Muhojir mer bo‘lganda...

Image copyright Getty

Mayning 5 kuni London hokimligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda Pokistondan ko‘chib kelgan oddiy avtobus haydovchisning o‘g‘li, muxolifatdagi Leyboristlar partiyasidan Sodiq Xon dunyoning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lmish London meri etib saylandi.

U asosiy raqibi Konservatorlar partiyasidagi Zak Goldsmitni ortda qoldirib, Ovro‘po Ittifoqiga kiruvchi davlat poytaxtidagi ilk musulmon hokimga aylandi.

Biz bu hodisa ortidan, taqirboshlar hujumidan qo‘rqib, metroga tushmaydigan, Federal migratsiya xizmati xodimlarining tekshir-tekshirlaridan hadiksirab shahar aylanishga ham chiqmaydigan Moskvadagi o‘zbek muhojirining o‘g‘lining bir kun kelib Moskva shahri meri etib saylanishiga qanchalik ishonasiz, degan savolni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarmizda muxlislarmizdan so‘ragan edik.

Baxrom Abdurahimovning Facebook dagi pichingga to‘la fikri quyidagicha: "BARAKALLA, B.B.S.-O‘ZBEK - OFARIN ...!!! O‘zbekiston va uning xalqining rosa dolzarb muammosini topibsizlar-da? Ushbu savol, albatta bizning hayotimiz farovon - kunlarimiz charog‘on bo‘lishiga JUDA KOTTA ahamiyat kasb etsa kerak-OOOOOVVVVV ......... ?! Qo‘pol ko‘rinmoqchi emasman-u, ammo mazkur masala, mening nazarimda ig‘voga tortadi.? Ushbu gapni eshitgan Moskvalik taqirboshlarning qanchalar junbushga kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Endi, bir bechora ahli-ayoliga bir tishlam non topish ilinjida Moskvada ish qidirib, o‘shanaqa taqirboshlarga duch kelishi va sen ch.... - b...n hali Moskvaga MER bo‘lmoqchimisan deya .... , nima bo‘lishini tasavvur qiling! Hech bo‘lmaganda bir bechoraning hayotiga zomin bo‘lib qolishdan qo‘rqing, uning norasida bolalarini boquvchisisiz qolishiga sababchi bo‘lib qolishdan qo‘rqinglar, aziz jurnalistlar !!! Erkin matbuot deya har narsani ham muammo qilish yaramaydi, axir! Agarkim, o‘zbek xalqi uchun zarracha jon kuydirishni istasangiz, xalqni qo‘rquv hissidan va mutelik qobig‘idan chiqarish va o‘z-o‘zligini anglash - o‘z-o‘zi uchun adolat uchun kurashga chorlash yo‘lida qancha masala va muammolar bijib yotibdi, aziz jurnalistlar. Agarkim, Xudo yo‘l bersa va bir o‘zbek bolasi, Moskvaga MER bo‘lib saylansa, undan keyin har qancha tabrik va quvonishga ulgiysizlar, bugun esa xolis bo‘lib savob talab bo‘lingizlar, aziz insonlar".

Belie Rozi Sodiq Xonning g‘alabasini demokratiyaga yo‘ygan: "Haqiqiy demokratiya bo‘lsa, shunday bo‘ladi".

Image copyright PA
Image caption Sodiq Xon oilasi 70-yillar boshlarida Polkistondan Londonga ko‘chib kelganlar. U oiladagi 8 farzanddan biri

Zuhra Ibragimovaning fikricha, Rossiyadagi shaharga hokim bo‘lish uchun boylik muhim rol o‘ynaydi: "Alisher Usmonovga o‘xshab boyib ketgan bo‘lsa, balkim ruslar ham ko‘sh-qo‘llab topshirishar", deya fikr qoldirgan u.

Odnoklassnik.ru sahifamizdagi fikrlar:

Shodlik Pirjanovning fikricha, bir kun kelib Moskvaga millati rus bo‘lmaganning hokim bo‘lishiga "hech qanday ishonch yo‘q". Lekin u nima uchun bu kabi ishonch yo‘qligining sabablarini keltirmagan.

Biroq MAN FROM ANDIJON anchayin xushbin fikrni aytgan: "Ha, nima, o‘zbek odammasmi? Rossiyaga kelib, o‘g‘lini o‘sha yerda o‘qitsa, nasib qilsa bo‘ladi. Rossiyada hamma hokimlar ham rus emas".

Sherzod Ergashev ham unga hamfikr, "Xudo beraman desa, Prezident ham bo‘lishi mumkin".

Sardorning firkricha esa, "O‘zbekning o‘gli Namangan viloyatini eplay olmayapti-ku, Moskvani eplarmidi. U yerda ham poraxo‘rlikni kuchaytirib yuboradi. Ilohim bo‘lmasin. Bankda naqd pul yo‘q. Na hokim, na yuqoridagi shaxslarni ishi bor. Yana lof urib, aravani o‘zini olib qochadi. Ishlar yetarli, yoshlarga ish o‘rinlari yetarli, deb bu faqat qog‘ozda. Amalda-chi, pasport oldi, Rossiya yoki Turkiyaga ketadi".

Image copyright getty
Image caption Sodiq Xonning saylovlarda asosiy raqibi Konservatorlar partiyasidan, multimillioner Zak Goldsmit edi

Anonim tahallusi ostidagi foydalanuvchi juda qamrovli fikr qoldirgan, bamisoli pamflet.

"Musulmonning bolasi Londonga hokim bo‘libdi, endi uning musulmonlarga qanchalik foydasi tegishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rish kerak. (Shu yerda negadir boltaning sopi haqidagi masal esga tushib qoldi). Muayyan maqsadga erishishning to‘g‘ri va egri yo‘llari mavjudligi hamda aynan mansab pillapoyasiga chiqishda egri yo‘llar ustuvor bo‘lgan hozirgi sharoitda aql-iste‘dod, bilim-tafakkur, keng dunyoqarash, halollik orqali yuksalishning, lavozimga ko‘tarilishning imkoniyati deyarli yo‘q. Mahalliychilik, millatchilik, korruptsiya, poraxo‘rlik, klanizm, tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik kabi illatlar jamiyatimizda tomir otib ketgan va ushbu holatlar insonning aql-idroki, tafakkuri, bilim darajasi, insoniy fazilatlariga qarab jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga hech qanday imkoniyat bermaydi. Yuqorida ta‘kidlangan illatlar Sovet davrida ham muayyan darajada mavjud edi, biroq ularning ta‘siri hozirdagidek o‘ta yuqori yoki asosiy bo‘lmagan. Sobiq Sho‘rolar zamonida iqtisodiy munosabatlar umumxalq mulkiga asoslanganligi, daromadlarning tengligi g‘oyasi ustuvor hisoblanganligi va shuningdek, mulozimlarimiz u yoki bu ishni amalga oshirganda Moskvadagi Markaziy Hukumat organlaridan hayiqqanlari sababdan insonlar ijtimoiy kelib chiqishlaridan qat‘i nazar o‘z bilimlari, aqllari, ish tajribalari ortidan mansabga erisha olardilar. Men bu bilan Sovet davrini oqlamoqchi emasman, shunchaki tarixiy haqiqatni bayon etyapman. O‘sha davrlarda masalan, xohlagan kishi ma‘lum miqdordagi pora hisobiga osonlikcha tuman partiya komitetining birinchi kotibi yoki ijroiya qo‘mitasining raisi bo‘la olmasdi. Shaxsning ish tajribasi, mutaxassisligi hamda oldingi ishlardagi faoliyati jiddiy hisobga olinardi. Ayni paytda tasodif tufayli yoki Hukumatning atayin ko‘zbo‘yamachilik uchun qilgan xatti-harakatlari o‘laroq kimlardir oddiy oilalardan mansabga ko‘tarilishi mumkin edi. Shuningdek, ba‘zi tashkilotlarda, ayniqsa Markaziy organlar, vazirliklarda aql-idrok, bilim talab etiladigan ishlarni qilishga to‘g‘ri keladi va ushbu vaziyatda shunga mos keluvchi insonlarga mansab beriladi, ularning qobiliyatlaridan maksimal foydalanishardi, biroq real olganda bu insonlar hech narsani hal qila olmaydilar hamda o‘rni kelganda biron masala yuzasidan tanqidiy fikr beradigan bo‘lsalar o‘sha kuni lavozimlaridan chetlashtiradilar. Hayotimizning barcha qirralari to‘lig‘icha nazorat ostiga olinganligiga qaramasdan, asosan noloyiq insonlarning mansabga ko‘tarilayotganlari hayratlanarlidir. Bir oddiy inson sifatida qayerdadir muayyan ijtimoiy-iqtisodiy muammo haqida xolis tanqidiy fikr bildirsangiz, o‘sha kunning o‘zida qora ro‘yxatga tushib qolasiz, ammo hamma qilayotgan faoliyati qing‘ir-qiyshiq ishlardan iborat bo‘lganlar osonlikcha mansab pillapoyasiga ko‘tarilib borishlari hech nazarga ilinmay qolinishi kishini taajjubga soladi va achinarlisi shundaki, xolis tanqid qilgan kishi Vatan xoini va ikkinchisi esa vatanparvar inson sifatida talqin etiladi.

Toki, haqiqiy ilm-fanga suyanmas ekanmiz hech qachon buyuk davlat qura olmasligimizni anglab yetmog‘imiz darkor deb o‘ylayman.

Anonim foydalanuvchining fikri ba‘zi tahrir va qisqartishlar bilan berildi.

Muxlislarmiz fikrlari bilan to‘liq va batafsil tanishmoqchi bo‘lsangiz ijtimoiy tarmoqlardagi BBB Uzbek ka obuna bo‘ling.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring