Hazoralar TUTAP elektri Bomiyondan o‘tishini xohlaydilar

Image copyright AFP

Afg‘oniston poytaxti Kobulda minglab Hazoralar norozilik yurishi tashkil qilganlar.

Ular TUTAP deb nomlangan elektr uzatish liniyasi rejasini qayta ko‘rib chiqish talabini ilgari surmoqdalar.

Norozilik namoyishi bois Kobul markazi to‘sib qo‘yilgan.

Osiyo Taraqqiyot banki homiylik qilayotgan TUTAP(Turkmenistan-Uzbekistan-Tajikistan-Afghanistan-Pakistan) loyihasi bir necha millionli yirik infrastrukturali loyihadir.

TUTAP 500 kilovatt elektr quvvatini Markaziy Osiyodan Afg‘oniston orqali Pokistonga o‘tkazishni nazarda tutgan.

Hozirgi rejaga ko‘ra, Afg‘onistonning Puli Xumri shahridan tortilgan elektr uzatish liniyasi Salang dovoni orqali Kobulga yetkazilishi lozim.

Biroq TUTAPning ilk rejasida elektr liniyasini aksar Hazora millati yashaydigan Bomiyon viloyati orqali barpo etish ko‘zda tutilgan edi.

Image copyright Ahmad Bihzad

Yirik loyihaning o‘tish yo‘li Bomiyondan Salangga o‘zgartirilgani Hazoralarni g‘azablantirgan.

15 may kuni Bomiyonning o‘zida norozilik amaliyotlari tashkil qilingan.

Ertasi kuni esa Afg‘oniston poytaxtida to‘plangan Hazoralar aytishicha, o‘zlariga nisbatan kamsitish siyosati yuritilmoqda.

Hazoralar, Tolibon hokimiyatdan ag‘darilgan 2001 yildan buyon Bomiyon viloyati taraqqiyotiga mamlakat rahbariyati e‘tibor bermay kelayapti, deydilar.

Xabar qilinishicha, TUTAP loyihasini Salang orqali o‘tkazishga Afg‘oniston yagona elektr tarmog‘ini barpo etish bois qaror qilingan.

Hozirgi paytda Afg‘onistonning 30 foizi elektr quvvati bilan ta‘minlangan va mamlakatning turli qismlari elektr energiyasini turli mamlakatlardan oladi.

G‘arbiy hududlar Eron, shimoliy viloyatlar Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistondan kelayotgan elektrdan foydalanadilar.

Bir hududda elektr taqchilligi yuzaga kelgan paytda ikkinchi hududdan osonlik bilan quvvatni yo‘naltirish imkoniyatini beradigan Afg‘oniston yagona elektr tarmog‘ini barpo etish maqsadga muvofiq, degan qarorga kelingan va shu sabab Puli Xumridan elektr uzatish liniyasini Salang dovoni orqali tortish rejasi tuzilgan.

Hazoralar esa Puli Xumridan liniyani avval Bomiyonga, so‘ng Vardak viloyatiga, so‘ng Kobulga tortishni talab qilmoqdalar.

Afg‘oniston hukumatiga ko‘ra, hozirgi reja Bomiyon va Vardakka ham elektr ta‘miniotini yaxshilaydi.

Dastlabki reja esa o‘n millionlab dollar qimmatga tushadi va qurish ko‘p vaqtni oladi.

Hozirgi rejani 2018 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Hazoralarning norozilik namoyishlari bois Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani TUTAP loyihasining yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqishga farmoyish bergan.

Biroq hozircha yakuniy qarorga kelingani yo‘q.

TUTAP bilan birga Afg‘oniston orqali CASA-1000 elektr uzatish liniyasini ham barpo etilmoqda.

12 may kuni Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari Dushanbe yaqinida CASA-1000 loyihasini boshlash tantanali marosimida qatnashdilar.

CASA-1000 loyihasi Qirg‘iziston va Tojikistondan yoz oylarida ortiqcha elektr energiyasini Afg‘oniston va Pokistonga sotish imkoniyatini berish maqsadini ko‘zlagan.

CASA-1000 loyihasini Jahon banki, Islomiy Taraqqiyot banki, AQShning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), AQSh Davlat departamenti, Buyuk Britaniya Xalqaro hamkorlik vazirligi(DFID) va Avstraliya Xalqaro Taraqqiyot agentligi(AusAID) moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring