Toshkentdan maktublar: "Ishsizlik yomon ekan..."

Image copyright BBCUZBEK.COM

Bir kuni oliy ma‘lumotli, poytaxtda o‘n yildan ziyod katta bir dargohda ishlagan tanishim taqdir taqozosi bilan viloyatning o‘zi tug‘ilib o‘sgan tumaniga qaytib kelgach, ish topa olmayotgani haqida gapirib berganida, to‘g‘risi, ishonmagandim.

Nega deysizmi, axir poytaxtda uning iste‘dodiga zorlar ko‘p edi-da. Mana, besh yildan buyon o‘sha tanishim ishsiz. Har safar telefon orqali gaplashib qolganimda "ishsizlik yomon ekan, ishsizlik yomon ekan..." deya she‘r to‘qivoradi.

To‘g‘ri, har kimning rizqu nasibasini Alloh beradi. Bizning kunlarimizda hech kim ochlikdan yoki bir burda nonga zor bo‘lib o‘lib ketmaydi. Ishlamasa ham kuni o‘taverishi mumkin. Xudoga shukr, deydi u boshida ota-onasi, qarindosh-urug‘i, jon-jigarlari yordam berib turar.

Lekin...

Mehnat qilish kerak-ku. Axir bizning bolaligimizdanoq "mehnat insonni ulug‘laydi" deb uqtirib kelishgan. Ulug‘lanish, izzat-ikrom ko‘rish kimga yoqmaydi. Ishlagan tishlaydi, ham deyiladi-ku maqolda.

"O‘g‘il qozoqqa, qiz-erga..."

Bugun hukumat kattalari O‘zbekistonda ishsizlik darajasini qanchalik pastga tushirishga urinmasin, muammo shunchalik kuchayib bormoqda. Ayniqsa, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining bandligini ta‘minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Hatto ota-ona ham kollejni bitirayotgan bolasini ishga joylashtirishni hukumat darajasida o‘ylamaydi. "Ha, o‘zlari qog‘oz to‘ldirib qo‘yishadi, deyishadi ota-onalar, - o‘g‘limni qozoqqa yoki Rossiyaga ishga jo‘nataman, qizimni erga beraman".

Bu yoqda hukumat kollej bitiruvchisi bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolab yotibdiyu, bir tomonda ota-onaning dardi fikri "o‘g‘lini mardikorlikka jo‘natish, qizini erga berish".

Kollej rahbarlari bugun necha foiz bitiruvchingni ish joyi tayin, desangiz sizga boshi-adog‘i yo‘q dasta-dasta papkalar (ularning tilida yig‘ma jild)ni ko‘rsatishadi. "Biz bitiruvchilarning ishga joylashish masalasinni ijobiy hal qilayapmiz, mana to‘rt tomonlama shartnoma tuzildi" deyishadi.

Ammo amalda...

Bandlik masalasini o‘rganish uchun yaqinda Toshkent viloyatidagi kollejlardan biriga bordim. Direktor yo‘q ekan. Direktorning kasbiy ta‘lim bo‘yicha o‘rinbosari "bu haqda hech narsa deya olmayman. 9 yo‘nalishda 649 nafar o‘quvchi bitirayapti, kadrga bo‘lgan talabdan ortiqcha mutaxassislar tayyorlanayotganligi uchun bitiruvchilarimiz ishsiz qolayapti" deya dardini dasturxon qildi. Kollejlarda bugun bitiruvchilarning bandlik monitoringini yuritish shtabi tashkil etilgan. Ana shu shtabda bo‘lishi talab etiladigan hujjatlar yig‘ma jildlari ustidagi yozuvlarni o‘qisangiz, kollej rahbarlari nega aqldan ozib qolmayapti, deb o‘ylashingiz aniq.

Mana misollar: "Mutaxassisligi bo‘yicha diplom olgandan so‘ng aniq ish joyiga joylashtirilib, uning ishga joylashganligini tasdiqlovchi ma‘lumotlar MFY (mahalla fuqarolar yig‘ini) kesimidagi yig‘ma jild", "oliy ta‘lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘quvchilar bilan qilinadigan ishlar yig‘ma jildi", "Ishi noaniq bo‘lgan bitiruvchilar bilan ishlash yig‘ma jildi", "Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan bitiruvchilar bilan ishlash bo‘yicha yig‘ma jild".

Bu yig‘ma jildlar hech bo‘lmaganda, 10 nafar bitiruvchini ishga joylashtirishga yordam berganda ham mayliydi...

"Zato, tinchlik..."

Viloyat rahbarlaridan biri ishsizlik, ayniqsa, kollej bitiruvchilarining ishsizligini kamaytirish uchun ko‘rilayotgan choralar haqida aytib o‘tarkan, o‘zi ham achchiqqina bir haqiqatni tilga ko‘chirdi. "Mana, kecha biz zavodda bo‘ldik. Uning rahbarlari shuncha bolani ishga ololmaymiz, yangi ish o‘rinlari yaratish rejamizda yo‘q. Faqat bir yoki ikki nafar xodimning pensiyaga chiqishi munosabati bilan ish o‘rni bo‘lib qolishi mumkin" dedi, deya ishsizlik O‘zbekistonda katta muammo ekanligini aytib o‘tdi.

Bugun O‘zbekistonda hech qanday muammo gapirilmasligi, tilga olinmasligi kerak. Kimdir muammolardan gap ochsa, bir gap bilan javob berish odat tusiga kirgan: "Zato, tinchlik".

"Men ham zato tinchlik, deya besh yildan buyon ishsiz yuribman" dedi tanishim bir kuni. Kollej bitiruvchilari ham baxti chopgani, omadi kulgani oliy ta‘lim muassasalari talabasi bo‘lar. Qolganlari "zato tinchlik, bizning yurtdagidek "tiiiiiiiinch" joy hech qayerda yo‘q, deya yuraveradi, tinchgina. Baxtiga ota-onasi hali hayot. Bir amallab boqvoladi...

Adolat Toshkanboy qizi
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/1VXp1ut
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/1VXp3CB)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq