosiy partiyasidan deputat Cho‘lpon Jaqupovaning fikricha, prezidentning huquq faollari haqida bunday bayonot bilan chiqishi noto‘g‘ri.

"Kuni kecha parlamentda "Xorijiy agent" to‘g‘risidagi qonun loyihasini o‘tmay qolishiga o‘z hissalarini qo‘shgan huquq faollari va fuqaroviy jamiyat uchun davlat rahbarining aytganlari zarba bo‘ldi" – deydi deputat Cho‘lpon Jaqupova.

Huquq faollari xorijdan moliyalanuvchi nodavlat tashkilotlarni "agent" deya nomlovchi qonun loyihasi Qirg‘izistonni totalitar davlatga aylantirishidan xavotir bildirib keladilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring